Asosiy mavzular
28 oktyabr 2024

Senat raisi va Bosh vazir ishni pora olishdan boshlagan

Siyosat bilan shug‘ullangan har bir shaxs u bosh vazir bo‘ladimi yoki senat raisi xuddi shisha idish ichida yalang‘och o‘tirgan kabi shaffof bo‘lishga majbur. Oddiy odam uchun kechirsa bo‘ladigan kamchiliklari va qachondir qilgan ishlariga ham javob berishi kerak. Ayniqsa saylov davrida bu arxi muhim.  
16 oktyabrdan boshlab O‘zbekiston va chet eldagi saylov uchastkalarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga deputatlar saylovi bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. U 23 oktyabrgacha davom etadi. Saylovlar 27 oktyabr kuniga belgilangan.
Saylov natijalariga qarab, hukumat tarkibi ko‘rib chiqiladi. Matbuot nashri o‘laroq, joriy hukumatning sodiq va sobiq mulozimlarini elakdan o‘tkazish ham siyosiy jarayonning bir qismi.
O‘zbek mulozimlari yuziga oyna tutishdan oldin siyosat haqida gapirsam.  

Mitinglar suroni

O‘tgan asrning saksoninchi yillar oxirida O‘zbekistonda ommaviy mitinglar bo‘lganini ko‘rgan va bu mitinglarni tashkil qilishda qatnashgan qadimiy dinozavr kabi odamman.  
O‘sha paytda siyosatchilar bochka ustiga chiqib, qo‘lida ovoz kuchaytirgichli karnayni ushlab, xalq oldida va'z qilardi.  
 Mabodo siyosatchi odamlarni o‘ziga rom qila olmasa, hushtak chalishib, minbardan tushirib yuborishardi.  
Buning nomini pablik siyosat, deyiladi. O‘z vaqtida Shukrillo Mirsaidov, Shuhrat Nusratov, Erkin A'zam, Mirzo Kenjabek, Abdurahim Po‘latov va, albatta, Muhammad Solihday zabardast siyosatchilarning xalq oldida va'z qilganini ko‘rganman.
Karimovning Namangandagi mullalar oldida qilgan chiqishini ham eslayman. Karimov o‘shanda Tohir Yo‘ldoshni ikki yurish bilan mot qilib qo‘ygan edi.
Keyin o‘tgan 33 yil ichida bunday chiqish bo‘lmadi. 2005 yilning 13 mayida Andijonning Bobur maydoniga yig‘ilganlar prezident Karimov kelib, bizning oldimizda va'z irod etadi, deb umid qilishgan edi. Ammo Karimov ularga qarata zambarakdan o‘q uzdi.
Xalq tinchidi-qoldi. Mirziyoev davriga kelib, molidan ajragan, uyi buzilganlar dod-voyi eshitila boshladi.  
Asnoda oldin tilsiz, zabonsiz bo‘lgan mulozimlarning nutq madaniyatini baholash imkoni paydo bo‘ldi.  
Joriy yil avgustida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning  o‘zbek sportchilarning Parij-2024 yozgi olimpiadasida yanada ko‘p medallarni qo‘lga kiritmaganiga «erkak bolalarning ayollarning kiyimini kiyib chiqqani» sabab bo‘lgani haqidagi avom kabi aljirashi mutoibaga sabab bo‘lgandi.  

Kreml karnaychisi

Bundan 4 yil oldin So‘x eksklavida janjal chiqdi. Olomon Farg‘ona hokimi G‘anievni toshbo‘ron qilib haydadi. Ertasiga bosh vazir Abdulla Aripov qo‘llarini qanot kabi yozib xalq ichiga yurganini eslaysizmi?
Cho‘lponning she'ridagi kabi: “Quchoq ochib xalq ichiga yuraylik, Butun kuchni xalq ichidan olaylik”.
Ammo shaklan go‘zal ko‘ringan bu chiqish O‘zbekiston Rossiya vassali bo‘lishining eski shahar shevasidagi reklamasi bo‘lib chiqqan edi.  
Bosh vazir Aripov So‘x tumanida chiqish qilib, So‘x-Rishton yo‘lini yopishni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talab qilganligini aytdi. Bu nima, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining reklamasimi? Bu Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining biz bilmagan yana qanaqa talablari bor?
Aripov o‘z so‘ziga muhtaram prezidentmiz, deya ibora qo‘shsa ham, amalda Mirziyoevning siyosati tugab, Aripovniki boshlangani kabi manzara ko‘rindi.
– Muhtaram prezidentimiz boshqa mamlakatla bilan, mana ko‘rvosila, hozir Rossiya mamlakati bilan xuddi shunaqengi hamkorlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yaptila. Xabarila bomi bundan? Keremi bizzaga?
Xalq yo‘q-yo‘o‘q, desa, Aripov albatta kere, deb karnaydan baqirdi.
Kimdir chiqib, “So‘xdagi muammoni yechsa, Mirziyoevning patinkasini yalayman, dedi. Ammo muammoning yechiladigan siyog‘i yo‘q. Botinkani yalash Toshkentdagi maddohlardan ortmasa ham kerak.
Bunday qarasang, urushga ham o‘xshaydi. Kaska kiygan, qalqon ko‘targan askarlar. Tosh otayotgan xalq. Aslida urush ham siyosatning davomi.
200 yil oldin nemis harbiy faylasufi Karl fon Klauzevits: “Urush – bu siyosatning davomidir. Bundan buyog‘iga vositalar o‘zgaradi, xolos”, degan edi.

Liderning to‘daboshidan farqi

Rossiyaning har qanday vosita bilan bo‘lsa ham o‘zlari hukumat ichiga sizdirgan mulozimlar qo‘li bilan mustaqil davlatni nazorat ostida ushlab turgani bu o‘sha o‘zgargan vositalarga misol. O‘tkan ko‘rsatuvlarimizda Rossiya manfaatlarining O‘zbekistondagi himoyachisi Baxtiyor Fozilov haqida gaplashgan edik.
Kreml boquvidagi oligarxlarning mustaqil davlatlarni kontrol qilishi milliy xavfsizlikka jiddiy xatardir.  
Kelayotgan xafta sobiq sovet respublikalaridan biri bo‘lgan Gruziya o‘z yelkasidan kremlparast tujjorni ontarib tashlash uchun maydonlarni to‘ldirdi.  
Kremlparast milliarder Bidzina Ivanoshvili boshchiligidagi 12 yildan beri hokimiyatda qolayotgan «Gruziya orzusi» partiyasi saylovchilarning oshkora nafrati bilan yuzma yuz qolmoqda.  Gruziya demokratik G‘arb va bosqinchi avtoritar Rossiyaga tobelik  o‘rtasida tanlov qilmoqchi.
Shaklan sokin bo‘lsada O‘zbekiston ham doimo shu tanlov bilan yuzma yuz. Kremlparast milliarder Bidzina Ivanishvili oshkora o‘risparastlikni ilgari surayottan bo‘lsa O‘zbekiston hukumati ichiga sizgan Rossiya troya otlari mamlakatni yashirincha Rossiyaga qaram qilmoqda.  
AQShning 26 inchi prezidenti Teodor Ruzveltdan to‘daboshi bilan lider o‘rtasidagi farqni so‘rashganida u “Lider ochiqchasiga xalqqa yo‘lboshlovchi bo‘ladi to‘daboshi esa yashirincha ko‘rpa tagida ish qiladi. Lider yo‘l ko‘rsatadi. To‘daboshi esa xalqni qo‘raga qamaydi” degan edi.  
Eltuz bugun O‘zbekistonning eng katta rahbarlik mansabigacha o‘rmalab chiqqan ikki rahbar misolida to‘daboshilarning ko‘rpa tagidagi qilmishlaridan o‘zi guvoh bo‘lgan qirralarini  hikoya qiladi.
Senat raisi O‘zbekiston konstitutsiyasiga ko‘ra, prezidentdan keyin ikkinchi asosiy rahbar hisoblanadi. Prezident o‘lsa yoki o‘sal bo‘lib boshqarolmay qolsa raxbarlik senat raisiga o‘tadi.

Erkin so‘z – qoraygan lakmus qog‘ozi kabi

2006-2015 yillarda Oliy Majlis Senati raisi sifatida faoliyat olib borgan. Keyin esa Xorazm viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimi va tuman sud raisi lavozimlarida ishlagan Ilgizar Sobirovni endi hizmat pillapoyalaridan yuqorilayotgan paytidan beri taniyman.
1999 yil oxirida men Bosh muharrir bo‘lgan  mustaqil TV ALSni tug‘ma ovsar zamhokim Botir Rahimov tarafidan qonunga zid o‘laroq yopish majlisida o‘sha paytda viloyat adliyasida ishlagan Ilgizar Sobirov “dobro” bergan edi. TV ALS tugatilgani  ortidan Xorazmda “Erkin so‘z” tashkilotini tuzganimda o‘sha paytda Xorazm viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Ilgizar Sobirov mendan pora talab qilgan. Men bu porani konvetrtga solib unga berganman.  
Voqea 2000 yilning yoz oylarida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda Xorazm viloyatidagi ommaviy axborot vositalarida ishlagan 16 nafar jurnalist, huquqshunos va faollar ishtirokida «Erkin So‘z» tashkiloti nizomini ishlab chiqqan, uni nodavlat tashkilot sifatida adliya idorasidan ro‘yhatga oldirish uchun astoydil harakat boshlagandim.  Tashkilot nizomi yuristlar tomonidan ancha mukammal ishlangan, uning 16 nafar a'zolari va boshqaruv hay'atiga kiritilgan shaxslar imzosi notarius tomonidan tasdiqlangan edi. Shunga qaramay hamkasblarim ro‘yxatga olish masalasi porasiz bitmasligiga sha'ma qilishdi.
O‘sha paytda Ilgizar Sobirov Xorazm viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida edi. Men 50 dollar solingan konvert va nizom hujjatlari pani ko‘tarib uning kabinetiga kirdim.
Oldin nizomni tutqazdim va izidan tezgina konvertniyam uzatdim. «Bu arzimas pul o‘zingizning harajatlaringiz uchun» Adliya mulozimining odatda tun va o‘zgarmas qiyofasi sal yorishganday bo‘ldi. Hali harajatlar ko‘p bo‘lishiga sha'ma qildi. Keyin otamning sog‘lig‘ini so‘radi. Tanigan bilgan yaqin qarindoshlarimizni ham eslatdi. Hafta oxirida yig‘ilish bo‘lishi va albatta tashkilotning ro‘yxatga olinishini va'da qildi.
Lekin xafta o‘tib ham ish oldinga siljimadi. 50 dan ziyod nodavlat tashkilotlari turibdi ro‘yxatda. Agar Ilgizar aka hujjatlarni qabul qilib olgan bo‘lsa albatta bitadi deyishdi qabulxonadagilar.

Taxminan bir oy o‘tgach ham ish oldinga yurmadi. Aksincha, tashkilotimiz a'zolari orasida shivir-shivir gap ko‘paydi. Avvaliga «Xorazm Haqiqati» gazetasida ishlaydigan ikki jurnalist Milliy havfsizlik idorasidan bosim bo‘lgani va a'zolikdan chiqarishimni iltimos qilib keldi. Men idora hali ro‘yxatga olinmagani, faqat hujjatlar topshirilganini aytib ularni tinchlantirdim.
Keyinchalik, barcha a'zolarimizni birma bir Milliy havfsizlik idorasiga chaqirishgan va imzoim soxtalashtirilgan degan mazmunda tilxat olishgani o‘rtaga chiqdi.  Asnoda meni Adliya boshqarmasidagi yig‘ilishga chaqirishdi. Menga imzolar qalbakilashtirilgani bois arizam rad etilganini bildirishdi.
O‘sha kuni g‘azabimning chegarasi yo‘q edi. Men rasman o‘tkazilgan a'zolar yig‘ilishi videotasvirga olingani, ularning imzosi notarius orqali rasmiylashtirilganini eslatsam ham foydasi bo‘lmadi.
«Sen vaziyat qanchalik jiddiy ekanini bilmayapsan. Nafaqat seni va tashkiloting a'zolarini, balki o‘sha notarial kontoradagi sheriklaringni ham qamashadi» deya po‘pisa qildi va ustimdan yozib bergan sheriklarim arizasini ko‘rsatdi Sobirov.
Bir tomondan «Erkin so‘z» tashkilotining ro‘yxatga olinmagani O‘zbekistonda aslida so‘z erkinligining yo‘qligi isboti bo‘ldi. Bizning uni ro‘yxatga oldirish uchun bergan arizamiz lakmus qog‘ozi kabi natija berdi. Hatto pora evaziga ham «Erkin so‘z» ro‘yxatga olinmadi.  

Mansabga loyiq pora – poraga loyiq mansab

Ellik dollar bilan 500 dollarning farqi ulardagi nollarning sonida. O‘zbek mulozimlari mansab pillapoyalaridan yuqorilab borar ekan, ular oladigan pora summasidagi nollar soni ham oshib boravaradi.
Chet el mobil aloqa operatorlarini O‘zbekistonga kiritish uchun o‘z vaqtida Gulnora Karimova sakkiz yuz million dollar pora olgan. Karimov o‘z qizini buning uchun qamadi. 2012 yil kuzida bu sohani nazorat qilgan Abdulla Aripov ustidan ham jinoyat ishi ochilib ishdan quvilgan edi.
 Man aytmoqchi bo‘lganim bundan ham oldin, hali daraxtlar katta bo‘lgan davrda yuz bergan.  
Bu fosh qiluvchi fakt haqida Aripov Bosh vazir qilib tayinlangan 2016 yilning 12 dekabrida yozgandim, ammo yangi odamga shans beraylik, eski gaplarni eslamaylik degan andisha bilan bu maqolani g‘aladonga solib qo‘yuvdim.  
Biroq Bosh vazir Abdulla Aripov o‘z qudasi Alisher Xo‘jaevni MTRK ga rais qilib tayinlagani unga va u tamsil qilgan hukumatga nisbatan barcha ishonch kreditlarini yo‘qqa chiqargani va Aripovning Rossiya surnayiga oshkora o‘ynay boshlagani sabab bu faktni oshkor qilishga qaror berdim.  
Mana qo‘limda Mana qo‘limda 1998 yilning 8 oktyabrida «Ey El Si» Telekompaniyasi faoliyati uchun olingan 0000027 raqamli litsenziya. Buni olish joriy Bosh vazir  Abdulla Aripov shaxsi bilan bog‘liq.
Demak, 1998 yil men Urganchdagi «Ey El Si» telekompaniyasida bosh muharrir bo‘lib ishlar edim. Biz olgan litsenziyaning muddati tugashiga to‘rt yil bor edi. Ammo, o‘sha yili O‘zbekiston hukumati barcha mustaqil TV lar qaytadan litsenziya olsin deb qaror chiqardi.
TV ALS Bosh direktori barcha hujjatlarni yig‘ib, o‘sha paytda Pochta va telekomunikatsiyalar agentligi deb ataladigan Oloy bozori yonidagi binoga bordi.
Agentlikning yuridik xizmat bo‘limi boshlig‘i hujjatlar tahlamining ustiga “Ey El Si telekompaniyasining hujjatlari qonunga zid emas” deb yozilgan qog‘ozni yopishtirib berdi. Keyin direktorga yuzlanib, «Bosh buxgalterga uchrang» dedi.
Buxgalter TV ALS direktorini yaxshi kutib oldi va «Aripovni xursand qilmasangiz ishingiz bitmaydi», dedi. Buxgalter Xorazmdagi 8-nchi kanalda ishlaydigan TV litsenziyasini olish uchun Aripovga beriladigan sovg‘a limitini belgilab berdi.
Bir qop avangard navli Xorazm guruchi (50 kilo) Futbol o‘ynaganda kiyiladigan butsi (NIKE brendli original) va 500 AQSh dollari.
«Aks xolda litsenziyasiz ishlagan har kuningiz uchun sanktsiya qo‘llasak, bundan ham ko‘pga tushasiz», dedi do‘stona ohangda buxgalter. Gap orasida, «pulni juma kuni bersangiz, chunki shanbada Aripov Parijga uchib ketyapti komandirovkaga» deb vaziyatni aniqlashtirdi.
TV ALS direktori  dushanba kungi kechki uchoq bilan Urganchga qaytdi. Naqd dollar yo‘q edi, shu bois qora bozor kursi bilan 500 AQSh dollari sotib olsa bo‘ladigan so‘mlarni xo‘jalik sumkasiga soldik.

TV ALS direktori yonida butsi va yana bir qop guruch bilan yo‘lga tushdi. Aeroportdan taksi olib to‘g‘ri agentlikka bordi. Kiraverishdagi militsiya turadigan joydan buxgalterga telefon qildi. Xullas, qo‘riq xizmatidagi militsiya xodimi bilan guruch to‘ldirilgan qopni ko‘tarishib, tepa qavatga Aripovning xonasiga chiqildi.
Aripov tabassum bilan TV ALS direktorini  kutib oldi. Qopni ochib, guruchni qo‘liga olib ko‘rdi. “Avangard gurucha tochniy?” deb savolomuz replika tashladi. Buxgalter bo‘lsa, «men kafilman» deb gap qotdi. Navbat butsiga keldi. Aripov butsini yaxshilab u yoq buyog‘ini ko‘rdi. Haqiqiy ekan, deb hulosa chiqarib qutiga qayta solib qo‘ydi.
Navbat pulga kelganida direktor unga so‘m to‘la xo‘jalik sumkasini tutqazdi. Buxgalter bosh chayqab, buni dollarga almashtirish kerak dedi. Hushmuomala Aripov otalarcha yo‘l ko‘rsatib, Oloy bozorida chimchi sotayotgan koreys ayol adresini berdi. “O‘sha ayol ishonchli, faqat yili eski bo‘lmasin” dedi.
Chimchi sotadigan ayol bir sumka so‘m evaziga besh dona yuztalik dollarni direktor qo‘liga tutqazdi. Yana agentlikka qaytildi  Agentlikdagi kabinetida Aripov kutib o‘tirgan ekan.  
Hafsala bilan pulni olib silab ham ko‘rdi. Qalbaki bo‘lmasin deya. Keyin TV direktoriga qo‘l berib ishingizga omad deb muvaffaqiyat tiladi.
Tashqariga chiqildi. Bir pasdan keyin buxgalter orqadan yetib kelib Aripov imzo chekkan litsenziyani direktor  qo‘liga tutqazdi. 1998 yilning 8 oktyabrida berilgan bu litsenziya bir yil muddatga edi. “Bir yildan keyin yana salomga kelasiz, Xorazmni guruchiga o‘rgangan odam boshqa guruchni yeya olmaydi” dedi buxgalter.

Bir yildan keyin men rahbarlik qiladigan telekanal saylovlar arafasida siyosiy sabablar bois yopildi. Bu ayri hikoya.
Aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, bugun O‘zbekiston hukumati boshida turgan odam Abdulla Nig‘matovich Aripov – poraxo‘r va ta'magirdir. Buni men har qanday mahkamada guvoh sifatida ayta olaman.
Gapimni buyuk yozuvchi Djordj Oruellning mana bu gapi bilan tugatsam.  
“Dunyodagi inson va hayvonga xos barcha illatlarni siz har qanday boshliq tanasida mujassam bo‘lganiga ishonch xosil qilish uchun uning biografiyasini o‘qib ko‘rish kifoya”

Kanalimizni kuzatib boring. Videolarimizga izoh yozing, obuna bo‘ling. 

Eltuz – O‘zbekiston va o‘zbeklarning siyosiy kayfiyatini aks ettiradigan maydon. Kanal homiysi bo‘ling va siz eksklyuziv bonuslarga ega bo‘lasiz. Batafsil ma'lumot:    / @eltuz  
Tag‘in o‘qing
25 avgust 2023
Yana xafta girr aylandi. Siz bilan yuzma yuz, betma betman.  MS: Nichiksizla, xo‘jik birra oybikalar. Shobbozdayi kadilara salom! RT: ...
23 mart 2018
Prezident Mirziyoevning Samarqandga tashrifi oldidan yo‘l chekkalariga o‘rnatilgan issiqxonalar rasmlari va videotasvirlari ijtimoiy tarmoqda tarqaldi. Xo‘jako‘rsinga qurilgan issiqxonalarning ichi ...
10 oktyabr 2023
Salom qadrli muhlislar, eltuz portaliga kelgan navbatdagi beshta shikoyat maktubini o‘qib eshittiramiz. Ular Buxoro, Surxondaryo, Jizzax va Farg‘ona viloyatlaridan ...
14 mart 2020
Rassom Kirpi
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...