Asosiy mavzular
13 fevral 2017

Uyma-uy yurib berilayotgan va'dalar

«Adolat» gazetasining yozishicha, shu nomdagi sotsial demokratik partiya deputatlari uyma-uy yurib, «joylarda muammolarni aniqlab, aksariyatini hal etyapti».

Bu partiya deputatlari ayrim muammolarni qanday hal etayotganini o‘qib, kulishni ham, kuyishni ham bilmaysiz. Masalan, partiyaning Qonunchilik palatasidagi deputati Buxoroning Shofirkon tumaniga borib, bir fuqaroning muammosini qanday yechib berganiga e'tibor bering.

«Navro‘z qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Iroda Usmonova umr yo‘ldoshi og‘ir kasallikdan vafot etib, farzandlarini o‘zi voyaga yetkazgani, endilikda farzandlarining ish bilan band emasligi, 2014 yildan buyon gaz ta'minoti korxonasi tomonidan suyultirilgan gaz bilan ta'minlanmayotganini bildirdi. Deputat tomonidan bu muammolar hal etilishi hamda gaz ta'minoti bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor berilishi ta'kidlandi», deb yozdi gazeta.

Namanganning Chust tumanidagi 7-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘qituvchisi ta'lim maskanida proektor va elektron interfaol doska yo‘qligini aytsa, deputat bu muammoni viloyat xalq ta'limi boshqarmasi e'tiboriga havola qilibdi.

Samarqandning Ishtixon tumanida bir necha fuqaroning uy-joy qurish uchun uchastka ajratish to‘g‘risidagi shikoyati esa mahalliy hokimiyatga yo‘llanib, tezda hal etish uchun ijrosi nazoratga olinibdi.

Ko‘rinib turibdiki, bechora deputat va senatorlar prezident aytgani uchungina uyma-uy yurishga majbur bo‘lmoqda. Bungacha issiq joyda qornini qashlab o‘tirgan kunlarida odatga aylanib qolgan «muammolarni hal etish tartibi»ni unuta olmayotgan deputatlar hamon eskicha ish uslubidan qutula olmayotir.

«E'tibor berilishi ta'kidlandi», «e'tiboriga havola etildi», «ijrosi nazoratga olindi» kabi umumiy gaplar ana shundan dalolat berib turibdi.

Mamlakatni «qo‘lda boshqarish» usuli hech qachon samara bermagan. Marhum prezident Karimov tomonidan qo‘llangan avtoritar boshqaruvning ayni uslubini Shavkat Mirziyoev davom ettirmoqda. Biroq, bitta odam, agar u avliyo bo‘lib, cheksiz hokimiyatga ega chiqqan taqdirda ham, xalq uchun qayg‘urmaydigan va oyligi haminqadar bo‘lgan amaldorlar armiyasini nazorat qila olmaydi.

Mamlakatni samarali boshqarish uchun, haqiqiy mustaqil parlament, mustaqil sud va erkin matbuot kabi qo‘shimcha institutlarni rivojlantirish zarur. Bu formulani – demokratiya deya atashgan va hozircha shundan afzali o‘ylab topilmagan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 avgust 2019
Prezident Mirziyoev 2 avgust kuni o‘tkazgan yig‘ilishda uylarni buzish ishlari bilan norozilik keltirib chiqargan hokimlarni uning siyosatiga xiyonat qilishda ...
20 aprel 2017
O‘zbekistonlik tahlilchi Anvar Nazirning Eltuz muxbiriga bildirishicha, yaqinda Toshkentda hokimiyat darajasida o‘tgan komissiya yig‘ilishida kirilga qaytmaslik, lotin alifbosini saqlab ...
18 fevral 2020
«2017 yil yanvar oyida, ya'ni mening ozodlikka chiqib ketishimga sanoqli kunlar qolganida, biz oxirgi marta uchrashib suhbatlashdik. Bizning bu ...
17 iyul 2017
O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar rahbarlaridan birortasi prezident Shavkat Mirziyoevning siyosiy partiyalar faoliyati tanqidiga qarshi ochiq munosabat bildirishga jur'at etgani yo‘q. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...