Rossiyaga yangi sanktsiyalar, Piskentda is gazidan o‘lgan kelin kuyov – 600’81
Bosqinchi Rossiyaga yangi sanktsiyalar joriy qilindi, Ukrainaning harbiy sanoati o‘smoqda, Piskentda kelin kuyov ilk nikoh kechasi is gazidan o‘ldi, Toshkentdagi shilqimlar jazolandi va bu 600 SYeKUND
+++
Suriya hukumati ag‘darilib Bashar Asad Moskvaga qochgach uning moliyaviy jinoyatlari oshkor bo‘ldi. Financial Times nashrining ma'lum qilishicha Bashar Asadning markaziy banki oxirgi ikki yil davomida Moskvaga naqd pul shaklida 250 million aqsh dollari jo‘natgan. Bashar Asad vakillari 2018-2019 yillar davomida Moskvaning Vnukovo aeroportiga 2 tonna naqd pul tashigan. 100-500 yevro nominalidagi bu kupyuralar Rossiya banklarida saqlanmoqda. 2013 yildan beri Bashar Asadning oilasi va qarindoshlari Moskvada 20 ta hashamatli xonadon sotib olgan. Ko‘chmas mulk sotib olish uchun murakkab kredit kelishuvlari va boshqa sxemalardan foydalanilgan.
+++
Rossiya o‘z harbiy texnikalarni Suriyadan evakuatsiya qilmoqda. 15 dekabrda Rossiya harbiy kuchlari Suriyaning uzoq viloyatlaridan Hmeymin va Tartus bazalariga keldi. Kreml Suriyada nazorat kuchlarini saqlab qolmoqchi. Biroq Rossiyaning harbiy uchoqlari Suriyani tark etib Maxachkala, Chkalovsk va Nijniy Novgoroddagi aerodomlarga qo‘nmoqda. Oxirgi kunlarda kamida 400 nafar Rossiya askari Damashqdan evakuatsiya qilindi.
+++
Rossiya maxsus xizmatlari ijtimoiy tarmoq orqali o‘smirlarni qo‘poruvchilik ishlariga yollamoqda. 15 yashar ikki o‘spirin Xarkovda portlashlar uyushtirdi. Yigit yo‘riqnomaga qarab o‘zi portlovchi moslama yasagan, qiz esa tayyorini maxfiy joydan olgan. O‘smirlar portlovchi moslamalarni chiqindi bakiga tashlab, videotranslyatsiya uchun shu yaqinda telefonlarini o‘rnatib qo‘yishdi. Portlashdan hech kim zarar ko‘rmadi, o‘smirlar bu harakati uchun Ukrainada 12 yil ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
+++
Rossiya mudofaa vaziri Belousov hay'at majlisida “yaqin o‘n yillikda Nato bilan to‘qnashuvga tayyor bo‘lishimiz kerak” dedi. Belousovga ko‘ra, Nato a'zolari qatnashgan iyul oyidagi sammitda aynan Rossiya bilan to‘qnashuv masalasi muhokama qilingan. Rossiya bilan Nato blokining to‘qnashuvi haqida AQSh va boshqa a'zo davlatlarning doktrinasida ochiqcha bayon qilingan dedi Belousov. Natoga a'zo davlatlarning Vashingtondagi sammitida Rossiya xavfsizlikka bevosita rahna soluvchi eng katta kuch deb atalgan.
+++
Rossiya Ukraina urushi boshlangandan to hozirgi kunga qadar Ukrainaning harbiy sanoati 10 barobar o‘sib Yevropadagi eng zamonaviy kompleksga aylandi. O‘sish shu sur'atda davom etsa Ukraina Rossiya harbiy sanoatini bozordan siqib chiqarib, Nato davlatlariga harbiy texnika va qurol aslaha yetkazib berishi mumkin. Mamlakatning texnologik sektori ham o‘zini saqlab qolgan. Sanoatning texnologik tarmog‘i 95 foizgacha saqlab qolingan. Hozirda faoliyat yuritayotgan texnologik kompaniyalar soni 5 mingdan, mutaxassislar esa 300 mingdan ko‘p.
+++
Vaqtincha Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn dronlar urib tushirilgani haqida xabar bergan amaldorni keskin tanqid qildi. Viloyati rahbarining bu majlisi jonli efirda ko‘rsatilgan. Mixail Gorbunov viloyat osmonida 157 dron urib tushirilganini ta'kidladi. Xinshteyn esa bu axborotni aytish uchun kim vakolat berdi deb Gorbunovga qarshilik qildi. Bu ma'lumot keng jamoatchilikka taqdim etilgani, internetda oshkor turganidan bexabar gubernator dronlar hujumi haqida gapirish mumkin emas, kim qarshi bo‘lsa pagon taqib frontga jo‘nasin dedi.
+++
Yevropa ittifoqining diplomatiya masalalari bo‘yicha boshlig‘i Kaya Kallas Rossiyaga yangi sanktsiyalar paketi tayyorlanganini ma'lum qildi. 16 dekabrda qabul qilingan yangi 15-paket sanktsiyalarda soyaviy flot harakatlarini cheklash va Shimoliy Koreya rahbariyatiga qarshi cheklovlar ko‘zda tutilgan. Rossiya Soyaviy flotdan foydalanib tovar tashish bilan birga qurol va harbiy texnika transportirovkasini amalga oshirmoqda.
+++
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bir soat davomida Putin bilan telefonda gaplashdi. Shundan so‘ng Orban Zelenskiy bilan aloqaga chiqishga urindi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi ta'kidicha Zelenskiy Orban bilan gaplashishdan keskin bosh tortgan.
+++
Yumoristik shouda Kareliya tilini isqirt deya mashara qilgan rossiyalik aktrisa 10 ming rubl jarimaga tortildi. Aktrisa ustidan shikoyatni shaxsan Kareliya gubernatori Artur Parfenchikov yozgan. Gubernatorning bu shikoyatidan keyin aktrisa Lomakida Petrozavodsk teatridagi ishidan bo‘shadi.
+++
Moskvada yuz bergan portlashda Rossiya Qurolli Kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirilov va uning yordamchisi halok bo‘ldi. Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, 17 dekabr tongda Moskvadagi Ryazansk prospektida «yashash uyi pod'ezdi yaqinida turgan skuterga joylashtirilgan bombaning portlashi natijasida general-leytenant Kirillov va uning yordamchisi halok bo‘ldi. Ularning o‘lgani haqidagi xabar avvalroq kuch ishlatar tizimlariga bog‘langan telegram-kanallarda e'lon qilingan edi. Kirilovning buyrug‘i bilan urush boshidan beri kimyoviy quroldan 4,8 ming marta foydalangani qayd etilgan.
+++
Qozog‘iston rahbari Toqaev «Davlat siri to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirish kiritib, prezident oilasining salomatligi, daromadlariga oid ma'lumotlarni qonun bilan mustahkamladi.
+++
O‘zbekiston iqtisodiy kompleksi tizimida ishlab kelgan 297 nafar rahbar sustkashligi va mas'uliyatsizligi sabab lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqda 16 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev raisligida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma'lum qilindi. Rasmiy xabarnomaga ko‘ra, yig‘ilishda ayrim rahbarlar “bu vaqtincha, bir-ikki yilda o‘tib ketadi” degan kayfiyatda yurganiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Ishdan ketkazilgan mas'ullar o‘rniga “zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar” tayinlangani bildirildi.
+++
Toshkent shahrida gaz quyish shoxobchalarining 90 foizi yopildi. Qolganlari esa belgilangan vaqtlardagina faoliyat ko‘rsatmoqda. Natijada haydovchilar yo‘q gazga 6 soatlab navbatda turibdi. Energetika vazirligi yozda bergan va'dalarini esdan chiqarib, hammasi aholiga qulaylik uchun, degan mazmundagi bayonotlar bilan chiqmoqda. Biroq poytaxtning ko‘p qavatli uylarida turgan fuqarolar elektr toki ko‘p o‘chishidan va gazning pastligidan nolimoqda. Aytishlaricha, Toshkent shahrida mahalla nozirlari xonadonlarga kirib gaz va elektrdan norozi kayfiyatda ijtimoiy tarmoqlarga chiqishlar qilmaslikni uqtirishmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda shu kayfiyatda chiqishlar qilgan bir necha faol fuqarolar IIB ga chaqirtirilgan. Energetika vaziri iqtisodchi-bloger Otabek Bakirovni, vazirlik matbuot kotibi esa kun.uz ni sudga bergan. Da'vogarlar arizasida ularni vazirlik faoliyatini noto‘g‘ri talqin qilgan deya ayblagan.
+++
Pskentda 15 dekabr kuni yangi kelin-kuyov ilk visol tunida is gazidan bo‘g‘ilib o‘ldi.
+++
Yashnobod tumani, Alimkent dahasida 15 dekabr kuni soat 20-45 larda ishdan uyiga kelayotgan homilador ayolning yo‘lini 3 nafar yigit to‘sib, shilqimlik qildi. Yigitlardan biri qo‘lida paket va sumkalari bor ayolni qo‘lidan tortib quchoqlamoqchi bo‘lgan. Yigitlar telefon kamerasini ko‘rib tegajoqlikni to‘xtatgan. Xomilador ayolga shilqimlik qilgan kimsalar 32-35 yosh ekani ma'lum bo‘ldi. Yashnobod tuman ichki ishlar boshqarmasi ularni bir sutka ichida topdi. Shilqimlarga 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi berildi.
Bu 600 sekund edi. Ayni paytga kelib Eltuzning yutub kanalidagi obunachilari soni 702 mingdan oshdi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling. Agar kanalimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz, yoki Eltuzning yopiq kanalidagi videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz sponsorlik tugmalarini bosing. Sog‘ bo‘ling!