Dayjest
17 iyul 2017

Partiyalar tanbehni qulluq bilan qarshi olmoqda

O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar rahbarlaridan birortasi prezident Shavkat Mirziyoevning siyosiy partiyalar faoliyati tanqidiga qarshi ochiq munosabat bildirishga jur'at etgani yo‘q. Suratda: Klara Jumamuratova UzLiDep yig‘ilishida gapirmoqda. Turkiston-press

Shu kungacha mamlakatda mavjud to‘rtta siyosiy partiya – «Milliy tiklanish», «Adolat», XDP, O‘zLiDeP, shuningdek, parlamentda imtiyozli ravishda o‘rin ajratiladigan Ekologik harakat yetakchilari mum tishlab turibdi.

Mahalliy matbuotda esa faqat partiyalarning oddiy vakillari prezident tanqidiga javob tarzidagi fikr-mulohazalarini e'lon qilmoqda.

Bu munosabatlar ham tanqid qilgani uchun davlat rahbariga qulluq qilishga o‘xshab ketadi. Ular tanqidni minnatdorlik bilan qabul qilmoqda.

Masalan, O‘zLiDePning parlamentdagi fraktsiyasi a'zosi Klara Jumamurodova «Xalq so‘zi» gazetasidagi «otklik»da «tadbirkor va ishbilarmonlar manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘lagan partiyamiz faoliyati jiddiy va o‘rinli tanqid qilindi», deya gapni paxta qo‘yishdan boshlagan.

Bu ayol prezident partiya tadbirlari faqat nomiga, hisobot uchun o‘tkazilayotganini aytganida «uyalib ketgani»ni yashirmagan.

“Milliy tiklanish”ning parlamentdagi a'zosi Alisher Qodirov ham qulluq ohangidagi gaplari orasida xuddi avval bundan xabari yo‘qdek, partiyasi «odamlar orasida mustahkam o‘rin egallay olmayotgani»ni tan olgan.

Xullas, barcha partiyalar vakillarining prezidentning chiqishiga munosabatida tavba qilish, «ko‘zimizni ochganingiz uchun qulluq», degan ohangni sezish qiyin emas.

To‘g‘ri, matbuotda «Adolat» partiyasi raisi o‘rinbosari Abdukamol Qodirovning «endi yangicha ishlaymiz, faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak», deganga o‘xshash va'dalar bilan to‘la bayonoti chiqdi. Ammo u baribir partiyaning birinchi rahbari emas-da.

Kuzatuvchilar fikricha, partiyalar yetakchilarining sustkashligi, tezkor bayonot bilan chiqmagani ortidani yangi mansab almashuvlari kutilmoqda.

Prezidentning o‘z chiqishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevni tanqid qilgani ham oqibatsiz qolmasligi dargumon.

Prezident Islom Karimov vafot etganida konstitutsiya bo‘yicha bu vazifasini vaqtinchalik bajarib turishni Senat raisi o‘z zimmasiga olishi kerak edi. Ammo majburiy-ixtiyoriy ravishda undan bu vakolatni olib qo‘ygan Shavkat Mirzieyov uchun endi u istalmagan shaxsga aylangan.

Chunki mamlakat taqdiri uchun eng muhim pallada Yo‘ldoshev o‘zini subutsiz, irodasiz, qo‘rqoq inson sifatida namoyon etishi bilan mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham o‘ziga bo‘lgan ishonch kreditining so‘nishiga olib keldi.

Bunday inson endi prezidentning ham, mamlakat parlamenti Senatining ham obro‘siga faqat putur yetkazishi mumkin.

Shuningdek, siyosatshunoslar faqat saylovlar oldidan «muxolifat-muxolifat» o‘yinini o‘ynab o‘rgangan partiyalarning bundan buyon bu o‘yinni faol davom ettirishini kutish o‘rinli bo‘lishini bashorat qilmoqda.

Chunki Shavkat Mirziyoev o‘z chiqishida parlamentdagi tadbirlar, fraktsiyalar o‘rtasidagi bahs-munozaralarni jonli tarzda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish masalasini kun tartibiga qo‘ydi.

Shuning uchun endi parlament deputatlariga bunday shoularning faol ishtirokchisiga aylanish vazifasi qo‘yiladi. Lekin parlamentdagi haqiqiy bahslarni kutish o‘rinsiz.

Chunki, haqiqiy muxolifat bo‘lmagan mamlakatda hatto bahs-munozaralar ham nomigagina, ko‘zbo‘yamachilik uchun uyushtiriladi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 iyun 2017
Talaba o‘limiga sabab bo‘lgan janjal ortidan Toshkentdagi Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji yopiladigan bo‘ldi. Ayni paytda O‘zbekistonda 11 sinflik maktab ...
5 iyul 2022
Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish loyihasi e'lon qilinganidan so‘ng meni, avvalo, 55-moddaga (erga egalik huquqi) kiritilishi belgilangan o‘zgartirishlar qiziqtirdi. Albatta, nazarimda, ...
14 sentyabr 2017
O‘zbekistonda paxta terimi boshlanganiga bir xafta bo‘ldi, turli maqomdagi mulozimlarning bu yil paxta terimiga o‘qituvchilarni jalb qilmaslik haqidagi va'dalari ...
26 iyun 2023
To‘raev Abdusamad Abdulhamidovich 13.01.1959 yilda Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma'lumoti o‘rta, oilali, 4 nafar farzandi bor, yoshga doir ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...