Asosiy mavzular
20 fevral 2017

Karimovning besh tamoyili o‘rniga Mirziyoevning besh strategiyasi

O‘zbekiston chorak asr marhum Islom Karimovning besh tamoyili asosida yashab keldi. Bu besh tamoyil aslida bir tiyinga qimmatligi, qog‘ozdagi gaplar bilan amaliy ishlar o‘rtasida yer bilan osmonchalik farq borligini hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘ydi.

Mazkur tamoyillar asosidagi «rivojlanish» O‘zbekiston xalqini qashshoqlikka, darbadarlikka mahkum etdi. Shunga qaramay, chorak asr davomida ular haqida balandparvoz gaplar aytilishdan to‘xtamadi.

Xalqning ahvoli og‘irlashgan sari besh tamoyil to‘g‘risidagi maqtovlar tobora balandroq yangrayverdi.

I.Karimovning vafoti uning besh tamoyilini ham o‘zi bilan olib ketgan ko‘rinadi. Bu tamoyillarni tinimsiz madh etib kelganlar bugun yangicha sayramoqda. Endi ularning og‘zida yangi hukmdorning harakatlar strategiyasi, unda belgilangan besh vazifa.

Xususan, kechagina I.Karimov yaratgan «taraqqiyot yo‘li»dan chekinmaslikni aytib kelayotgan O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi endi yangi prezidentning harakatlar strategiyasi «o‘z faoliyatining dasturilamaliga aylanishi»ni e'lon qildi («XXI asr» gazetasi, 16.02).

Gazetaning yozishicha, partiya siyosiy kengashining navbatdagi majlisida prezidentning harakatlar strategisiga oid farmonidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilingan.

Partiya rahbari S.Turdiev mazkur hujjatni «nihoyatda xalqchil va keng qamrovli», deb atagan va bu bahosiga strategiyaning xalq muhokamasiga qo‘yilganini asos qilib olgan.

«Internet orqali jami 1310 ta taklif-tavsiya va munosabatlar bildirilgan bo‘lsa, shundan 215 tasi qabul qilindi, 619 tasidan esa ma'lumot sifatida foydalanildi. Shuning o‘ziyoq farmonda inson manfaatlari to‘la aks etganidan dalolatdir», degan partiya yetakchisi.

Ana xolos. Butun bir mamlakat, xalq taqdiriga daxldor katta hujjat muhokamasi davrida olingan takliflar soni 1,5 mingga yetmasa, shuning ham bor-yo‘g‘i 215 tasi qabul qilingan bo‘lsa, buning nimasini xalqchil deyish mumkin? Buning nimasini inson manfaatlariga to‘la mos, deb olqishlash mumkin?

Qolaversa, takliflar sonidan kelib chiqilsa, xalqimiz, soha bilimdonlari nega bu muhim hujjat muhokamasida yetarlicha faollik ko‘rsatmadi, degan haqli savol ham tug‘iladi.

Buni esa mamlakatda chorak asr davom etgan yakkahokimlik siyosati xalqning zehniyatini o‘tmaslashtirib, uning aksariyat qismini fikrsizlik botqog‘iga botirib qo‘ygani asorati deb izohlasa, to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.

Ammo, tabiiyki, gazetada bunday muqobil mulohazalarni uchratmaysiz. Buning o‘rniga deputatlar bir vaqtlar xuddi Karimovning besh tamoyili haqida aytgan gaplarini yangicha ko‘rinishda bayon etish bilan shug‘ullanyapti.

Ular bugun harakatlar strategiyasining «mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish», undagi «dolzarb masalalarni hal etishda alohida jonbozlik ko‘rsatish» bilan band.
Bu kabi balandparvoz so‘zlarni o‘qir ekansiz, yangi prezidentning harakatlar strategiyasi boshiga ham Karimovning besh tamoyili kuni tushmasaydi, degan mulohozaga boradi kishi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 noyabr 2020
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari haq talab qilgani (hujjatlarda – “jamoat tartibini buzgani”) uchun uch kunlik ma'muriy hibsga ...
21 sentyabr 2020
Ayollar diskriminatsiyasi va gender tenglikka qarshi harakatlar avval masjidlarda, ichki ishlar xodimlari orasida (ayollarni yechintirib, to‘dalashib tomosha qilib videoga ...
28 mart 2016
Navro‘z mavzusini davom ettirgan «Adolat» gazetasi bu bayram eskilik sarqiti, diniy marosim sifatida taqiqlangan, hatto kommunist amaldorlar qishloqma-qishloq yurib, ...
26 avgust 2016
Frantsuz fotografi Anri Karte Bresson reportaj fotojurnalistikasining “otasi” deya nom chiqargan edi. U bir joyda o‘tirmay tinimsiz sayohat qilishga ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...