Asosiy mavzular
21 iyun 2020

Cizga bir savolimiz bor…

(bo‘lgan voqea)

Tarjimon sifatida Rossiyaning militsiya bo‘limlaridan biriga chaqirishgan edi. Bo‘limda jinoyatchi sifatida gumon qilingan shaxslar vaqtincha ushlab turilardi. Shuningdek, sudgacha ushlab turiladigan maxsus joylarda ushlab turilgan gumonlanuvchi shaxslar ham  mazkur bo‘limga sud mahkamasi uchun olib kelinib birmuncha vaqt saqlanib turilar va yana tergov davomida qaytarib olib ketilardi.

Bo‘lim navbatchisi tergovchi bilan birga hujjatlarimizni tekshirib bo‘lganidan keyin menga ichkariga kirishga ruxsat berdi. Koridorga kirdik. Ikki tomonda gumonlanuvchi shaxslar yotadigan temir eshikli bir nechta qulflar osilgan xonalardan yurib koridorning to‘riga bordik. Shunda tergovchi yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov o‘tkazishi kerakligini aytib, mendan shu joyda kutib turishimni iltimos qildi va buni koridorda navbatchilik qilib yurgan uch nafar militsiya xodimiga ham tayinladi. Burchakka stul qo‘yib berishdi. Papkamdagi qog‘ozlarni ko‘zdan kechirgan bo‘lib tergovchini kutdim.

Oradan o‘n besh minutlar o‘tdi. Birdan koridorga baqirib-chaqirib chamamda qorovullar boshlig‘i kirib keldi. Menga, aniqrog‘i, osiyolikka ko‘zi tushdi-yu, xodimlarini o‘dag‘aylab uyat so‘zlar bilan so‘kib ketdi. «Manovi nega bu yerda turibdi, olib kir buni, ichkariga tiq, qaysi iflos buning bu yerda o‘tirishiga ruxsat berdi, buning joyi ichkarida, hozir o‘zlaringni u bilan birga ichkariga tiqaman», deya haqoratomuz so‘zlarni aytib tutoqardi. Kutilmaganda boshliq bilan mening ko‘zlarim to‘qnashdi. Men unga kulimsirab turardim. «Hey, sen nega tirjayasan», deya so‘kinib bilagimdan ushlab torta boshladi. Boshliq shu qadar jazavaga tushgandiki, xodimlarining tushuntirishlari uning qulog‘iga kirmasdi. Xonalarning birida o‘tirgan tergovchi baqir-chaqirni eshitib holatni sezdi, shekilli, shartta temir eshikni ochib chiqdi va vaziyatni boshliqqa tushuntirdi. Tergovchi yana o‘sha xonaga kirib ketdi.

Oraga noqulay jimlik cho‘kdi. Besh daqiqalar o‘tib boshliq qaytib keldi, atrofimdagi militsiya xodimlari ham xijolat bo‘lib qolishgandi. Lekin ulardagi kibr mendan uzr so‘rashlariga yo‘l qo‘ymayotgandi. Endi boshliq mendan muloyimlik bilan kasbimni so‘radi. Ziyoli ekanligimni bilganidan keyin yanada bo‘shashib ketdi. Yana biroz vaqt o‘tganidan so‘ng ularning hammasi yonimga kelib ochiqchasiga biroz gaplashgandek bo‘lishdi. Ularning bergan savollariga qaytargan javoblarim qanoatlantirdi, shekilli, asosiy maqsadga o‘tishdi.

«Mana, siz o‘zbek ekansiz, bilasiz biz millatchi emasmiz, qolaversa, xabaringiz bor, Rossiya bepoyon, bag‘rikengligi bilan mashhur. Bugun Rossiyada o‘zbek, tojik, qirg‘iz, xitoy, vetnam, turk, Afrika, Yevropa, Lotin Amerikasi davlatlaridan son-sanoqsiz odamlar kelib ishlab yurishibdi, ancha-munchasi fuqarolik olib yashab ham qolishyapti. Biz xizmat davomida har xil millatdagi turli xarakterli odamlarni ko‘ramiz, ko‘ryapmiz ham. Biz ko‘p yillik tajribamiz davomida bir g‘alati holatni kuzatdik va bu holat bizga yechimi yo‘q jumboqqa aylangan, shu haqidagi savolimizga javob bersangiz, iltimos, deyishdi. Mayli, imkonim qadar javob beraman, dedim. Ular bir-birlariga savolomuz qarashdi, nihoyat menga boshliq gapira boshladi. Mana, bugungi kunda Rossiyada butun dunyo xalqlari, millatlari yuribdi. Sizlar bir qarashda Rossiyada rus, ukrain, beloruslarni bir-birlaridan ajrata olmaysiz, xuddi shuningdek,  biz ham O‘rta Osiyo millatlari – o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq va turkmanlarni bir-birlaridan ajrata olmaymiz. Ammo, qizig‘i shundaki, biz bugungi kunda o‘zbeklarni ulardan, qolaversa, butun dunyo millatlaridan osongina ajrata olamiz. Gap shundaki, shundoq yoniga borib «hujjatlaringiz» desak, tamom, darrov o‘zbekligini fosh qiladi, hatto pasportiga qaramay turib millatini bir zumda payqaymiz. Negadir  bizning formani ko‘rishi bilanoq ularning oyoq-qo‘llari qaltiray boshlaydi. Hatto hamma hujjatlari joyida bo‘lsa ham titrayverishadi. Nimaga shunaqa, sababini tushuntirib bering…».

Hayrat
andijonlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 aprel 2016
O‘zbekiston dorixonalarda sotiladigan dori-darmonlarning anchagina qismi noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishi yoki qalbaki ekani to‘g‘risida ko‘p aytiladi. «Diyonat» gazetasi ...
14 oktyabr 2019
O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboeva “katta mablag‘ va boshqa resurslar evaziga sahroga aylangan Orol dengizi hududida turli daraxtlar ekilayotgan ...
10 iyun 2023
2010 yilning 9 iyunidan 10 iyuniga o‘tar kechasi Qirg‘iziston janubida ommaviy qotilliklar boshlandi va uning qurbonlari asosan mahalliy o‘zbeklar ...
8 aprel 2023
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.  Matchon Suqilish: Nichiksizlar mo‘chchi oybika ham xo‘jik ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...