Asosiy mavzular
18 yanvar 2025

“Salimboy”ni qamashni kim zakaz qilgan?

12 yanvar kuni qamoqdan ozod etilgan Salim Abduvaliev uni qamoqqa tiqish rejasini kim tuzgani va kim amalga oshirgani haqida o‘z yaqinlari va do‘stlariga so‘zlab bergan.

Bu yil 75 yoshni qarshilaydigan Salim Abduvaliev 2023 yil oxirida O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri davomida qo‘lga olingan edi.

2024 yilning 19 martida esa jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudining yopiq majlisi hukmi bilan JKning 248-moddasida (o‘qotar qurollarni qonunga xilof ravishda saqlash) ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mahalliy matbuotda tadbirkor va metsenat deb ta'riflab kelingan Salim Abduvalievning ma'lum qilishicha, uni qamoqqa olinishiga sababchi bo‘lgan shaxs – Salimboy bilan har doim bir qatorda tilga olinadigan, jinoyat doiralarida “Graf” va “Blyadina” laqabi bilan tanilgan avtoritet G‘ofur Rahimovdir.

Salimboyning qamalishi fonida G‘ofur Rahimovning Dubayga qochgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi.

Ammo Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari Doniyor Tashxodjaev G‘ofur Rahimovga nisbatan jinoyat ish ochilgan emas deya baralla aytdi.

Qizig‘i shundaki, Doniyor Tashxodjaev 2023 yil noyabrida boshlangan va rasman “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri nomini olgan ommaviy hibsga olishlarga rahbarlik qilgan.

Salim Abduvalievni qamash va tergash jarayonini ham shaxsan Doniyor Tashxodjaev nazorat qilgan.

Salim Abduvaliev qamalishidan bir hafta o‘tar o‘tmas G‘ofur Rahimovning bir guruh kishi qurshovida Toshkentdagi “Chorsu” bozorida bamaylixotir yurgani aks etgan videosi tarqaldi.

Undan ham avval ijtimoiy tarmoqlarda Rahimovning Toshkentdagi xalqaro boks tadbirida O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Otabek Umarov bilan quchoqlashib ko‘rishayotgani, u bilan bir qatorda o‘tirgani tasvirlari tarqaldi.

Salomatligidagi muammolar tufayli ozodlikka chiqqani aytilgan Salim Abduvaliev oradan salkam bir yilu ikki oy o‘tib, ozodlikka chiqqan kunning o‘zidayoq uni tabriklagan uzoq-yaqindagi do‘stlari va tanishlariga uni qamalishida jonbozlik ko‘rsatgan shaxs G‘ofur Rahimov bo‘lganini ochiqcha aytgan.

Jinoyat olamiga yaqin manbalarning Eltuzga ma'lum qilishicha, ko‘chaga qarshi reydlar Toshkentning Darxonidagi qudratli «Ofis» tomonidan puxta ishlangan reja bo‘lgan.
Qamoqqa olinishi kerak bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini esa “Ofis”ga G‘ofur Rahimov tuzib bergan. G‘ofur Rahimov jinoyat olami undan gumonlanmasligi uchun o‘ziga yaqin shaxslardan ayrimlarini ham ro‘yxatga kiritgan.

“Ko‘cha avtoritetlaridan kimlarni qamash ro‘yxatini G‘ofur Rahimov tuzib, o‘zining o‘gay farzandi Akmal orqali “Ofis” xavfsizligiga mas'ul Shuhrat Rasulovga yuborib turgan. Ayni ro‘yxat asosida o‘nlab avtoritetlar qamalgan. G‘ofur Rahimov undan shubha qilmasliklari uchun o‘ziga yaqin bo‘lgan ayrim shaxslarni ham ro‘yxatga kiritgan. Ular orasida o‘zining yonida yurgan “Terminator” va “Zavxoz” laqabli avtoritet Bahodir Sultonov ham bo‘lgan,” dedi Eltuz bilan suhbatlashganlardan biri.

O‘z navbatida Shuhrat Rasulov hibsga olinadiganlar ro‘yxatini “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri nomini olgan ommaviy hibsga olishlarga rahbarlik qilgan Doniyor Tashxodjaevga yuborib turgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident davlat xavfsizlik xizmati sobiq mulozimi Shuhrat Rasulov o‘tgan yil noyabri oxirida sobiq mulozim Komil Allamjonovga suiqasd buyurtmachisi sifatida hibsga olingan.

Uning Toshkentdagi qudratli “Ofis”da Otabek Umarovning “o‘ng qo‘li” bo‘lgani aytiladi.

Salim Abduvalieva qarshi tergovga boshchilik qilgan polokovnik Doniyor Tashxodjaev esa Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan qurollarni olib kirgan va ularni o‘tgan yili 26 oktyabrda Allamjrnovga qarshi suiqasdda ishlatgan guruh rahbari Javlon Yunusovning jinoyatlarini yashirishga uringanlikda ayblanib qamoqqa olingan.

Bundan tashqari, Eltuz suhbatlashgan manbalarga ko‘ra, “Ofis” bilan juda ko‘plab bizneslarni yuritgan G‘ofur Rahimov “Ofis” orqali ko‘plab tadbirkorlarga bosim o‘tkazgan va bizneslarini tortib olgan.

Batafsil Eltuz tayyorlagan videolavha bilan tanishing.

Tag‘in o‘qing
10 mart 2020
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokidagi yig‘ilishda respublika bo‘yicha 300 dan ziyod qishloq va mahallaning, 400 ga yaqin ko‘chaning ...
26 yanvar 2022
EltuzTG January 26, 2022 25 yanvar kuni Toshkentning qoq markazida joylashgan “Ogni Tashkenta” restoranida o‘zbek mafiyasining eng ko‘zga ko‘ringan ...
12 fevral 2021
Baxtibek to‘rt marta uylangan va har bir xotinidan ikkitadan farzandi bor. U allaqachon hech qaysi xotini bilan yashamaydi. Chamamda ...
25 yanvar 2017
Farg‘ona viloyatining tuman IIB idoralaridan birida ishlovchi Eltuz manbasiga ko‘ra, ba'zida guruh bo‘lib, ba'zida yakka tartibda uylarga kirayotgan o‘g‘ri ...
Bloglar
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...
7 yanvar 2025
Ijtimoiy tarmoqlarda “1000kitob” loyihasi bo‘yicha turli gap-so‘zlar aylanib yuribdi. Mansab talashuvi, ziyolilarning guruh-guruh bo‘lib, bir-biri ...