Asosiy mavzular
4 dekabr 2024

Formalilar biznesiga taqiq va o‘zbeklarga qarshi sanktsiyalar – 600’79

Tbilisida soxta saylov natijalariga qarshi namoyishlar, Germaniya kantslerining sirli chamadoni, Suriyadagi ziddiyatlar, Rossiyada go‘dak bolasini qorga uloqtirgan ayol, O‘zbekistonda formalilar biznesini taqiqlovchi qonun va bu 600 sekund

Gurjistonda iqtidordagi “Gruziya orzusi” partiyasi soxtakorliklariga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Poytaxtdagi xalq namoyishlariga hukumat keskin choralar ko‘rmoqda. Namoyishchilarga qarshi suv purgagichlar orqali muzdek suv sepmoqda. Bunga javoban namoyishchilar feyerverk vositalarini qo‘llay boshlashdi. Sovuq havoda shalabbo bo‘lgan namoyishchilar ayni paytda Tbilisining markaziy maydonidan chetlatilmoqda. Ular parlamentning soxta saylov natijalarini tan olmasdan qayta saylov o‘tkazishni talab qilishmoqda. AQSh davlat departamenti vakili Metyu Miller o‘z bayonotida AQSh Gruziya bilan strategik hamkorlikni to‘xtatganini ma'lum qildi. Miller Gurjistondan saylovdagi soxtalashtirish holatlarini tekshirishni so‘ramoqda.

+++

Suriyada hukumatga qarshi jang qilayotgan islom jangarilari Aleppo shahri markazigacha yetib borishdi. Shuningdek ular Idlibdagi aholi punktlarini egallagani ta'kidlanmoqda. Suriya mudofaa vazirligi bu ma'lumotni tasdiqlamadi. Mamlakat prezidenti Bashar Asad jangarilarni «do‘stlari” ko‘magi bilan yo‘q qilishni rejalashtirmoqda. Bashar Asad Birlashgan arab amirliklari prezidenti shayx Muhammad bin Zayid bilan suhbatda shu masalani muhokama qilgan.

+++

Ayni paytda Rossiya Suriyada bir necha muvaffaqiyatli hujumlarni amalga oshirgani bildiriladi, lekin shundan so‘ng rossiyaning yollanma qo‘shinlari jiddiy talofat ko‘rgan. Yuzlab rus askarlari bedarak yo‘qolgani aytilmoqda. Oqibatda Rossiya Suriyadagi harbiy kuchlari qo‘mondonini almashtirishga majbur bo‘ldi. Sobiq qo‘mondon Sergey Kisel o‘rniga Aleksandr Chayko tayinlandi. Aleksandr Chayko 2017-2019 yillar davomida Suriya qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan edi.

+++

Rossiya Ukrainaga qarata 78 dona dron bilan hujum uyushtirdi. Ukraina mudofaasi 32 dronni urib tushirganini bildirgan, 45 dron qaysi hududda ekanligi noma'lum. Yana bir dron havoda qolib ketgan. Jiddiy talofatlar yo‘q.

+++

Kievga Yevroittifoq vakillari tashrif buyurdi. Ukraina poytaxtiga Yevropa ittifoqi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas hamda Yevropa ittifoqini kengaytirish bo‘yicha komissar Marta Kos, shuningdek Germaniya kantsleri Olaf Sholts tashrif buyurgan. Ular prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishga kelishdi. Uchrashuvda Ukrainaga ko‘mak hamda uning yevro ittifoqidagi istiqbollari masalasi muhokama qilindi.

+++

Germaniya kantsleri Olaf Sholts hammani vahimaga solgan va tarmoqda memlarga sabab bo‘lgan kumush chamadoni haqidagi savolga javob berdi. Kantsler doim o‘zi bilan olib yuradigan chamadonida safar uchun kerakli shaxsiy buyumlari borligini aytgan. Olaf Sholtsning Kievga tashrifida u kumushrang chamadonini qo‘lidan qo‘ymay ko‘tarib yurgani jamoatchilik e'tiborini tortgan edi.

+++

Kievda Podolsk-Voskresensk ko‘prigi foydalanishga topshirildi. 30 yil davomida qurilgan bu inshoot Ukrainadagi eng qimmat qurilishga aylandi. Qurilish harajaatlari yillar davomida bir necha bor ko‘tarilgan. Hozirda ko‘prikdan faqat harbiy maqsadlar uchun, favqulodda xizmat xodimlari va jamoat transporti yurishi uchun foydalanilmoqda.

+++

Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida ona o‘z chaqalog‘ini qorga tashlab, bolaning otasiga video jo‘natdi. Videoda ayol bu boladan nafratlanishini tan olgan. Annaning to‘rtta farzandi bor. U olti oylik egizaklari otasi narkoman ekanini aytib, chaqalog‘idan voz kechmoqchiligini bildirgan. Ayol bolalariga suiqasd qilganlikda ayblanib hibsga olindi.

+++

Frantsiyada harbiy instruktorlarni Ukrainaga jo‘natish chaqiriqlari yangramoqda. Bu taklif bilan mudofaa vaziri Sebastyan Lekoryuga 5 nafar deputat murojaat qilgan. Frantsiya hukumati bu taklifni ilgari ham ko‘rib chiqqan, biroq yakuniy qaror hanuz berilmagan.

+++

Rossiya harbiylarining Xersonga dron hujumi natijasida uch kishi qurbon bo‘ldi. Dron bombani Dnepr tumaniga tashlagan. Qurbonlardan tashqari sakkiz kishi jarohatlangani xabar berildi.

+++

Yekaterinburgdagi zavodning portlatilishi ortidan katta yong‘in chiqdi. Zavodning 400 kvadrat metridagi tom qulab tushgan. Ushbu zavod aeroport yaqinida joylashgani sabab hujumga nishon bo‘ldi. Yong‘inni to‘xtatish uchun 62 nafar o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan.

+++

Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligi Toshkentdan Bahraynga ko‘chirildi. Osiyo olimpiya kengashi O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘smirlar o‘rtasidagi III Osiyo o‘yinlari bekor qilinganini e'lon qildi. Tadbir 2025-yilda Bahraynda o‘tkaziladi. Ijroiya kengashi o‘z qaroriga izoh bermagan. Bu musobaqani tashkil qilish O‘zbekiston byudjetiga 289 million dollarga tushishi mumkin edi.

+++

Rossiyaning Irkutsk shahrida yashaydigan o‘zbek erkak, o‘zining 17 yashar qizini yuqori qavatdagi uyi balkonidan uloqtirib yubordi. Qizining begona yigit bilan gaplashib yurganidan g‘azabga kelgan ota avvaliga uni sochidan sudrab balkonga olib chiqqan va sӯngra yuqori qavatdan uloqtirib yuborgan. Qiz esa pastki qavatlarning biriga qo‘yilgan temir panjaraga ilinib qolgan. Mahalliy aholi vakillaridan biri qizni ko‘rib qolib, tez tibbiy yordamga murojat qilgani sababli qizning hayoti saqlab qolindi.

+++

“Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan ko‘cha avtoriteti Saidaziz Saidalievga nisbatan chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldi. Bu qaror Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya instantsiyasi tomonidan 27 noyabr kuni e'lon qilindi. “Saidaziz medgorodok” shu yil 5 avgustda 165 (tovlamachilik), 168 (firibgarlik), 242 (jinoiy uyushma tashkil etish), 243 (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 211−28 (pora berishga sheriklik qilish), 277 (bezorilik) kabi moddalarida aybdor deb topilib 20 yilga qamalgan edi.

+++

Toshkentlik 16 yashar yigit tashlandiq «Chorsu» mehmonxonasiga ruxsatsiz chiqib 21 qavatdan ontarilib tushib o‘ldi.

+++

Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova boshqa 76 rossiyalik qatorida, Kipr vatandoshligidan mahrum qilindi.  Britaniya nashrlarining yozishicha, Alisher Usmonov mart oyida sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng bir qator aktivlarini O‘zbekistondagi singlisi Gulbahor Ismoilova nomiga o‘tkazib bergan. Jumladan, uning “Dilbar” yaxtasining yagona egaligi ham uning nomiga o‘tkazilgan.

Ayni paytda Ismoilovaning Britaniyadagi barcha aktivlari muzlatilgan va unga mamlakatga kirish taqiqlangan. Rossiya urushi bois Yevropa sanktsiyalariga uchragan Gulbahor Ismoilova Toshkentdagi Fedorovich nomidagi klinik sanatoriy aktsiyalarining 82,1 foiziga ham egalik qiladi.

+++

AQSh Xorazmda jinsiy jinoyatlarda ayblangan amaldorlarga nisbatan ham sanktsiyalar kiritdi. Gap «Xorazm ishi» bo‘yicha Urganchdagi bolalar uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlikda ayblanganlar haqida ketmoqda. AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan uch nafar O‘zbekiston sobiq amaldoriga qarshi sanktsiyalar e'lon qildi. Sanktsiyalar 2 dekabr — Xalqaro qullikka barham berish kunida joriy qilindi.

+++

Prezident Shavkat Mirziyoev yangi farmonni imzoladi: Yangi Qonunga ko‘ra O‘zbekistonda  formalilarning biznes bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Farmonga muvofiq, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatiladi. Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga, qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferentsiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqei bilan bog‘liq holda foydalanishga doir taqiqlar belgilangan.

Bu 600 sekund edi. Ayni paytga kelibEltuzning yutub kanalidagi obunachilari soni 697 mingdan oshdi. Yonginangizda yuz bergan biroq siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling. Agar kanalimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz, sponsorlik, superchat, super raxmat tugmalarini bosing. Sog‘ bo‘ling! 

Tag‘in o‘qing
11 dekabr 2018
O‘zbekistonda dori-darmon savdosi eng daromadli sohalar qatorida qolayotgan bir paytda davlatga qarashli “Dori-darmon” aktsiyadorlik kompaniyasi qarz botqog‘iga botib bormoqda. ...
29 may 2020
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun, Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun. Ulug‘ demokrat shoir Rudakiyning bu misrlari kimgadir siyqa tuyular, ammo zinhor ...
26 mart 2018
Prezident Mirziyoev 23 mart kungi yig‘ilishda matbuotni maqtamaslikka, bor haqiqatni ko‘rsatishga chaqirdi. «Maqtamanglar. Maqtaydigan davrlar o‘tib bo‘lgan. Raislar bilan ...
4 yanvar 2021
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi “Alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasini tartibga solish hamda iste'molini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga nosvoy tayyorlash ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...