Asosiy mavzular
29 oktyabr 2024

Bosh vazir ko‘chasidagi jinoyat

“Agar boshliq bizni o‘zi yashagan ko‘chadan ko‘chirib yubormasa, shuning o‘zi katta baxt” degan edi frantsuz dramaturgi Per de Bomarshe.

Sizga taqdim qilayotganimiz ushbu hikoyani O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlarida ishlayotgan, rutbasi yuqori zobit iddaolari va ochiq ma'lumotlar asosida yozdik. Taqqosladik va boshqalardan ham so‘rab surishtirdik.  

2024 yil 27 sentyabr kuni ertalab Bosh vazir Abdulla Aripovning telefon qo‘ng‘irog‘i jaranglaydi. Ayni paytda DXX rahbariyati ham bu voqeani jiddiy signal o‘laroq qabul qiladi.  

Bu qanday voqeaki, Bosh vazir butun ishini chetga surib nazoratga oldi. Endi eshiting. Bosh vazir Abdulla Aripov va DXX rais o‘rinbosari doxil kazo-kazolar yashaydigan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Lunacharskiy” degan mahallada DXXdan pensiyaga chiqib o‘lib ketgan Bahodir Bozorov xonadoniga bosqin uyushtirilgan.  

Bosqinchilik 2024 yil 26 sentyabr kuni yarim kechasi bo‘lib o‘tgan. Eltuzga bu haqda martabasi baland bir zobit gapirib berdi.  

“Yarim kechasi tunda bir nechta bosqinchi Bahodir Bozorovning xonadoniga bostirib kirishadi, uyda Bahodirning tul xotini va uning nogiron o‘g‘li bor edi. Bosqinchilar ularga qarab, uyda shuncha summa pul bor, shuni beringlar deb talab qilishgan. Bozorovning beva xotini uyda pul yo‘q deb turib olgan. Shundan keyin, bosqinchilar xonadondan hech qanday pul yoki qimmatbaxo boyliklarni olmasdan qanday tez kelgan bo‘lishsa, shunday tez chiqib ketishgan.”  

Iddaoga ko‘ra, bu ish zakaz bo‘lib, maqsad xonadon egalarini qo‘rqitib qo‘yish bo‘lgan.  

Eltuz xabar figurantlari va tergovga yaqin mulozimlardan olgan ma'lumotlar asosida bu holat aslida qanday bo‘lganligini aniqlashga urindi.  

1. Eltuzga noma'lum kimningdir buyurtmasiga asosan bir guruh shaxslarga ushbu xonadonga bosqinchilik jinoyati ko‘rinishda qo‘rqitib qo‘yish topshirig‘i berilgan.  

2. Bosqinchilar foydalangan avtomobil Doniyor va Ikrom degan shaxslar tarafidan Qozog‘istondan atay O‘zbekistonga keltirilgan.  

3. Qozog‘istondan atay olib kelingan avtomobilda maxsus tayyorlangan yollanma bosqinchilar bo‘lgan. Xonadonga kirish uchun Yevropadan keltirilgan maxsus texnika, hamda uyali aloqa va kameralarni to‘suvchi uskunalar ishlatilgan.  

4. Bosqinchilar ushbu xonadonga kirib, yoshi 45 atrofida bo‘lgan deyarli nogiron erkak (Bozorovning o‘g‘li)ni bog‘lab, uning onasi, yoshi taxminan 70 larga borgan xotindan berkitib qo‘ygan pullarni so‘rashgan. Bu kampir “menda pul yo‘q”, deb aytgan. Bosqinchilar bu javobni eshitishi bilan ular xonadonni tark etishadi.

5. Bosqinchilik jinoyati ustidan nazorat surishtiruv ishlarini Toshkent shaxar IIBB birinchi o‘rinbosari Tashxojaev Doniyor boshchiligidagi IIBB xodimlari va DXX xodimlari olib bormoqda.  

Eltuzga gapirganlarning iddaosiga ko‘ra, tergov surishtiruv jarayonida ushbu xonadondan 3-4 xonadon pastroqdagi, kuyovi Uchtepa va Yunusobod tumanlarida prokuror bo‘lib ishlagan, hozirda qaynotasidan qolgan bizneslarni boshqarib kelayotgan I. Usmanov degan shaxs arizachi nomidan qatnashmoqda.  

O‘tkazilgan tergov harakatlari natijasida shu xonadonga kelib ketib yurgan shaxslar gumon ostiga olinadi, gumonlanuvchilar ro‘yxatini esa I. Usmanov tuzib beradi.  

Toshkent shahar IIBB o‘rinbosari Doniyor Tashxodjaev, Ravshanning qarindoshlari va tanishi Fayziev Azizni qamashgani haqida ma'lumot beradi.

Lekin iddaoga ko‘ra, hozirda Fayziev Azizni izolyatsiya qilib qo‘yishgan bo‘lib, unga yolg‘on ma'lumotlarni tasdiqlash va aybi yo‘q kishilarga ko‘rsatma yozdirish bilan ovora bo‘lishmoqda. Dastlabki surishtiruv vaqtida Toshkent viloyati Qibray tumanida yashovchi Doniyor va uning ukasi Ikrom qo‘lga olinadi. Chunki ularga asosiy jinoyatga sharoit yaratib berish vazifasi yuklatilgan bo‘ladi.  

Eltuzga ma'lumot bergan mulozim iddaosiga ko‘ra, qo‘lga olingan Doniyor va Ikrom Toshkent shahar IIBB yuqori lavozimidagi xodimining topshirig‘iga asosan, ya'ni pora evaziga Fayziev Aziz va Ravshanlarga ko‘rsatma berdirib qo‘yib yuboriladi. Eltuzda bu iddaoni tasdiqlovchi yoki rad qiluvchi aniq isbot yo‘q.

Shu o‘rinda bu jarayonlar figuranti  I. Usmanov o‘z davrida eng katta pora oladigan prokurorlardan biri bo‘lgan, hozirgi yashab kelayotgan uyi ham 10 mln AQSh dollarga teng hovli joy ekanligini ham eslatib qo‘ysak.  

Asnoda Bosh vazir yashaydigan ko‘chadagi bosqinchilik jinoyati prezidentning qulog‘iga ham yetadi.  

2024 yilning 17 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 7 soatlik selektor o‘tkazadi. Selektordagi asosiy masala O‘zbekistonda tergov harakatlari noqonuniy o‘tkazilayotgani, IIBB tomonidan faqat kuch ishlatish bilan aybsiz shaxslarni aybdor qilib, ochilmagan jinoyatlarni tugatishayotgani, tergov harakatlarida juda katta poralar bemalol olinayotgani aytib o‘tildi. Va ushbu masala yuzasidan prezident Doniyor Tashxodjaevni 2 yarim soat turg‘azib qo‘yib, 27 nafar xodimlarga jinoyat ish qo‘zg‘atilgani va uni ham qamalishi mumkinligini aytadi.  

Endilikda Ichki ishlar va DXX tergov va surishtiruv xodimlari harakatlarini tekshirib ularga chora ko‘rish yuzasidan Botir Tursunovga topshiriq berildi.  

Xo‘sh, Bosh vazirni tashvishga solgan, prezident dakkisiga sabab bo‘lgan bu jinoyatdan maqsad nima va bu jinoyat kim tomonidan buyurtma qilingan?  

Eltuz suhbatlashgan mulozim bu yuzadan hozircha bitta taxmin mavjudligini aytdi. Bu taxmin Bosh vazir Aripovning o‘ziga qurilayotgan saroyi atrofidan istalmagan shaxslarni ko‘chirib yuborish rejasi bilan bog‘liq. Iddaoga ko‘ra, DXX tezkor xodimlari I. Usmanovni kuzatuvga olishganida u dardini kimlargadir aytayotganini eshitib qolishgan. Demak taxmin:  

-Bu Usmonovning o‘yini bo‘lishi mumkin. Bunga Abdulla Aripovning o‘zi yashaydigan ko‘chadan qo‘shnilarni tozalash niyatida yurgani sabab. U prokuror lavozimida ishlab yurgan vaqtida Abdulla Aripov oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Mansabdor qo‘shnilari uni mensimagan. Abdulla Aripov Bosh vazir bo‘lganidan keyin esa shu ko‘chada yashab kelgan avvalgi sobiq DXX raisi Rustam Inoyatovning ham ko‘chib ketishiga sababchi bo‘lgan. Abdulla Aripov hozirda uyining orqa tarafidagi juda katta yerlarni o‘zlashtirib, hovlisini podshohlar havas qiladigan qasrga aylantirmoqda.  

O‘z vaqtida zamonasining zo‘rlari bo‘lgan, lekin hozirda hech kim bo‘lib qolgan qo‘shnilar endilikda uning g‘ashiga tegayotgan edi. Rustam Inoyatov ko‘chib ketdi, lekin nega Baxodir Bozorov va uning kuyovi bu yerda qolishi kerak. Shu narsa Bosh vazirning g‘ashiga tegayotgan edi. Chunki ushbu ko‘chadagi eng katta deyarli 1 gektarli hovli Bahodir Bozorovniki va I. Usmanovniki. Abdulla Aripovning uyi esa ularnikidan ancha kichik bo‘lgan. Shu holatdan kelib chiqib, I. Usmanov shunday amaliyot bilan qarib qolgan qaynonasini qo‘rqitib qo‘yib, o‘lib ketishidan avval barcha boyliklarni o‘ziga o‘tqazib olishni niyat qilgan. Shu bilan birga Abdulla Aripovning bu mahalladan chiqazib yubormasligi va anchadan beri ishsiz yurgani uchun kattalarning e'tiboriga tushish bo‘lgan. Bunday deyishimizga sabab, Usmonovni yashab turgan hovlisidan ko‘chirib yuborish uchun Abdulla Aripov uning avvalgi va hozirgi ishlarini kovlashni boshlagan.  

Hikoyaga hozircha shu yerda nuqta qo‘yamiz. Qo‘shimcha o‘laroq Bosh vazirning o‘ziga saroy qurdirayotgani faktini tasdiqlaganimizni ham aytib qo‘ysak.  

O‘tmishdagi mustabid boshliqlar uyi atrofini baland devor va ichida timsohlar suzadigan xandaqlar bilan o‘rab olishgan. Maqsad o‘marilgan rizqni xalqdan bekitib yeyish. Oshi halol bo‘lganlarning ko‘chada, el ko‘zi o‘ngida taom yeyishi o‘tmishda olib ketgan an'ana. Eltuzning bu surishtiruvi iddaolar asosida yozildi va shu bois nihoiy haqiqat deya talqin qilinmaydi.  Unda ismi zikr etilgan mulozimlarga Eltuz minbar beradi. Videolarimizni kuzatib boring, ularga layk va komentlar qoldiring, kanalimizga obuna bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
27 may 2019
O‘zbekistonda issiqlik ta'minoti, issiq suv, gaz va sovuq suv, elektr energiyasi narxlari tobora o‘sishda davom etmoqda. Ilgari mamlakatda odatda ...
1 fevral 2018
Shvetsiyada chiqadigan “Aftonbladet” gazetasi terrorchilikda ayblanayotgan samarqandlik Rahmat Oqilov 42 yoshli taniqli komik artist O‘z Nuin (Özz Nûjen) oilasi ...
25 iyun 2019
Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidan Shvetsiyaga kelib ishlayotgan 35 yashar O‘zbekiston vatandoshi Akmaljon Cho‘liev 21 iyun kuni Stokgolmda vafot etdi. «Eltuz» ...
30 yanvar 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 40-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) “Erkni istagan ruh ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...