Asosiy mavzular
27 sentyabr 2023

O‘zbekiston rasmiylari odam o‘g‘irlash va garov talab qilish jinoyatiga aloqadormi?

Adliya tizimi va qonunlar ishlamay qo‘ysa, davlat qaroqchi va talonchilar to‘dasiga aylanadi. Bu aqlli gapni bir ming yettiyuz yil oldin Jazoirda yashagan faylasuf Avreliy Avgustin aytgan.

Boy odamni o‘g‘irlab, ovloq joyga oborib qamab, uning yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib, “million dollar bersang ozod qilamiz” degan sahnalarni oldin chet elda ishlangan detektiv filmlarda ko‘rardik.

Bunday jinoyat qonunlar ishlamaydigan, politsiya jinoyat olamiga to‘la bo‘ysunadigan Kolumbiya botqoqlari yoki Janubiy Afrika changalzorlarida yuz beradi, deya ishonardik.

Eltuz jurnalistlari so‘nggi 10 kun davomida surishtiruv o‘tkazgan hodisada O‘zbekiston huquq tartibot organlari Turkiya vatandoshini o‘g‘irlab, pul talab qilgan xalqaro jinoiy to‘da bilan sheriklik qilgani faktlari yuzaga chiqdi.

Ko‘rganiimiz kinolarda o‘g‘irlangan odamni saqlash uchun tog‘u toshlardagi ovloq joylar tanlanadi. Qirg‘izistonda turk tadbirkorini o‘g‘irlab yaqinlaridan pul sog‘moqchi bo‘lgan jinoyatchilar uchun O‘zbekiston Ichki Ishlar vazirligi izoyatori garovga olingan tadbirkorni saqlash uchun eng ma'qul joy o‘laroq tanlandi. Iddaoga ko‘ra, Toshkentdagi IIB xodimlari Qirg‘izistondagi odam o‘g‘rilari bilan jinoiy sherik bo‘lgan.

O‘zbekiston huquq tartibot organlari, xususan Ichki ishlar vazirligi xodimlari Turkiya vatandoshini o‘g‘irlashda qay tarzda ishtirok etdi?

Bu savol javobini topishdan oldin voqea tafsilotlarini bayon qilsam. 2023 yilning 21 iyulida Turkiyaning Istanbul shahar Bosh prokuraturasining bosh ofisiga Turkiya vatandoshi Abubakr Xoqoniy murojaat qiladi. Eltuz muxbirlari ko‘rib tanishgan shikoyatda yozilishicha, uning ukasi 32 yashar Holid Hoqoniy Qirg‘izistonda o‘g‘irlangan va majburan O‘zbekistonga olib borilgan. Maqsad uning yaqinlaridan katta pul undirish bo‘lgan.

Oldiniga bir million talab qilishgan va keyinroq bu summa to‘rt million dollarga qadar yuksalgan. Bu shikoyat asosida Turkiya huquq tartibot organlari surishtiruv boshladi. Eltuz muxbirlari tanishgan hujjatlar va o‘g‘irlangan tadbirkor Holid Hoqoniy yaqinlari hikoyalari asosida sodir bo‘lgan jinoyat pazllarini bir joyga yig‘ib, manzarani to‘la tasvirlashga harakat qilamiz.

Odam o‘g‘rilarining Turkiyadagi hamkori Zubayr Qoshg‘oriy

2023 yil 25 iyun. Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridagi Manas xalqaro aeroporti. 32 yashar Turkiya vatandoshi Holid Hoqoniy Istanbulga uchayotan uchoqqa chiqish uchun talonni olib yo‘lak bo‘ylab yurmoqda. U chegaradan o‘tayotgan paytda politsiya to‘xtatib “siz bilan manavi odamlar gaplashmoqchi” deb, aeroport tashqarisidagi grajdan kiyimidagi odamlar qo‘liga topshiradi. Bu shubhali odamlar Turkiya vatandoshi qo‘lidan telefon va pasportini kuch ishlatib, majburan olib qo‘yishadi.

Eltuzdagi ma'lumotga ko‘ra, pasport va telefonni olib qo‘ygan kishining ismi Abdulloh bo‘lgan. Keyin Holidni mashinaga tiqib, aeroport yaqinidagi benzin zapravkasiga olib borishadi.

U yerda boshqa mashina kutib turgan edi. O‘g‘irlangan turk vatandoshini o‘sha mashinaga o‘tqazib, navbatdagi benzokolonkaga olib borishadi.

U yerda mashinaga O‘zbekiston vatandoshi Baxtiyor Ametov chiqib oladi. Shundan keyin mashina Bishkek atrofidagi xususiy xonadonlardan biri oldida to‘xtaydi. Holid Hoqoniy ko‘zlarini bog‘lab, majburan shu uyga obkirib, qamab qo‘yishadi.

Shundan keyin o‘g‘irlangan turk vatandoshining Istanbuldagi akasiga o‘zini Zubayr Qashqariy deb tanishtirgan O‘zbekiston va ayni paytda Turkiya vatandoshi bo‘lgan kimsa telefon qiladi: “Ukang bizning qo‘limizda. U bizdan qarzdor. Million dollar olib kelsang uni sog‘ salim senga topshiramiz. Aks xolda uni qaytib ko‘rmaysan” deb talab qo‘yadi.

Bu ultimativ suhbatga Muhammad ismli yana bir tip ham qo‘shiladi. O‘g‘irlangan Holidning akasi odam o‘g‘rilaridan inisi bilan aloqa bog‘lashni so‘raydi.

O‘g‘rilar qo‘lidagi uka: “Men bu odamlarni tanimayman. Ulardan qarzim yo‘q. Meni o‘g‘irlashdi” deya telefonda qisqa messedj berishga ulguradi.

Afsuski, aksar shunday xolatlarda bo‘lgani kabi, o‘g‘irlangan turk vatandoshining akasi Abubakr va xotini Jamila politsiyaga murojaat qilmaydi. Ukani qutqarish uchun zarur summani barcha qarindosh, tanishlar bir oraga kelib yig‘a boshlashadi. Aka 300 ming dollar summani yig‘ib jinoyatchilarga yetkazadi. Lekin bu pulni olgan odam o‘g‘rilari turk vatandoshini ozod qilishga shoshilmaydi. Aksincha, garovdagi odam ozodligi uchun to‘lov summasini oshirishadi.

“Endi bir yarim million bersang akangni olib ketasan” deyiladi. Bu bir yarim million dollardan tashqari o‘g‘irlangan turk vatandoshi egalik qiladigan Qirg‘izistondagi lavr bargidan ziravor ishlab chiqaradigan zavodni ham o‘g‘rilar nomiga o‘tqazib berish talab qilinadi.

Shu tariqa Turkiya vatandoshi 8 kun Bishkek yaqinidagi “xonadon qamog‘ida” qoladi.

Turkiya tergov surishtiruv organlarining aniqlashicha, 2023 yilning 29 iyunida jinoyatchilar o‘g‘irlagan turk vatandoshi aylanma yo‘llar bilan Toshkentga olib kelinadi.

O‘g‘irlangan turkning akasiga ko‘ra, Bishkekdagi jinoyatchilar o‘g‘irlagan Holid Hoqoniyni O‘zbekiston vatandoshi Baxtiyor Ametov majburan O‘zbekistonga olib kelgan. Bishkekning Manas aeroportida o‘g‘irlanib, shubhali tarzda Toshkentga keltirilgan turk vatandoshi 1991 yil tug‘ilgan Holid Hoqoniyni Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hibsga oladi.

Bu haqda Holidning akasi Abubakr Hoqoniy va xotini Jamila Hoqoniy Istanbul prokuratura xodimlariga so‘zlab berdi.

Istanbul jumhuriyat Bosh prokuraturasi Turkiya vatandoshini pul talab qilib o‘g‘irlangani bilan bog‘liq xodisa yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

Eltuz ko‘rgan hujjatlarda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga xodisa yuzasidan so‘rov xati yuborgani aniqlashadi. Ammo maqola yozilayotgan 22 sentyabr holatida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligidan hanuz javob kelmagan edi.

Bundan oldin o‘g‘irlangan turk vatandoshining xotini O‘zbekistonda advokat yolladi. Advokatning aniqlashicha, Bishkekda o‘g‘irlangan turk vatandoshi Holid Hoqoniy 21 avgustdan boshlab xalq orasida «Toshturma» deyiladigan, rasman tergov izolyatori deb yuritiladigan o‘zbek qamog‘ida qolmoqda.

Baxtiyor Ametov

Demak, turk vatandoshi Bishkekda o‘g‘irlanganidan ikki oy o‘tib, Toshkent qamog‘ining rasman mahbusiga aylangan. Advokatga ko‘ra, turk vatandoshi Holid Hoqoniy uni o‘g‘irlashda ishtirok etgan O‘zbekiston vatandoshi Baxtiyor Ametov shikoyatiga ko‘ra qamoqqa olingan. Ametovning shikoyatida yozilishicha, u o‘g‘irlangan turk vatandoshining hisob raqamiga kriptovalyuta orqali to‘rt yarim million AQSh dollarini Xitoy Xalq Respublikasi vatandoshi plastik kartasiga o‘tkazib berish sharti bilan to‘lagan. Ammo qandaydir muammo yuz bergan.

Ametov turk vatandoshini virtual moliya sohasidagi firibgarlikda ayblayapti. Ametov o‘z shikoyat arizasida bu pullar o‘ziniki ekanligini iddao qilgan. Ammo Eltuz ko‘rgan hujjatlarda 4.5 million dollar Ametovning kriptovalyuta “cho‘ntagidan” to‘lanmagani aks etgan. Ametov boshqa birovning “cho‘ntagidagi “ pulni o‘tkazib bergan.

Ametovning iddaosiga ko‘ra¸ bu pul uning Xitoydagi biznes partnyorlariga atalgan edi.

Savol: Nega Ametov o‘zining Xitoydagi biznes partnyorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z “cho‘ntagidan” pul to‘lamadi?

Nega uning qo‘li boshqa cho‘ntaklarda?

Bu savol balki Toshkentdagi tergovchilarni ham boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygan bo‘lsa ne ajab.

Eltuz muxbirini qiziqtirgan savol adresati Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi, ya'ni GUVD rahbarlariga atalgan savol:

Qanday qilib va nima asosda turk vatandoshi qamalgan? Ametov ko‘rsatgan skrinlarda tranzaktsiyalar boshqa odamdan boshqa odamga o‘tkan. Rasman Ametovning bu tranzaktsiya pul o‘tkazishlariga aloqasi yo‘q. Yuridik fakultetning ikkinchi kursida o‘qiydigan student bilishi zarur bo‘lgan tushuncha bu. Ammo negadir kosmik tezlikda GUVD jinoyat ishi ochayapti. Toshkent shahar prokuraturasi bu “jinoyat ishi”ni olqishladi. Sudya esa Bishkekdan o‘g‘irlab kelingan turk vatandoshini qamash uchun sanktsiya berdi. Bu tezkorlik va “chaqqonlik” fonida O‘zbekistonda shundoq yaqqol ko‘rinib turgan yuzlab jinoyatlar ochilmay qolmoqda yoki “tarkibida jinoyat yo‘q” deya yopib tashlanmoqda.

O‘n kun mobaynida Eltuz o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv natijasi o‘laroq ba'zi jihatlar oydinlashdi.

Zubayr Qashqariy ismli shaxs va Baxtiyor Ametov katta miqdordagi pul yuvish bo‘yicha soyadagi finans doiralarga xizmat ko‘rsatadigan jinoiiy to‘da a'zolari deya ishoniladi.

Eltuz ko‘rgan hujjatlarga ko‘ra, sxema mana bunday: Biz aniq bilmagan, ammo kimligini faqat taxmin qilishimiz mumkin bo‘lgan moliyachi to‘daning legal bo‘lmagan pullari kriptovalyutaga o‘tkazilib, u qopchiqdan bu qopchiqqa ko‘chib yuradi. Sal o‘tib kriptovalyuta Xitoy yuaniga o‘giriladi va oxirida real dollarga aylanadi.

Nega shuni legal qilishmaydi? Javob oddiy. Bu bank operatsiyasi legal qilinsa, valyuta almashish kurslari bois katta marja chiqmaydi. Qora bozorda yuanni arzon sotib olsa bo‘ladi, ammo bu holatda Xitoy moliya politsiyasi qo‘liga tushib qolish hech gap emas.

Ko‘p holatda Xitoy mulozimlari shubhali pul o‘tkazilayotgan kartalarni bloklashadi va karta egasini qamoqqa olishi ham mumin.

Bu oqibatlardan qochish uchun “begona odamlarni” pul o‘tkazish uchun yollashadi. Ish o‘xshamay qolsa, shantaj “sotib olingan mulozimlar” ko‘magida odam o‘g‘irlash kabi beldan past priyomlarga ham o‘tishadi.

Masalan, bugungi hikoyamiz qahramoni Holid Hoqoniyning Qirg‘izistondagi ziravor ishlab chiqarish zavodini qo‘lga kiritish uchun ulkan jinoyat zanjiri yaratilgani o‘rtaga chiqdi. Bu jinoyat zanjirida Toshkent Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi ham xalqa o‘laroq ishtirok etayotgani yuzasidan O‘zbekiston mulozimlariga savollarimiz bor.

Qirg‘izistonda esa allaqachon bu taxlit jinoyatlar davlat mulozimlari va kriminal guruhlarning bir-biriga ashir nashir bo‘lib, chatishib ketishi ortidan potokka qo‘yilgan.

Lavha boshida iqtibos keltirganimiz, jazoirlik faylasuf aytgani kabi Qirg‘izistonda “davlat qaroqchilar to‘dasiga aylangan”.

Ammo «Yangi O‘zbekiston»da bu kabi jinoiy guruhlarga qarshi kurash mavjudligini ham e'tirof etish kerak.

14 avgust kuni Eltuz telegramm kanalida odam o‘g‘rilaridan biri GUVD tarafidan ushlangan paytda o‘lib qolgani haqida yozgan edik.

U o‘zi o‘ldimi yoki ortiqcha gapirib qo‘ymasligi uchun o‘lishiga yordam berib yuborildimi? Buni bilmaymiz.

Bilgan narsamiz shuki, qo‘shni davlatda o‘g‘irlangan turk vatandoshi O‘zbekiston qamog‘ida ushlab turilibdi? Buning ortida qaysi general turganini ham bilmaymiz. Bunday holatlarda jabrlanuvchilarning yaqinlari “Mirziyoev adminstratsiyasi qaerga qarayapti, nega O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi sukutda?” deya nolishmoqda.

Eng yomoni esa – “O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Markaziy Osiyodagi kriminal dunyo qo‘lidagi o‘yinchoqqa aylandi” degan tamg‘a.

Bu O‘zbekiston imidjiga o‘ta salbiy ta'sir ko‘rsatadigan bilgi. Investorlarni hurkitadigan taxlika.

Karimov davrida qurilgan muammoli Ichki ishlar tizimining reformaga muhtojligini keyingi bir necha oyda chiqqan habarlar ko‘rsatib turibdi.

Eltuz o‘z maqolasida keltirilgan fakt va iddaolar borasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligidan izoh kutadi. Ularga beradigan savolimiz oddiy: “Bishkekda o‘g‘irlangan turk tadbirkori Holid Hoqoni nega Toshkent qamog‘ida o‘tiribdi?”

So‘z navbati O‘zbekiston mulozimlarida.

Video: https://youtu.be/zx8eO7AYTjw?si=YXF6zYz25IvFbF66

Tag‘in o‘qing
14 oktyabr 2022
O‘zbekistonda birinchi zamonaviy kasaba uyushmasi bir yil avval tashkil etilgan bo‘lsa-da, u duch kelgan muammolar mehnat huquqlari qanchalik keng ...
8 aprel 2020
17 yildan buyon Britaniyada istiqomat qilayotgan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori¸ professor¸ agrokimyogar, tuproqshunos olim Ahmadjon Xorazmiy (Ahmad Hasanov) 5 ...
15 dekabr 2017
14 dekabr kuni HRW tadqiqotchisi Stiv Sverdlov O‘zbekistondagi rasmiy matbuotning ikkiyuzlamachiligi haqida maqola chop qildi. Podrobno.uz saytida 5 dekabrda ...
10 may 2016
Bugun avtomobil janjali markazida qolayotgan Ulug‘bek (Bosh vazir o‘rinbosari) bilan bir muddat O‘zbekiston milliy bankida birga ishlaganim bois Eltuz.com ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...