Prezident intervyusining «rasshifrovkasi»
«Milliy tiklanish» gazetasi O‘zbekiston prezidentining 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Xotira maydonida OAV vakillariga bergan intervyusiga sharh e'lon qildi.
Esingizda bo‘lsa, bu intervyuda Islom Karimov «Ulug‘ Vatan urushi» iborasini qo‘llagani va boshqa gap-so‘zlari ayrim tahlilchilar tomonidan Rossiyaga yon bosish sifatida talqin qilingan edi.
«Milliy tiklanish» partiyasining Oliy Majlisdagi fraktsiyasi a'zosi Akmal Saidovning sharhi esa buning teskarisini ko‘rsatadi.
«…tevarak-atrofimizdagi ayrim davlatlarda o‘tkazilayotgan paradlar, harbiy texnika va qurol-yarog‘ namoyishlari kabi holatlar zamirida, birinchidan, urushning tub mohiyatiga yuzaki qarash, ikkinchidan, jangovar kuchni ko‘z-ko‘zlash, sodda qilib aytganda, boshqalarni qo‘rqitish siyosati yotgani achinarlidir», deyiladi sharhda.
Ayrim davlatlardagi nomigagina o‘tkazilgan paradlarni nazardan soqit qilganda yuqoridagi so‘zlar Rossiya sha'niga qaratilgandek taassurot uyg‘otadi.
Maqolada «Bizga tinchlik va omonlik kerak» degan «ezgu da'vat» haqida ham so‘z boradiki, yaqin orada xuddi shu shior ostida navbatdagi tashviqot tadbirlari boshlab yuborilsa ajab emas.
Eltuz.com