Asosiy mavzular
6 aprel 2017

Mirziyoev ishorasi bilan o‘zgarayotgan matbuot

Prezident Mirziyoevning «O‘zbekiston» va «Yoshlar» telekanallarini, xususan, «Axborot» ko‘rsatuvini «ura-urachilik zamoni o‘tgani» to‘g‘risida ogohlantirgani ortidan o‘zbek ommaviy axborot vositalarida o‘z-o‘zini tanqid qilish tendentsiyasi ko‘zga tashlanmoqda.

Jumladan, Kun.uz sayti bloger Behzod Qobulovning o‘z blogida e'lon qilgan «Sabablarning sabablari» maqolasini «O‘qituvchiga osilmagan sen qoluvding o‘zi!». “Jurnalist o‘ziga tupurganda» sarlavhasi ostida chop etdi.

Bloger «Madaniyat va ma'rifat» telekanalida Qashqadaryodagi bir maktabning «asossiz» tanqid qilinishini qoralab chiqqan.

Maqolada lavhani tayyorlagan muxbir «anoyiroq» ekaniga ishora qilinib: «Maktabda konferentsiya o‘tkazilayotgan paytda o‘qituvchilarni xonalardan izlash mantiqqa to‘g‘ri keladimi?.. Og‘ayni, o‘qituvchini namuncha titkilaysan, unga osilmagan sen qoluvding o‘zi!.. Aslida dars o‘tilayotgan binoni, sharoitni ko‘rib, o‘sha qashqadaryolik o‘quvchiyu ustozlarni birma-bir quchib yig‘laging keladi-yu, ularga haykal qo‘yish kerak-ku!..», deyiladi.

Shuningdek, bloger prezident tanqididan so‘ng «Axborot» Markaziy bank yoki moliya sohasi mutasaddilarini ko‘rsatib, pulimizni nima qilyapsizlar, deb so‘rashini, test markazi rahbari «bunker, kalla, RG, shpargalka, X variant uchun xalqimizdan uzr so‘rayman», deb astoydil ko‘zyosh tutayotganini ko‘rishni xayol qilgani, buning o‘ringa esa bu ko‘rsatuvda «olimadan ko‘ra aktrisaga o‘xshaydigan bir opaning maktabda nomutaxassislar dars o‘tishini gapirgani»dan noliydi.

Biz o‘zbek OAV yuzasidan sharhlarimizda deyarli har bir maqola, lavha, ko‘rsatuvlar «muhtaram prezidentimiz rahnamoligida», «yurtboshimiz tashabbusi bilan», «prezidentimizning bevosita rahbarligida» kabi epitetlar bilan to‘lib-toshishini ko‘p yozganmiz.

Endi mahalliy jurnalistlarning o‘zi bizning bu tanqidlarimizni qo‘llab-quvvatlab maqolalar yoza boshladi.

Bir vaqtlar «Axborot» direktsiyasida javlon urgan taniqli jurnalist Komiljon Shamsiddinovning Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolasi gapimizning isbotidir.

«O‘z davlatidagi u yoki bu vazirning qilayotgan ishi tugul afti-angorini ham ko‘rmay, tanimay, butun bir avlod o‘tib ketgani»dan gap ochgan jurnalist bugun matbuot orqali bayonot bera boshlagan hukumat a'zolari, vazirlarning chiqishlarini tanqid ostiga oladi.

U prezidentning Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifini yoritgan televideniening bosh informatsion ko‘rsatuviga intervyu bergan yengil sanoat bo‘yicha rahbarning bir daqiqa nari-berisida “muhtaram yurtboshimizning tashabbuslariga ko‘ra”, “u kishining ko‘rsatmalariga binoan” qabilidagi hamdu sanolari naq besh marta yangragani»ni «paxta qo‘yish», deb baholagan.

Uning yozishicha, bu taxlit xushomadlar ortida ikki sabab yotadi: «birinchisi, intervyu berayotgan odam “yuqori”dagi kimningdir yoki kimlarningdir g‘azabidan qo‘rqib, imkon qadar vaziyatni yumshatishga intilishi yoxud vaziyatdan aynan xushomad orqali chiqib ketishi, bu bilan esa kimlargadir yoqishga intilishi;

ikkinchisi, tilga olinayotgan, amalga oshirayotgan ishlardagi asosiy mas'uliyatni o‘zidan soqit qilib, boshqalarga yuklash. Ya'ni bu o‘rinda “asosiy mas'uliyat menda emas, bu ishning tashabbuskorida” degan bir da'vo ham o‘z-o‘zidan qalqib chiqmoqda».

Jurnalist Islom Karimov davrida hamdu sanolar yo‘llashning hadisini olgan rahbarlar bilan bog‘liq voqealarni keltirib, o‘zi istamasa-da, bunday xushomad marhum prezident tomonidan zavq bilan kutib olinganiga ishora qiladi.

Muallif rahbarlar yangi prezidentga nisbatan ham «muhtarambozlik» o‘yinini boshlayotgani, lekin bu holat bugungi davlat rahbariga yoqmasligiga umid qilayotganini yashirmagan.
«Jamiyat» gazetasi esa (05.04) «Jurnalistlarni nega yoqtirishmaydi», degan savolga javob qidirgan.

Maqolaning mazmuni shuki, rahbarlar jurnalistlar bilan uchrashishdan qochadi. Imkon qadar ulardan uzoqroq yurishga harakat qiladi. Jurnalistlarni yoqtirmaydi.

«Xo‘sh, jamiyatimizda jurnalistlarni yoqtirmaslik muhiti qanday paydo bo‘lib qoldi», degan savolga izlagan muallif bu muammoning sababini «ayrim rahbarlarning oyog‘i yerdan uzilib, havolangach, ular bilan qalam ahli o‘rtasidagi aloqa uzila boshlagani»da ko‘radi.

Shuningdek, «bunga jurnalistlar ham aybdor ekani, chunki «to‘rtinchi hokimiyat» vakili sifatida yetarlicha shijoat, jasorat, fidoyilik ko‘rsata olmayotgani, xalqimizning dardiga darmon bo‘lishga yaramayotgani»ni ta'kidlaydi.

Uning fikricha, «odatda qaerda kamchilik va nuqson ko‘p bo‘lsa, o‘sha yerda jurnalistlarni xushlamaslik kayfiyati qaror topadi».

Nazarimizda muallifda muammoning asl sabablarini ko‘rsatishga, o‘zi aytganidek, buning uchun kerak bo‘ladigan jasorat va jasurlik, haq so‘z va xolis fikr aytish fazilati yetishmagan.

Chunki bugungi o‘zbek matbuoti, televideniesining asl qusuri aslida ommaviy axborot vositalari hukumatning ommaviy targ‘ibot vositasiga, xalq muammolarini yozish va ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum etilgan jurnalistikaning «silliq» sohaga aylantirilganidadir.

Prezident tanqididan keyin mahalliy jurnalistika bugun o‘ralib qolgan qobig‘ini yorib chiqishda o‘zida kuch topa oladimi?

Fikrimizcha, hali buning uchun hali ko‘p qovun pishig‘i bor. Chunki avvallari ham marhum prezident OAVni jasurlikka undashi ortidan jurnalistikamiz «vallomatlari» darhol bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, qator-qator maqolalar, ko‘rsatuvlar tayyorlar, ammo vaziyat o‘sha-o‘shaligicha qolib ketardi.

Amaldagi davlat rahbarining tanqidlari ortidan ketma-ket chop etilayotgan maqolalar ham ana shunday an'ananing davomi emasligiga esa hozircha hech kim kafolat bera olmaydi!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 aprel 2018
O‘zbekistonning «Mening yurtim» telekanali 1 aprel kuni yoshlar axloqi «fosh qilingan», ya'ni ularning istirohat bog‘larida qo‘l ushlashib yurgani, o‘pishgani ...
16 noyabr 2017
Boshqa dinga kirganlikda ayblab, xotinini pichoqlagan sayramlik 34 yoshli Xayrullo Normetov 14 noyabr kuni hibsga olindi. Sud hukmi chiqquniga ...
23 dekabr 2020
O‘tgan payshanba, 17 dekabr kuni Telegram kanali orqali O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning qator “loxmach”larini uchratgan joyda jazolash haqida ...
10 fevral 2021
Qul nechun qul, chunki u bo‘ynidagi zanjirga sig‘inadi. Keyingi dasturni tayyorlash niyatida navbatdagi tuman prokuraturasiga bordim. Rahbar bilan ko‘rishib, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...