Qashqadaryo – O‘zbekiston qonunlari ishlamaydigan alohida dahlsiz hududmi?
Qashqadaryoning Kitob tumanida tug‘ilib o‘sgan 49 yoshli Umid Miraliev bir kun kelib bloger bo‘lib haqiqatni yozarman deb o‘ylagandir, ammo buning ortidan kaltak yeyishi va aybsiz aybdor bo‘lishini hayoliga ham keltirmagandi.
Umid tadbirkorlik ortidan tirikchilik o‘tkazib, bola-chaqasini boqib, topganini mayda tishlab tinchgina yurgandi. Prezident Shavkat Mirziyoev hukumat tepasiga kelgach boshlangan so‘z erkinligi islohotlaridan Umidning ham yuragi umid bilan to‘ldi. Yurt ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lidagi jarayonlarda hissa qo‘shib qolishni niyat qildi u. Bloger bo‘lishni orzuladi. Jurnalistik mahorat markazida malaka oshirdi. Kanal ochdi. 2020 yilda u «Feysbuk» va «Telegram» kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z blogini yurita boshladi. Tillari burro, qalami o‘tkir chiqdi uning. Bloger yurtimizdagi ijtimoiy muammolar, oddiy aholi murojaatlarini chop etdi. Murojaatchilarning so‘rovi bilan turli davlat tashkilotlariga borib, mutasaddilarga muammolarni ko‘ndalang qo‘ydi.
Biroq, uning tanqidiy chiqishlari, muammolarni yoritib, korruptsioner amaldorlarni fosh etishi, xalq dardini olib chiqishi viloyat rahbarlariga yoqmadi.2 yildayoq bloger ayovsiz ta'qiblar ostida qoldi.
– Shahrisabz shahar Adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Farhod G‘aniev “mana men Umid Miralievni yo‘q qilib beraman” deb qasddan janjal uyushtirib, vanihoyat meni tuzoqqa tushirdi, – deb hikoyasini boshlaydi Umid Miraliev. – Shahrisabzdagi “Ostonbobo” choyxonasiga ikki nafar o‘rtog‘im bilan ovqatlanishga borgandik. G‘aniev mast holatda edi. Xotinim va hatto vafot etib ketgan onam sha'niga turli bo‘lmag‘ur gaplar aytib, haqorat qilib, janjal uyushtirdi. Men tinchgina gaplashib olish maqsadida ishxonasiga borganimda, telefonimga yopishib, yoqamdan bo‘g‘di. Men o‘shandayam urishganim yo‘q, qochib chiqib ketdim. Ammo, u meni orqamdan quvlab borib, taxta bozori yonida kaltaklab tashladi. Boshim, yelkamga urib qattiq tan jarohati yetkazdi.
Tezkorlikni qarang! O‘sha kunning o‘zidayoq IIB ga xabar beriladi va bloger tergovga chaqirtiriladi. Emishki, Umid Miraliev Farhod G‘anievga tan jarohati yetkazib, kaltaklagan. 2022 yil 8 sentyabr kuni bloger U.Miralievga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 4 ta moddasi bilan jinoiy ish ochiladi.
– Bilaman, blogerlarni O‘zbekistonda hech qaysi rahbar yaxshi ko‘rmaydi, lekin shu darajada tuhmat, pastkashlik bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Prokuror, sudya, tergovchilar – hammasi bir bo‘lib, meni qilmagan jinoyatlarimda ayblab, ya'ni JK ning 277-moddasi, 168-modda, keyin 139-moddaning ikkita qismi bilan, xullas firibgarlik, tovlamachilik, tuhmat, mansabdor shaxslar sha'nini behurmat qilish, haqorat va ularga nisbatan yolg‘on ma'lumot tarqatganlikda ayblab, jinoiy ish qo‘zg‘atishgan. Keyin jinoiy ish doirasida meni tutib keltirish uchun qidiruv e'lon qilishgan.
Darhaqiqat, blogerlik faoliyati 2022 yildan buyon xavfli bo‘lib bormoqda. Bugun O‘zbekistondagi aholi shikoyatlarini tarmoqlarga olib chiqayotgan blogerlarga firibgarlik, tovlamachilik ayblovini osongina bo‘yniga yuklash holatlari ko‘payyapti. Umid Miralievga ham avvaliga shu ayblovni qo‘llashga harakat qilishdi. O‘xshamagach, qator navbatchi ayblovlar yopishtirildi. Mazkur ayblovlar ortidan Miraliev oilasidan uzoqda, boshqa viloyatlarda kun kechirib yurishga majbur bo‘lganini iddao qiladi. Blogerning aytishicha, unga qidiruv e'lon qilinadi, so‘ng ashaddiy jinoyatchi kabi ushlanib, olib kelinadi va qamoqqa tashlanadi. Shu barobar bloger 3 oy qamoqda o‘tiradi. Sud ishini Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahar sudining raisi Navro‘z Ashurov olib boradi.
-Navro‘z Ashurov menga nisbatan adolatli qaror chiqaradi, deb o‘ylagandim. Dalillarim yetarli edi, oqlanishimga ishonardim. Ammo, sudya unday qilmadi. To‘g‘ri, jinoiy ish bo‘yicha 4 ta moddadan 2 tasi olib tashlandi, firibgarlikni bo‘ynimga ilisholmadi, chunki men murojaatlar uchun pul olmasdim. Biroq, sud meni ikki modda bo‘yicha aybli deb topdi. Eng asosiysi, Adliya bo‘limi boshlig‘i Farhod G‘anievni urib, tan jarohati yetkazganlikda ayblashdi. Na tergov davomida, na sud jarayonlarida meni o‘zidan jabrdiyda yasab olgan G‘aniev bilan yuzlashtirishmadi.
Miraliev 2022 yilning dekabridan to 2023 yilning may oyiga qadar tuhmat va bezorilikda ayblanib, 4 oy mobaynida qamoqda o‘tirdi. 2023 yil 5 may kuni Shahrisabz shahar sudi ishni ko‘rib chiqdi. Afsuski, sud blogerning advokatlari tomonidan taqdim etilgan isbotu dalillarni, ekspertiza xulosalarini inobatga olmadi. Unga 3 yil muddatga uy qamog‘i berishdi. Toshkent shahridan chetga chiqmaslik va hatto avtomashina boshqaruviga ham cheklov qo‘yishdi.
-Eng ajablanarlisi, faqat meni ayblab, Farhod G‘anievni jabrlanuvchi qilib ko‘rsatib, sudda hukm o‘qib yuborishdi. Toshkent shahrida yashayman, lekin propiskam Qashqadaryoda. Bu nomard, noinsof sud raisi Qashqadaryoga bormasligim uchun ataylab, majburan Toshkent shahriga vaqtinchalik propiskaga qo‘ydirdi meni. Maqsad, Toshkentdan chiqarmaslik. Men Qashqadaryoga bormasam, blogerlik qilmasam-da va bu amaldorlarni ketini ochmasam.
«Yiqilgan – kurashga to‘ymas» deyishadi. Umidning suyaklarini sindirishdi, ammo ruhiyatini emas. Uning xafsalasini so‘ndirishdi, lekin aslo umidini so‘ndirisholmadi. Bloger adolat istab yuqori tashkilotlarga yozaverdi, yozaverdi. O‘zining aytishi bo‘yicha u yuzlab ariza va shikoyatlar yo‘llagan.
Tinimsiz kurashishlar, murojaatlardan so‘ng 2024 yil iyunda Miralievga nisbatan qo‘llanilgan uy qamog‘i sud tomonidan bekor qilinadi. Ammo, uy qamog‘i bekor qilinganidan hech qancha vaqt o‘tmay, u kaltaklab ketiladi. Blogerning da'vo qilishicha, u va uning ukasini mahalliy hokimiyat buyurtmasi bilan kaltaklashgan.
-Prokuratura binosi oldida 6 kishi bexosdan kelib, belkuraklar bilan urib ketishdi. 6 kun komada yotdim, 11 kun og‘ir ahvolda Toshkent shahrida davolandim, 2 oyga yaqin uyda davolandim. Bu holat bo‘yicha ham adolatli qaror chiqarilmadi. Undan tashqari o‘sha 2022 yilda 40 kun “pobeg”da yurdim, nohaqdan, 3 oy qamoqda o‘tirdim nohaqdan, 5 oy sud hukmini o‘qimay qiynashdi. Undan so‘ng uy qamog‘i. Avtomashina boshqarish, to‘y-hasham, ma'raka-marosim, hamma narsaga ta'qiq. Har qadamda jarima, har qadamda bosim, moddiy tomonlama juda tang ahvoldaman. Ikki farzandim maktabdan kelguncha xavotirda yashayman. Uydan chiqolmayapman, ona yurtim Qashqadaryoga ham borolmayapman. Mana shunday ahvolda yashayapman, hozir!
Umid Miraliev uni tuzoqqa tushirgan, unga nisbatan adolatsiz hukm chiqargan, o‘zi va oilasiga bosim o‘tkazgan amaldorlarni xalq va xalqaro hamjamiyat, yuqori mutasaddi organlar tanib olishlarini istaydi va ular faoliyatiga oid barcha jinoiy dalillarni bo‘lishishga tayyorligini ma'lum qildi.
Suratdagi shaxs bloger Umid Miralievni kaltaklatgan va IIBga shikoyat qilib o‘zini jabrlanuvchi qilib ko‘rsatgan Adliya vazirligi Shahrisabz tuman boshqarmasi boshlig‘i Farhod G‘aniev. Uning xatti- harakati o‘g‘irlik paytida “dod, o‘g‘ri urdi”, deb o‘zini urib dodlagan o‘g‘riga o‘xshaydi. Hozir bu qo‘shtirnoq ichidagi “jabrdiyda” 100 ming dollar pora olgani ortidan sud qarori bilan qidiruvga berilgan.
Bizga ma'lum bo‘lishicha, bu poraxo‘r adliya mulozimi Qashqadaryoda bemalol yuribdi. Qashqadaryo – O‘zbekiston qonunlari ishlamaydigan alohida dahlsiz hududmi?
Mavzuga nuqta qo‘ymaymiz. Chunki, muammo yechimi hanuz yo‘q!