MXX zobiti: Shuhrat G‘ulomov ellikka yaqin mahkumni jismonan yo‘q qilishga buyruq bergan
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov o‘z qo‘li ostida bo‘lgan ikki zobit – Javdat Sharifxo‘jaev va Toymuroz Alimovga mamlakat qamoqxonalarida saqlangan ba'zi siyosiy va diniy mahkumlarni “likvidatsiya qilish”ga buyruq bergan.
Bu haqda «Eltuz»ga ismini oshkor etmaslik sharti bilan general Shuhrat G‘ulomov ustidan qo‘zg‘atilgan tergov ishiga aloqador bo‘lgan O‘zbekiston MXX zobiti so‘zlab berdi.
Uning iddao qilishicha, shaxsan general Shuhrat G‘ulomovning buyrug‘i bilan 2010-2014 yillar davomida ellikka yaqin diniy va siyosiy mahkum o‘ldirib yuborilgan.
MXX zobiti so‘zlariga ko‘ra, noyabr va dekabr oylarida ustidan o‘tkazilgan qayta tergov chog‘ida Shuhrat G‘ulomov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlar qatori siyosiy va diniy mahkumlarni yo‘q qilish amaliyotiga boshchilik qilganiga ham iqror bo‘lgan.
Qayta tergovni olib borish MXX zobiti Anvar Halimbetovga yuklatilgan.
MXX xodimiga ko‘ra, Shuhrat G‘ulomov topshirig‘i bilan amaldagi va hozirda vazifasidan chetlashtirilgan zobitlarga O‘zbekistondagi eng mash'um uchta jazoni o‘tash muassasasi – Qoraqalpog‘istondagi “Jasliq”, Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi UYa 64/51 va Zarafshondagi UYa 64/48 qamoqxonalariga borib, mahkumlarni o‘ldirish amaliyotini nazorat qilishni topshirgan.
Uning aytishicha, o‘ldirilganlarning hammasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan aybdor deb topilgan fuqarolar bo‘lgan.
Shuningdek, Shuhrat G‘ulomov xorijdagi siyosiy va diniy muxolifat faollarini jismonan yo‘q qilish amaliyotlariga boshchilik qilgan.
“Validol”
“Shuhrat G‘ulomov topshirig‘i bilan MXX zobitlari zonalarga borib, shaxsan o‘zi nazorat qilgan. Yurak to‘xtab qolishi, deb tashxis qo‘yilgan, lekin badanlari momataloq bo‘lib ketgan hammasining. Yuzlariga iloji boricha tegishmagan,” dedi MXX xodimi.
Uning bu so‘zlarini «Eltuz» suhbatlashgan bir necha sobiq mahkum ham tasdiqladi.
“O‘ldirishdan bir kun oldin zonaga MXX xodimlari kelib, shtabda jarayonni nazorat qilib turishardi. O‘likni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandan keyin ketishardi. Har kelganda bittadan odam o‘lardi, hech qachon 2 odamni o‘ldirishmas edi. O‘ladigan odamni bir kun oldin sanchastga chaqirishib, yuragi og‘rigan, deb diagnoz qo‘yishardi va hammaning oldida validol berishardi. So‘ramasa ham hammaga «palonchiga validol beringlar», deb eshittirishardi,” deydi sobiq mahkumlardan biri.
Afv asosida ozodlikka chiqqan yana bir mahkum «Eltuz»ga shaxsan o‘zi uchta mahkumning MXX zobitlari nazorati ostida kaltaklab o‘ldirilganiga guvoh bo‘lganini bildirdi.
“Tavakkal Hojiev 1977 yilda tug‘ilgan. Hamidullo Omonov 1963 yilda tug‘ilgan, Qirg‘iziston fuqarosi. Ilhom Ibragimov 1971 yilda tug‘ilgan, Xorazmdan. Tavakkal – andijonlik. 2005 yilgi Andijon voqealari sabab qamalgandi. Hamidulllo 1999 yilda qamalgandi, «Hizb ut-tahrir» a'zosi edi,” – deydi sobiq mahkum. – “Qamoqxona nozirlari Hamidullo Omonovning jag‘ suyagi va oyog‘ini sindirib qo‘yishgandi. Shuning uchun zonaning yonidagi nasroniylar qabristoniga ko‘mib yuborishdi va uydagilariga kech xabar qilishdi. Ilhom Ibragimovning burnini sindirib qo‘yishgandi. O‘shanda prokuraturaning nazorat xodimlari o‘likni olib ketmaymiz, deb akt qilishdan bosh tortishgandi. Rosa to‘polon bo‘lgandi o‘shanda”.
Jismonan yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan mahkumga volidol berishdan maqsad nazorat prokurorlariga o‘lim sababi yuzasidan izoh berishni osonlashtirish bo‘lganini aytadi sobiq mahkum.
Javdat Sharifxo‘jaev va Toymuroz Alimov «Vatan oldidagi xizmatlari uchun munosib taqdirlandi – ikkala zobitga «Shon-shuhrat» ordenlari berildi.
«Eltuz» Toymuroz Alimov va Javdat Sharifxo‘jaev nazorati ostida yana bir mahkum – xorazmlik tadbirkor Rahimboy Yo‘ldoshevning 2010 yil avgustida o‘ldirib yuborilganini aniqladi.
2007 yilda Xorazmdagi “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” direktori Rahimboy Yo‘ldoshev va uning qo‘l ostida ishlaganlar birin-ketin sud qilinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
MXX zobitining ma'lum qilishicha, Rahimboy Yo‘ldoshev o‘zbek muxolifati lideri Muhammad Solihga xayrixoh shaxslardan biri bo‘lgani uchun jismonan yo‘q qilingan.
“Qora bayroq”
2014 yil 28 avgust kuni Toshkentdagi barcha huquq-tartibot organlari oyoqqa turdi.
28 avgustga o‘tar kechasi shaharning Yunusobod tumanida joylashgan ko‘prikka “Islomiy davlat” tashkilotining qora bayrog‘i osib ketilgandi.
Bir necha kun ichida bayroq osilgan hududdagi taksichi, farrosh va do‘kondorlar doxil 50 kishidan ko‘proq odam so‘roq qilindi.
Ko‘p o‘tmay Toshkent shahri va viloyatida dindorlarni ommaviy qamash kapaniyasi boshlandi.
MXX zobitining aytishicha, aslida Yunusobod ko‘prigiga “qora bayroqni hech qanaqa “Islomiy davlat” tarafdorlari osib ketmagan. Bu shaxsan Shuhrat G‘ulomovning topshirig‘i bilan amalga oshirilgan. Maqsad repressiyalarni kuchaytirish, prezident Karimovga vaziyatni o‘ta qo‘rqinchli qilib ko‘rsatish bo‘lgan”.
Qilmish-qidirmishmi?
MXX zobitining ma'lum qilishicha, 52 yoshli general-leytinant Shuhrat G‘ulomov shaxsan prezident Shavkat Mirziyoevning buyrug‘i bilan 2017 yil mart oyida ishdan bo‘shatilgan, unga berilgan unvon va rutbalar olib qo‘yilgan, o‘zi qamoqqa olingan va ayni yil yozida 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2017 yil noyabr oyida Shuhrat G‘ulomov yana Toshkentning Gvardeyskiy ko‘chasidagi MXX izolyatoriga qayta keltirilgan va uning qo‘l ostida ishlagan sobiq va amaldagi xodimlar bilan yuzma-yuz uchrashtirilgan.
“MXX raisi Rustam Inoyatov suvdan quruq chiqmoqchi bo‘lyapti. Shuning uchun bor-yo‘q jinoyatlarning hammasini Shuhrat G‘ulomov bo‘yniga ilib yubormoqchi. Shuhrat G‘ulomov singan. Unga farqi yo‘q, chunki baribir eng katta muddatni olgan,” dedi MXX zobiti.
“Dekabrda Javdat Sharifxo‘jaev bilan yuzma-yuz ko‘rishtirishgan, Javdatni Bekobodga kaytib olib ketishgan”, deya qo‘shimcha qildi u.
45 yoshli polkovknik Javdat Sharifxo‘jaev 2015 yil oxirida korruptsiya, ta'magirlik va o‘ta katta miqdorda davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda aybdor deb topilib, 16 yilga qamaldi.
Tintuv chog‘ida Javdat Sharifxo‘jaev hovlisidagi fontan ostidan yarim million dollar miqdorida naqd pul topilgan.
Sobiq polkovnik hozir jazo muddatini Bekoboddagi koloniyada o‘tamoqda.
Toymuroz Alimov hamon MXX bosh apparatida o‘z ishini davom ettirmoqda.
Ayub Mingboev
«Eltuz»ning Toshkentdagi muxbiri
Eltuz.com