Asosiy mavzular
24 yanvar 2017

«Chapani» ishga kirishdi

«Hurriyat» gazetasi (18.01.) yangi prezidentning so‘nggi vaqtlardagi chiqishlaridan ilhomlanib, «Chapani chapdan turganda» (ruknning nomi) nimalarni aytib yuborishi mumkinligini hukumatga ko‘rsatib qo‘ymoqchiga o‘xshaydi.

Shu rukn ostida feletonsimon maqolalar e'lon qilmoq shijoatida yo‘lga tushgan bosh muharrirga paxta qo‘yish niyatida (yaxshi ma'noda) bo‘lganlar navbatga yozilishini so‘raymiz…

Endi biz zo‘rga paxta qo‘yalar peshma-pesh hamma zinalaru bosqichlarda biri biriga joy bermay, bir-birining ustidan bosib, dehqon yetishtirib bergan paxtani eksportga yuborishning o‘rniga kattalarning (….)ga bosishga o‘rganmagan jurnalistlarning maqolasini kutamiz, degan iddao ko‘ringandek bo‘ldi bu rukn ortida.

Ya'nikim, gazeta xalqning dardi ochiq yozilgan muammoli maqolalarni kutamiz, demoqchi bo‘lgandek ishora berdi.

Hozircha gazeta istehzoni sho‘rolar davrida bir vazir mashhur Chingiz Aytmatovning «Oq kema» asarini tushunmay: «Men o‘qib tushunmagan kitobni o‘quvchilar tushunarmidi», deb maktab kutubxonalari uchun sotib olinadigan kitoblar ro‘yxatidan o‘chirib tashlaganini eslab o‘tadi.

Keyin esa bu yil gazetaning obuna (majburiy obuna bo‘linishi shart bo‘lgan gazetalar) ro‘yxatidan o‘chirib tashlanganini ilintirgan muallif bosh muharrirga maslahat beradi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmaydi, ammo jamiyatdagi muammolarni ur, o‘shanda hurmat topasan, obuna ham joyiga tushadi, deb bosh muharrir timsolidagi do‘stiga murojaat etadi.

Gap orasida muallif gaz muammosini qistirib o‘tadi. Sirdaryoda gaz yo‘qligini aytar ekan, bosh muharrirga qarata: «Senga o‘xshagan xonada o‘tirib maqola yozadigan do‘stlarimga ko‘zimga chalingan ana shunday nuqsonlar haqida yozib, hayotda nimalar bo‘layotganini yetkazib turishni dilimga tuyib qo‘ydim», deydi.

Maqolada bosh muharrirning yuqoridagi gaplarga javobi ham e'lon qilingan. U muallifga «mujik»cha murojaat etar ekan, bo‘lar-bo‘lmas gaplarni emas, asosli gaplarga tayanish, ya'nikim ishni ehtiyotkorlik bilan boshlash zaruratini eslatadi.

«…osmonga tosh otib o‘ynama, bittasi bo‘lmasa, boshqasi qaytib kelib, boshingni yoradi», deb mulohaza qiladi bosh muharrir aftidan shu paytgacha tutib kelgan yo‘li tajribasidan kelib chiqib.

So‘ng u nafaqat o‘z dardini, respublikadagi aksariyat gazetalarning muammosini dasturxon qiladi: «…birgina obunadan tushadigan tushumga qarab qolganmiz. … qalami nayzaday jurnalistlarni ijodiy safarlarga jo‘natishga qurib yetmaydi… Kimningdir qo‘liga qaram bo‘lsa, yozgani ham shunga yarasha bo‘ladi. Buni bilasan, «Yegan og‘iz uyalar».

Mana shu ikki-uch qator gapda bugungi o‘zbek jurnalistikasining yozug‘i bitilgan. Buning uchun «Hurriyat»ni maqtasak, erkin jurnalistikaning ustidan kulgan bo‘lamiz.

Lekin yangi prezidentning g‘ayrat-shijoatidan, so‘nggi vaqtlarda xalqimizga ulashayotgan ishonchidan kelib chiqilsa, o‘zbek jurnalistikasi ham bu jarayonga qo‘shilishga urinishidan balki quvonish kerakdir, degan o‘yga ham borishingiz mumkin.

Shunga qaramay, bir narsani esdan chiqarmaylik: hukumat chizib bergan doirada o‘ynash (jurnalistika ma'nosida) «oq terakmi, ko‘k terak» o‘ynash emas. Chunki bolalarning bu o‘yinida ozmi-ko‘pmi adolat bor.

«Hurriyat»ning chapanisi aytadigan gaplar ham har doim xalqning ko‘nglidagi aytmishlar bo‘lsa, bosh muharrir «obunadan tushadigan tushumga qarab qolganman, jurnalistlarimni ijodiy safarlarga jo‘natishga qurbim yetmaydi», deb yozg‘irishiga hojat qolmaydi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 avgust 2019
Mamlakat turg‘unlarining buzilayotgan uylari uchun bozor narxida tovon talab qilishi ochko‘zlik ekan. Prezident samolyoti uchun 300 mln. to‘lansa, mayli. ...
4 oktyabr 2017
4 oktyabr kuni tushdan keyin 67 yoshli mahkum jurnalist Solijon Abdurahmonov Qarshidagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etildi. Foto: Huquq faoli ...
31 avgust 2016
1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelayotgan 72 yashar Rustam Inoyatov Karimov o‘rtadan ketishi bilan ...
16 avgust 2017
2018 yilgi Green Card lotereyasi natijalariga ko‘ra, Amerikada yashash imkonini olgan g‘oliblar miqdori bo‘yicha O‘zbekiston beshlikdan o‘rin oldi. Beshlikka ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...