Asosiy mavzular
12 yanvar 2017

Chiroqsiz aholi, suv muammosi yechim topgani va boshqalar haqida

Kun.uz sayti garchi mayda-chuyda bo‘lsa-da, muammolarni ko‘tarib chiqishda davom etmoqda. Bu muammolarning yechimlari va sabablari chuqur ochib berilmayotganiga qaramay, ular tilga olinayotganining o‘zi e'tiborga loyiq.

Xususan, sayt Shahrisabzda bir-ikki oydan buyon elektr ta'minoti juda yomonlashgani, tuman hududida sutkasiga 4 soatgina chiroq borligini yozib chiqdi.

Bu masala yuzasidan fikr bildirgan Qashqadaryo elektr ta'minoti korxonasi mutaxassisi 29 dekabrdan 2 yanvargacha butun viloyatda elektr ta'minotida uzilish bo‘lmagani ortida odamlarga bayram kayfiyati ulashish maqsadi yotganini aytgan.

Mutaxassis chiroq o‘chirilishiga sabab aholi ajratilgan limitni elektr pech ishlatish yoki tarmoqqa noqonuniy ulanish orqasidan tugatib qo‘yayotgani, natijada transformatorlarga ortiqcha yuk tushayotgani bilan izohlagan.

Savol tug‘iladi, bayram kunlari elektr uzluksiz berilganda nega transformatorlarga yuk tushmaydi-yu, boshqa kunlari yuk tushadi? Afsuski, maqolada bu savolga javob yo‘q.

Buning o‘rniga mutaxassis Shahrisabz hududida 15-20 yanvar kunlariga qadar elektr ta'minoti barqarorlashishi aytib, xalqni yangi prezident qaroriga muvofiq yaqin 5 yil ichida O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr ta'minoti yaxshilanishidan umidvor qilgan.

E'tiborli jihati, maqolada bevosita aholining tilidan elektr taqchilligi qanday noqulayliklar, azoblar keltirayotgani ham aytib o‘tiladi.

«Rahbariyat xalqni, xalq rahbariyatni ayblashda davom etsa, u yurtda taraqqiyot bo‘ladimi? Olib borilayotgan islohotlar, o‘ylab chiqilgan va hayotga tatbiq etilayotgan g‘oyalar taqdiri xotinlarning “bor tovog‘im, kel tovog‘im”iga o‘xshab qolmaydimi?» deya ritorik savol tashlanadi maqolada.

Kun.uz maktab o‘quvchilariga metallolom, makalatura topshirish kabi ko‘plab majburiyatlar yuklanishi mavzusiga e'tibor qaratib, bu masalada tegishli idoralarning javobini olishga ham muvaffaq bo‘lgan.

Sal avvalroq sayt jizzaxlik hamkorining Arnasoy tumanida har bir o‘quvchiga 30 kg dan «metallolom solig‘i» solingani, buning uchun 18 ming so‘mdan pul yig‘ilayotgani to‘g‘risidagi maqola e'lon qilingani ortidan Mehnat vazirligi tegishli tekshiruvlardan so‘ng bu ma'lumotlarni asossiz deb baholaganini yozdi.

Xalq ta'limi vazirligi esa Mehnat vazirligiga “Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konventsiyalariga muvofiq vazirlik tomonidan maktab o‘quvchilarini majburiy va og‘ir mehnat turlariga jalb etmaslik bo‘yicha qat'iy topshiriq berilgan», deb xat ham yo‘llabdi.

Sayt O‘zbekistondagi bugungi sharoitda mazkur masalani ko‘tarib chiqqanining o‘zi dadillikdir. Mas'ul idoralarning bu muammoni rad etishi esa boshqa masala.

Birgina paxta mavsumidagi majburiy mehnat, bolalar mehnati haqida yuzlab ishonchli ma'lumotlarni rad etib kelayotgan bu idoralardan yana qanday ham javob kutish mumkin?

Eng asosiysi, O‘zbekiston saytlari bunday muammolar borligini ochiq yoza boshladi. Shuning o‘zi ham hozircha katta gap.

Ko‘tarilgan ba'zi muammolar esa yechim ham topayotgani ma'lum bo‘lyapti. Jumladan, sayt Jalaquduq tumanidagi Yorqishloq qishlog‘idagi ichimlik suv muammosini ko‘tarib chiqqanidan so‘ng mutasaddilar bu masalani zudlik bilan hal etishga kirishgani haqida xabar berdi.

Bundan xulosa shuki, muammolarni yozish mumkin ekan. Yangi prezidentning xalq istaklari bilan hisoblashish siyosati bahonasida ularning hammasi bo‘lmasa-da, ayrimlari yechim topishiga umid qilsa bo‘layotganga o‘xshaydi…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2016
4 oktyabr kuni o‘z onasiga nolalari tarzida bitilgan maktubida Gulnora Karimova ekani iddao qilinayotgan Afina@zabitaya1972 akkaunti egasi uch yillik ...
20 iyun 2024
Keyingi kunlarda Eltuz tomonidan qo‘yilgan har bir materialga, o‘zini din himoyachisi deya hisoblovchilar nomidan haqoratli komentlar qo‘yilishi avj olgan. ...
1 avgust 2017
Iyul oyida O‘zbekiston televideniesi hayotida ro‘y bergan eng muhim hodisa, shubhasiz, «O‘zbekiston 24» telekanalining faoliyat boshlagani bo‘ldi. Garchi mamlakat ...
29 noyabr 2016
Chirchiqlik 41 yoshli Dilorom Amirxamzaeva ismli ayol, eri, MXX podpolkovnigi bo‘lgan To‘raboy Amirxamzaev uni bolalari bilan uyidan haydab chiqargani ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...