Korruptsiyaga qarshi korruptsionerlar kurashadimi?
O‘zbekistonda «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ortidan senator va deputatlarning bu hujjatga oid balandparvoz chiqishlari paydo bo‘la boshladi.
Xususan, «Xalq so‘zi» gazetasida (11.01) senator Gulchehra Sattorovaning shu mavzudagi maqolasida bu qonun «keng jamoatchilik tomonidan katta quvonch bilan kutib olingani» aytiladi.
Muallif so‘nggi yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish yo‘lida bir qator huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilinganini bildirar ekan, yangi qonun «ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan omillarni chuqur tahlil qilib» ishlab chiqilganini ta'kidlaydi.
Afsuski, maqolada nega mamlakatda 25 yildan buyon bunday qonun qabul qilinmagani, bu boradagi mavjud normativ hujjatlar nega ishlamaganiga to‘xtalib o‘tilmagan. Muallifdan buni kutishning o‘zi o‘likdan jon tilagandek bo‘ladi nazarimizda.
Lekin senator xonim aytganidek, yangi qonun «fuqarolar huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta'minlashning qo‘shimcha huquqiy kafolatlarini yaratadi»mi?
Hozircha bunday deyishga asos ko‘rinmayapti. Chunki marhum prezidentning qizi bilan bog‘liq korruptsion jarayonlarda ayblanayotgan shaxs bosh vazir, xuddi shunday jinoyatlari uchun 20 yilga shartli jazoga tortilgan kishi qurilish sohalariga mutasaddi, xullas, xalq mulkini o‘g‘irlashda ayblanib ko‘chaga uloqtirilgan sobiq amaldorlar yana hokimiyatga qaytarilayotgan bir paytda yana nima xulosa qilish mumkin?!
Bunday vaziyatda korruptsiyaga qarshi kurashish korruptsionerlarga yuklanyaptimi, degan haqli savol tug‘ilishi tabiiydir.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com