Asosiy mavzular
9 may 2017

Mehnatdan «elkasi yag‘ir o‘qituvchi» haqida yozishdi

Bu haqda mahalliy o‘zbek matbuotida ilgari yozilmasdi. Garchi O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi qator yillardan buyon O‘zbekistondagi majburiy mehnat tizimini monitoring qilib, uni tanqid qilib keladi.

Mazkur monitoringlar asosida har yili tayyorlanadigan hisobotlarda esa majburiy mehnatga jalb etilayotganlar orasida o‘qituvchilar ham borligi, bu esa mamlakatda shunday ham abgor bo‘lgan ta'lim sohasiga yanada salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani aytiladi.

Mahalliy nashrlar bu hisobotlarni har doim ko‘rib ko‘rmaslikka olar, rejimning ayrim tarafdorlari esa ba'zida internet orqali chiqishlarida xalqaro tashkilotni yolg‘on ma'lumotlar tayyorlashda ayblab kelardi.

Zamonning zaylini qarangki, O‘zbekistonda matbuot erkinligiga sal darcha ochilgandayoq o‘qituvchilarning muammolari birinchi galda tilga olina boshlandi.

Garchi yuqorida tilga olganimiz nodavlat notijorat tashkilotning nomi eslatilmagan bo‘lsa-da, u o‘z hisobotlarida qayd etilgan holatlar aslida ham mavjud ekani haqida yozila boshlandi.

Xususan, Kun.uz saytida e'lon qilingan «Qo‘li chaqa, yelkasi yara va «tekinxo‘r» o‘qituvchi» sarlavhali maqolada ta'lim sohasi xodimlarining majburiy mehnat bilan bog‘liq ko‘plab muammolari ochiqchasiga tilga olingan.

Maqolada aytilishicha, qishloq maktablarida o‘qituvchilar erta bahorda ipak qurti boqishga majburlanadi. Keyin esa ular g‘o‘za chopig‘iga haydaladi. Yozda ham o‘qituvchilar bekor turmaydi. G‘o‘zalarga tushgan qurtlarni terishga jalb etiladi.

«Ha-da! Byudjetimizning katta qismi o‘shalarga ketmoqda. Ta'tilda dam olishni kim qo‘yibdi u zang‘arlarga!» deya kinoya qiladi nashrga xat yo‘llagan muxlis.

Bu ham yetmagandek, maqolada aytilishicha, bug‘doy bo‘yicha rejani bajara olmagan tumanda o‘qituvchilardan rejani to‘ldirish uchun pul yig‘ib olinibdi.

Toshkent-vodiy poezdining birinchi reysi chog‘ida temir yo‘l atrofini tozalashdek «mas'uliyatli vazifa» ham o‘qituvchilar zimmasida bo‘lgan ekan.

«Mayli, asaldek uzumlarni yemaylik, mayli, tilni yoradigan qovunlar kerakmas, sayllar qolib ketsin, lekin kuz kelmasin, degan xayol bo‘ladi o‘qituvchilar boshida», deyiladi maqolada.

Chunki kuz o‘qituvchilar uchun eng «mas'uliyatli» davr. Yangi o‘quv yili boshlangani uchun emas, paxta terimi boshlangani uchun. Bu davrda matematika o‘qituvchisi bemalol tarix yoki biologiyadan dars berishi mumkin.

Chunki bu fanlarning o‘qituvchilari paxtaga ketadi. Paxtaga borish navbati matematika o‘qituvchisiga kelsa, uning darslarini, deylik, adabiyot muallimi ham o‘taveradi.

Muallif «bu paxta siyosati», deb kimlardir majburiy mehnatni davlat siyosati bilan yashirishga urinishi jinoyat ekaniga ishora qiladi.

«O‘qituvchilar paxta termasa, ozroq paxta yo‘qotamiz, ozroq pul yo‘qotamiz. O‘qituvchi paxta tersa-chi? Bilim yo‘qotamiz. Kelajakni yo‘qotamiz, yurt farzandlarining vaqtini, ilmga muhabbatini yo‘qotamiz», deb xulosa qilinadi maqolada.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 iyun 2020
(bo‘lgan voqea) Tarjimon sifatida Rossiyaning militsiya bo‘limlaridan biriga chaqirishgan edi. Bo‘limda jinoyatchi sifatida gumon qilingan shaxslar vaqtincha ushlab turilardi. ...
2 oktyabr 2020
«Eltuz»da e'lon qilingan maqola ortidan Namangan shahri prokuraturasi mulozimlar oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan 35 yashar Gulandom Dedaboevaning o‘limi yuzasidan ...
5 oktyabr 2018
«Ularning gimn bilan shug‘ulanmoqdan boshqa ishi yo‘q deb o‘ylaganmiding? Ertaga ham meni bu yerga yetaklab keladigan bo‘lsang, bugungidan besh ...
20 noyabr 2020
“Eltuz” ga yaqin va bir-biridan mustaqil manbalarining shu haftada yetkazgan xabarlariga ko‘ra, o‘tgan haftada Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) Oliy ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...