Asosiy mavzular
2 fevral 2022

Pilla ichidagi qurt yoki Jo‘raev nega qamaldi?

Buxoro viloyatidagi “Bukhara brilliant silk” fabrikasi ta'sischisi, 4 oydan beri qamoqda qolayotgan Baxtiyor Jo‘raevning onasi Robiya Doniyorova yutubdagi chiqishida “o‘g‘li ipak sanoatidagi korruptsioner rahbarlar qurboni” bo‘lganini aytdi. 

Ushbu fabrika kasaba uyushmasi raisi Doniyorovaning iddaosiga ko‘ra, pillachilik sanoati qo‘shib yozish va ko‘zbo‘yamachilik sahnasiga aylangan. 

Doniyorovaning bildirishicha, o‘g‘li Baxtiyor Jo‘raevni “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbari Bahrom Sharipov qamatgan.

Baxtiyor Jo‘raevning onasi Robiya Doniyorova

“Bahrom Sharipov “Bukhara brilliant silk” korxonasining 100 foiz ulushini xotini Sayyora Sharipova nomiga o‘tkazib berasan, deb o‘g‘limga bosim o‘tkazdi. O‘g‘lim bu kirdikorlarni prezidentga yetkazaman, deganidaan so‘ng uni qamatishib, to‘rt oydan buyon hibsga ushlab turishibdi”, deydi Doniyorova.

“Eltuz” bu iddaolar ortidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov va Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari xodimlari bilan suhbatlashib, masalaga oydinlik kiritdi. Shuningdek, sayt tasarrufida voqealar silsilasiga oid hujjatlar ham mavjud.

Buxoro viloyati prokuraturasi xodimiga ko‘ra, Baxtiyor Jo‘raev 2021 yil 20 oktyabrda ikki farzandning onasi, 41 yoshli Dilafro‘z Sobirovani kaltaklagani ortidan qamoqqa olingan. “Eltuz”ning aniqlashicha, bu ayol Baxtiyor Jo‘raevning ikkinchi xotinidir.

Ma'um bo‘lishicha, ushbu jinoyat ishi doirasidagi tergov davomida ayblanuvchining iqtisodiy jinoyatlari ham yuzaga chiqqan.

Ammo uning onasi Robiya Doniyorova o‘g‘lining “maishiy muammo bois qamalib, boshqa jinoyatlar bo‘yniga yuklangani”dan tashvish bildirdi.

“O‘g‘limning hech qanday jinoiy javobgarligi yo‘q. O‘g‘ri, muttaham, davlat xoini emas, o‘g‘irlik qilmagan. “Bukhara brilliant silk” korxonasiga biriktirilgan beshta tumanni tortib olishdi.

Bu fabrikada 500 ortiq ishchi ishlab, oyiga 8 tonna ipak mahsuloti ishlab chiqarardi. “Bukhara briliant silk”ka tegishli tumanlar hech bir fabrikasi yo‘q Odil Qodirov degan shaxsga berilib, pilla uyushmasi rahbarligida sotib yuborildi. 

Hozirgi kunda mahsulotimiz yetishmasligi tufayli 250 ta ishchimiz qoldi. Ular ham beish qolishadi”, dedi Baxtiyor Jo‘raevning onasi, “Bukhara brilliant silk” kasaba uyushmasi raisi Robiya Doniyorova.

Mahalliy bloger “Bukhara Brilliant Silk” fabrikasi ichida suratga olgan video davomida bir necha ayol ishchi ko‘zida yosh bilan ishsiz qolganini aytib, “direktorimizni qaytarib bering”, deya zorlanishadi.

Robiya Doniyorova o‘z chiqishida respublika bo‘yicha  pilla  topshirishda qo‘shib yozish mavjudligi, tut ko‘chatlarini ekish hisobotlari haqqoniylikdan yiroqligi, 2021 yil kasanachi va fermerlarga pilla puli berilmay turib, 2022 yil uchun majburiy tarzda shartnomalar qilinayotganini aytadi. 

Shuningdek, Doniyorova Jarqo‘rg‘on va G‘ijduvon tumanlarida pillani qayta ishlash korxonasi barpo etildi, deb mamlakat rahbariga yolg‘on ma'lumot taqdim etilganini iddao qiladi.

“Eltuz” bu iddaolar ortidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov bilan suhbatlashdi. U bu gaplarni “o‘g‘li qamalgan ona noroziligidan tug‘ilgan uydirma”, deya atadi va o‘z gapi isboti sifatida hujjatlarni taqdim qildi.

Sharipovning ma'lum qilishicha, “Bukhara brilliant silk” fabrikasining 100 foiz ulushi uning xotini Sayyora Sharipovaga tegishli. “Fabrikada yollanma rahbar bo‘lib ishlagan Baxtiyor Jo‘raev hujjat va imzolarni soxtalashtirish yo‘li bilan fabrikaning barcha hissalarini o‘zlashtirib olgan va bularning hammasi dastlabki tergov jarayonida aniqlangan”.

Jo‘raev “iqtisodiy jinoyatlar figurantiga aylangani”ni Buxoro viloyati prokuraturasi vakili ham tasdiqladi.

“Eltuz” tasarrufidagi hujjatda Jo‘raev “prokuraturaga qarzdorlik yo‘qligi haqida soxta xat yozib bergani, aslida 2020 yildan beri ishchilarning ish haqini to‘lamay kelganini agronom va kasanachilar tasdiqlashgani” aytiladi. 

Prokuratura unga nisbatan ishchilarning ish haqini bermaganlik, tutzorlarni talon-taroj qilganlik, pillakorlarga davlat tomonidan tarqatish uchun berilgan un-moyni odamlarga bermasdan sotib yuborganlik, davlat narxida sotib olib, bozor narxida sotganlik ayblarini qo‘ygan. 

Bahrom Sharipov haqiqat tergov asnosida ro‘yobga chiqishidan umid bildirib, Doniiyorovaning videosidagi gaplarning 99 foizi yolg‘on deb ayta olishini ta'kidladi.

“Na Robiya Doniyorova va na uning o‘g‘li “Bukhara brilliant silk” fabrikasi hissalariga ega va ta'sischi emas. 2008 yilgacha fabrika chet el korxonasi maqomida bo‘lib, 99 foiz hissasi Xitoy shirkatga qaragan va bir foiziga O‘zbekistondagi “Mohitobon” firmasi egalik qilgan. 

2008 yili fabrikani uning  xitoylik egasidan xotinim Sayyora Sharipova nomiga o‘z mablag‘imga rasman sotib olganman. Korxonaning bir milliard olti yuz ming so‘m qarzini 2008 yili to‘laganman”, dedi Bahrom Sharipov. 

Uning so‘zlariga qaraganda, Baxtiyor Jo‘raevni buyruq asosida fabrika ish boshqaruvchisi qilib tayinlagan. Chunki u bilan oldindan tanish bo‘lgan – Buxorada o‘qiganida ularning uyida ijarada turgan. Ammo Jo‘raev u bildirgan ishonchni suiiste'mol qilib, “hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan 2018 yilda korxonani o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan”.

Bahrom Sharipov va Nodir To‘raqulov

“Eltuz” tergov hujjatlari bilan qisman tanishib chiqib, Sharipov aytgan faktlar mavjudligiga amin bo‘ldi. 

Ammo ma'lumotlarni o‘rganish jarayonida “MXX jallodi”, Surxondaryoda “Nodir xudo” nomlari bilan tanilgan sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) xodimi, ayni paytda qamoqda saqlanayotgan Nodir To‘raqulov ismi o‘rtaga chiqdi. To‘raqulov va Sharipovning achomlashib tushgan rasmlari tarqaldi. 

“Eltuz” suhbatlashgan manbaning bildirishicha, “O‘zbekipaksanoat” rahbari Sharipov aynan To‘raqulov ko‘magida qator ipak korxonalari, xususan, Termizdagi “Surxon Termiz silk” korxonasini “kepak narxida” sotib olgan. 

Bu boradagi savollarga javob bergan Bahrom Sharipov “qo‘rqqani bois majburan To‘raqulov topshiriqlarini bajargani”ni e'tirof etdi.

“Internetda tarqatilayotgan rasm montaj qilingan. Yuz foiz fotoshop. Lekin bir narsani tan olaman. Men haqiqatan ham Nodir To‘raqulov chaqirsa borganman, biror topshiriq bersa bajarganman. Bunga majbur edim. Oilamni va o‘z jonimni shu yo‘l bilan saqlab yurganman.

Nodirning o‘sha vaqtda qilgan ishlarini qoralayman. Nodirning jinoiy xatti-harakatlari uch yil davomida tergov qilindi. Bir yilga yaqin sud jarayoni bo‘ldi. Nodirning harakatlariga qonuniy baho berildi. Agar men Nodirning hamtovog‘i, uning harom ishlarida sherik bo‘lganimda, meni hech kim saqlab qola olmasdi. Xalqni Nodir degan balodan qutqargan muhtaram prezidentimizdan minnatdorman”, dedi Bahrom Sharipov.

Manfaatlar to‘qnashuvi 

Yanvar oyida O‘zbekiston mulozimlarining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq muammosi matbuot kun tartibiga chiqdi. Korruptsiyaga qarshi idora xulosasiga ko‘ra, kino sohasi rahbari Firdavs Abduxoliqov qiziga tegishli telekanalga davlat mablag‘larini o‘tkazib, manfatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq muammoni yaratgan. 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov

Shu voqea fonida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipovning ipakni qayta ishlash korxonalari egasi bo‘lishi ham manfaatlar to‘qnashuvi emasmi? Qanday qilib davlat amaldori ayni sohadagi o‘z shaxsiy korxonasini nazorat qila oladi? 

Bu savollarga javob bergan Sharipov “sohani bilgani prezident tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotgani, qonunga amal qilishni o‘zining misolida ko‘rsatib berayotganini” ta'kidladi. 

“Eltuz” hamkori, bloger Diyora Abdujabborova uch viloyatdagi ipakni qayta ishlash  korxonalarida bo‘lib, haqiqatan ham “o‘lgan soha tirilayotgani”ga guvoh bo‘ldi. 

Shu bilan birga, u “bu o‘zgarishlar, asosan, ish beruvchini boyitayotgani, oddiy ishchi va pilla yetishtiruvchi kasanachilarning foydadan ulushi kamligi”ga e'tibor qaratdi.

Ishchilarga berilmay sotib yuborilgan moy va un maxsulotlari

Paxta va g‘alla yetishtirish uchun yer olgan fermerlar “Eltuz” bilan suhbatda yangi tashkil etilgan pilla klasterlari uchun pilla yetishtirib berishga majburligidan shikoyat qildi. 

Narx arzonligi bois, fermerlar uchun pilla yetishtirish ko‘pincha unchalik foydali ish emas, Lekin pilla yetishtirish majburiyatidan xalos bo‘lishning iloji yo‘q. 

Fermerlar topshirishi shart bo‘lgan pilla rejasi fermer xo‘jaligi yerlari kattaligidan kelib chiqib hisoblab chiqiladi va odatda 1 gektar yerga 3 kg ipak qurti yetishtirish rejasi yuklanadi.

Ayrim fermerlar pilladan qutulish uchun hokimlik mutasaddilariga yoki klaster ishchilariga oldindan pul to‘laydi.

Sarlavhaga chiqarganimiz “Jo‘raev nega qamaldi”, degan savol javobini yaqinda bo‘ladigan sud hukmiga havola qilamiz. “Eltuz” ipak sanoati borasidagi surishtiruvini davom  ettiradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 yanvar 2019
Olmaliqdagi «Ammofos-Maksam» shirkati ishchisi, 2018 yilgi paxta mavsumida majburiy terimga olib chiqilgan  24 yoshli Sohibjon Mutalibov Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani ...
13 iyul 2020
O‘tmish tozalab qo‘yilgan. Ëlg‘on esa haqiqat deya bizga taqdim qilinmoqda. Bu gapni yozuvchi Jorj Oruell bundan 70 yil oldin ...
3 oktyabr 2023
Narpay tumani turg‘uni 7 sinf o‘quvchisi, Nurmuhammadov Umidjonni mahalla  raisi ayovsiz kaltaklab tashlaganini aytib, yordam so‘rab Eltuzga murojaat qildi. “Samarqand ...
18 avgust 2018
Muhammad Bekjonni 2000 yilning iyunida oynalari qoraytirilgan, “nam asfalt” rangli yengil “Ford” avtomobilida IIV yerto‘lasiga olib ketishadi. U Karimovdan ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...