Asosiy mavzular
23 iyun 2016

Chet eldan jo‘natma pullarini olish muammoga aylandi

Farg‘ona viloyatining aksariyat banklarida jo‘natma pullarini berish juma kunigacha to‘xtatildi. Bank xodimlari buning sababini valyutaning tugab qolgani bilan izohlamoqda.

Shunday operatsiyani amalga oshirib kelayotgan “Mikrokreditbank” aktsiyadorlik tijorat banklarining Qo‘qon shahar bo‘limida odamlar turnaqator navbatda turishibdi.

«Turmush o‘rtog‘im Samara shahrida ishlaydi, – dedi o‘z nomiga kelgan mablag‘ni olish uchun navbatda turgan ayollardan biri, – avvallari ChPKdagi (Qo‘qon shahridagi joy nomi) “INFIN” bankdan o‘z pullarimizni olardik. Navbat xuddi shunday katta bo‘lardi. Bugun o‘sha bankka borsak, juma kungacha pullaringizni bera olmaymiz, dollar tugab qoldi, deyishgani uchun bu bankka keldik», – dedi suhbatdoshim.

“Mikrokredit” bank oldidagi navbat katta edi. Men ham mijoz sifatida qo‘riqlash xizmati xodimlariga uchradim.

«Rossiyadan jo‘natilgan pulimni olmoqchi edim», degan savolimga militsioner «Pasportingizni kserokopiya qildirib chiqing va navbatga qo‘ying, Navbatingiz kelsa chaqiramiz», dedi.

«Pasportimni sizlarga tashlab ketib, soat to‘rtlarda kelsam bo‘ladimi?», degan savolimga «Yaxshisi, ertaga vaqtliroq 8 larda kelib navbat oling, bugun baribir navbatingiz kelmaydi, 100 dan ortiq odam pul olish uchun turibdi, mana pasportlari», degan javobni berdi.

«O‘g‘lim Rossiyada ishlaydi, har doim pul jo‘natganda olishga qiynalamiz, ba'zi banklar erta kel, indin kel, deb sarson qiladi. Bugun ham uchta bankka bordik. Shunisida berishayotgan ekan, navbatda o‘tiribmiz. Navbatimiz, adashmasam oltinchi o‘ntalikda», dedi yana bir ayol.

Pasportlar o‘ntadan qilib taxlab qo‘yilgan. Bankka 10 nafardan mijoz kiritilayapti. Quyosh tig‘ida, soya salqinsiz joyda o‘tirgan bu kishilarning ba'zilariga navbat tegmay qolishi mumkin.

Bugun 22 iyun holatiga ko‘ra, dollarning O‘zbekiston Markaziy banki belgilagan kursi sotib olish 2987 so‘m, sotish 2996 so‘m, 00 tiyin. Qora bozorda esa sotib olish 6050-6120 atrofida bo‘lsa, sotish 6180 so‘m.

Ma'lumot o‘rnida shuni aytish kerak, respublika banklarining viloyatlardagi tuman va shahar bo‘limlarida chet ellardan, asosan Rossiya va Qozog‘istondan yuborilgan pul o‘tkazmalarini o‘z egalariga berishda g‘irromliklar qilinadi.

Valyuta egasi bank xodimlarining «Bugun dollar tugab qoldi, ertaga bir xabar oling, hozir svet o‘chib qoldi, kompyuter ishlamayapti, viloyat yoki respublika bizga pulingizni tashlab bermayapti, bir-ikki kunda keling» degan so‘zlaridan ba'zida odam bezor ham bo‘lib ketadi.

«Ko‘p hollarda bankka kelsak «dollar yo‘q» degan bahonani qilishadi. Keyin u yoqdan (chet eldan. Tahr.) pul jo‘natgan yaqinimiz «pulni oldilaringizmi?» deb telefonda so‘raganda bankirlarning javobini aytsak, tutaqib ketishadi.

«Nega, men jo‘natgan pulni yarim soat ichida olishga haqlisiz, ular bunaqa o‘yin qilishmasin» deya xunob bo‘lishadi», – deydi o‘g‘lidan kelgan pulni olish uchun navbatda turgan onaxonlardan biri.

Nasima Davron qizi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 iyul 2017
«Mana bitta misol, ertalab men Internetni o‘zim ochib o‘qidim, buni menga hech kim bermaydi!» dedi Mirziyoev deputatlar bilan 12 ...
28 dekabr 2023
Sizga aytmoqchi bo‘lganim voqeani «Otalar so‘zi aqlning ko‘zi» degan  TV formatda hikoya qilsam. Tasavvur qiling, bir ko‘zoynak kiygan marg‘ilon ...
24 noyabr 2020
Qishloq xo‘jaligi mutaxassisi, 70 yoshli Ismoil Ospanov «Eltuz» orqali o‘z turkum chiqishlarini davom ettirib, navbatdagi videosida O‘zbekistonda qish mavsumi, ...
12 dekabr 2016
«Hurriyat» gazetasi (07.12) yosh jurnalist yigitning mohiyatan xalq dardini yozishdan qochib, buni o‘zicha oqlashga uringani to‘g‘risidagi maqolani e'lon qildi. ...
Bloglar
14 iyul 2025
Rassom og‘a doim bolasini o‘ris bog‘cha va maktabga berganlarni qoralaydi. Bu fikrga to‘liq qo‘shilaman. Doim ...
18 iyun 2025
«O‘zbekcha fikrlash»ni musorga otvormasak dunyoga razil bo‘lishda davom etamiz.Nima o‘zi «O‘zbekcha fikrlash»?Masalan O‘zbekiston qonunida «jins ...
16 iyun 2025
Teatr zamon yuziga ko‘zgu tutishi kerak. Lekin o‘zbek teatri buni eplay olmayapti. Drama yozadigan birorta ...