Asosiy mavzular
19 aprel 2020

19 aprel – shoir va olim Bahodir Sodiqov tug‘ilgan kun

Bahodir Sodiqov 1959 yilning 19 aprelida Xorazm viloyatining Shovot tumanida tug‘ildi.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan kezlaridayoq o‘zbek zamonaviy she'riyati xususidagi adabiy — tanqidiy maqolalari matbuotda e'lon qilingan.

Bahodirning ilk ijod namunasi 1976 yil 7 fevralida Shovot tumani gazetasida chop etilgan edi.

Kurashga chiq, uyqudan uyg‘on!

rasm1179
Bahodir hayotining so‘nggi davrini tasavvuf ilmini o‘rganishga bag‘ishlagan

Uning she'rlaridagi “ozodlikning dengizi” ichra “qullik qoyasiga sachragan” to‘lqin misoli yorqin ruh bugun ham mustaqil fikr, o‘zgacha g‘oyalar, inson erki qatag‘on etilgan O‘zbekistonda dolzarb ohang kasb etadi.

Xurshid Davronning e'tirofiga ko‘ra, “Bahodir Sodiqov 80-yillarda o‘zbek adabiyotshunosligi maydonida paydo bo‘lgan salohiyati baland, zukko olim bo‘lgan”.

Uning ham mumtoz, ham zamonaviy adabiyot yo‘nalishida yozgan maqolalari o‘sha davrda juda katta qiziqish uyg‘otgan, adabiy jamoatchilik yosh olimning kelajagiga katta umid bilan qaragan.

Bahodir Sodiqov mumtoz adabiyotni chuqur bilishga intilgan, bu sohadagi mavjud muammolar, xususan, mumtoz adabiyot namunalarini nashr etishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar haqida hozirjavoblik bilan munosabat bildirishdan qochmaydigan, o‘z fikrini dadil himoya qila oladigan munaqqid edi.

Shoirning fojiali va sirli o‘limi

1980 yilda u 21 yoshida fojiali halok bo‘ldi. U suvga oqib ketgan. To‘g‘rirog‘i, bir bolani suvdan qutqarib, keyin o‘zi daryoga g‘arq bo‘lgan…

«Uning fojiali o‘limida o‘z jonini qurbon qilish evaziga o‘zgalar hayotini saqlab qolishdek kamdan-kam inson jur'at eta oladigan buyuk insoniy jasorat namoyon bo‘lganini aslo xotiramizdan chiqarmasligimiz kerak”, deya yozdi Xurshid Davron.

Afsuski, yosh olimning fojiali o‘limi adabiyotimizni zukko bilimdondan, bizni pokiza qalb egasi bo‘lgan insondan judo etdi.

Uning she'rlari go‘yo uning o‘limini bashorat qilganday yangraydi:

Sochilarsan sir bo‘lib,
Hayratimda hur bo‘lib.
Ucharsan-ey falakda…

Bahodir hayotlik chog‘larida so‘fiy shoirlar ijodiga doir tadqiqotlarining matbuotda yoritilishiga hukmron mafkura monelik qildi.

Vafotidan so‘ng «Insonni sevmoq kerak» kitobi yorug‘lik yuzini ko‘rdi. Tadqiqotlari «Sharq yulduzi». «Yoshlik» jurnallarida, «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» haftaligida, «Kamalak», «Shovot mavjlari» almanaxlarida bosildi.

Bahodir Sodiqov she'rlaridan

Dardlaringni daryoga,
Sirlaringni samoga,
To‘kma, sochma, sevgilim,
Sirlaringni sev, gulim.
Darding bilan dilbarsan,
Sirlar bilan suyukli.

Daryolarning dengizi,
Samolarning yulduzi.
Senga bo‘lsa, men o‘zim
Borman axir, kunduzim.

Daryolardan dilbarsan,
Samolardan suyukli.
Suydiriblar suymasang,
Kuydiriblar kuymasang,
Eng baxtiyor tuyg‘u bo‘l!

Tog‘siz, cho‘lsiz ohu bo‘l!
Kuymagandan dilbarsan,
Suymagandan suyukli.

Sochilarsan sir bo‘lib,
Hayratimda hur bo‘lib.
Ucharsan-ey falakda,
Falaklarim yurakda.
Falaklardan yurakda.
Falaklardan dilbarsan,
Yuragimdan suyukli.


Esa boshlar ishonch shamoli,
Va ko‘pirar kurash to‘lqini.
Ham ozodlik dengizi uzra,
Ko‘rinadi baxtlar yolqini.

Hali ko‘pdir qullik qoyasi,
Ozodlikning dengizi ichra.
Ey, shamollar, dovuldek esing,
Va sen, to‘lqin, qoyaga sachra!

Shamol hamda to‘lqin, birlash va
Qoyalarning qirg‘og‘in kemir,
Ey sen, dengiz, qullik orolin,
Qahr ila qa'ringga simir!

Shunda qoya o‘smog‘i uchun,
Xunta bo‘lib otilmas vulqon.
Zamondoshim ozodlik uchun,
Kurashga chiq, uyqudan uyg‘on!

1980 yil.
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2019
Ommaviy axborot vositalarida turk aktyori Burak O‘zchivitning yangi tug‘ilgan chaqalog‘iga Toshkentdan uy sovg‘a qilingani haqidagi xabarlarni 17 aprel kuni ...
23 mart 2021
2019 yil oktyabrda prezident Mirziyoev 2020-2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlagan edi. Bu hujjat O‘zbekistonning samarasiz qishloq xo‘jaligini ...
2 dekabr 2019
Qirg‘iziston milliy tasviriy san'at muzeyi direktori Mira Jangaracheva feminnale ko‘rgazmasini tashkil qilgani uchun ishdan olindi. Bu holatni qirg‘iz matbuotiga ...
2 iyun 2023
RT: Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana hafta aylanib siz bilan birgaman.  MS: Toshkent o‘risni mallakina oylondimi og‘a? ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...