Qariyb 10 yildan beri chirog‘i yo‘q maktab
O‘zbekiston matbuoti Kadrlar tayyorlash milliy dasturi tufayli mamlakatda ta'lim tizimi qanchalik «yutuqlarga erishgani», «dunyoda tan olingani» to‘g‘risida og‘iz ko‘pirtirib keladi.
Ammo «XXI asr» gazetasida (08.03) chop etilgan maqola bu e'tiroflarning quruq safsata ekanini oshkor qilib qo‘ydi.
Gazetada yozilishicha, Chiroqchi tumanining Obodon qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan 129-maktab elektr energiyasi bilan ta'minlanmagan.
Hozir hamma joyda bu muammo bor, biror kun maktab chiroqsiz qolib ketgan bo‘lsa bordir, degan istiholaga bormang. Chunki bunday istiholaga asos yo‘qligi-ku mayli, qachondan buyon shundayligini eshitsangiz, yo‘g‘-ey deb yuborganingizni bilmay qolasiz.
Ma'lum bo‘lishicha, 450 nafar o‘g‘il-qiz ta'lim oladigan bu maktab 2009 yilda qurilib, foydalanishga topshirilganidan buyon elektr energiyasi ta'minotidan mahrum.
«Demak, istiqbolimiz egalari bo‘lgan bu yoshlar shu vaqtdan buyon zamonaviy ilm – kompyuter saboqlaridan bebahra qolib kelishmoqda», deyiladi maqolada.
E'tibor beryapsizmi, butun boshli maktab 8 yildan buyon elektr energiyasi bilan ta'minlamagan. Shu paytgacha birov bu muammoni hal qilib bermagan. Na tuman hokimligi, na maorif sohasi vakillari bunga e'tibor qilmagan.
Shu o‘rinda bir mulohaza tug‘iladi. Agar O‘zbekistonda ta'lim tizimi «muvaffaqiyatlari» haqida tinimsiz yangrayotgan maqtovlarni gapirish, yozish uchun qilingan harakatlar mexanik yo‘l bilan elektr energiyasiga aylantirilganda bu maktabning elektr muammosi umuman bo‘lmas edi, deyishga to‘la asos bor.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com