Asosiy mavzular
16 aprel 2018

Jazosizlik hokimlarni rag‘batlantiryapti

Islom Karimov davrining o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan so‘kong‘ich va urong‘ich hokimlar bugun ham bu maqomini boy bergisi kelmayotganga o‘xshaydi.

Garchi ularning so‘kish va urishlari haqida shov-shuvlar ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, tegishlicha qattiq jazo olmayotgani hokimlarning yanada haddidan oshishini rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

So‘kinishlari bilan dong taratgan amaldorlardan biri Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaevdir.

Uning xalq ta'limi xodimlarini maktabda dars o‘tish o‘rniga turli jamoat ishlariga jalb qilayotganidan norozi o‘qituvchilarning fig‘onidan chang chiqadi.

Ular hokim o‘qituvchilarni eshak qilib minib olgani, ko‘cha tozalashga odam olib chiqmagan direktorlarni ishdan bo‘shatayotganidan yozg‘iradi.

“Biz ham nima qilishni bilmay qoldik. Bir og‘iz gap aytib bo‘lmaydi. O‘zini xondek his qilyapti. Majlislarda «mana shuncha yozding, nima qilding, hech narsa qilolmaysan ham, o‘lasan aytganimni qilasan, bo‘lmasa urug‘-aymog‘ing bilan yo‘qotaman, deyapti”, deydi xalq ta'limi mulozimlaridan biri “Ozodlik” radiosiga.

Esingizda bo‘lsa, og‘zi shaloqligi, o‘qituvchi va mahalla raislarini haqorat qilgani uchun o‘tgan yili u ma'muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida (5 million 167 200 so‘m) jarima jazosiga hukm qilingandi.

Shundan keyin ham bu hokimning turli yig‘ilishlardagi bo‘ralib so‘kinishlari haqida yana xabarlar paydo bo‘ldi.

Bu xabarlardan hokim avval berilgan ma'muriy jazodan butunlay teskari xulosa chiqargani, ya'ni sharmandalarcha ishdan haydalmaganidan rag‘bat olgani anglashiladi.

To‘g‘rida, 5 million so‘mlik jarima hokimga nima bo‘libdi? Karnaychidan bir pufda bu summa uning uchun.

Shuning uchun “yozganing bilan nimaga erishding”, deya bemalol o‘zini xon, ko‘lankasi maydon his qilaveradi.

Uning uchun dars o‘tilmasligi, o‘quvchilar bilimsiz qolib ketishi fojea emas. Unga o‘qituvchilarni obodonlashtirishga quldek ishlatib, prezident oldida ochko olish muhim.

To‘g‘risini aytganda, bu qilmishlari ortidan hokimlar maqtov oladi, ammo prezidentning imijiga zarar yetib boraveradi.

Davlat rahbari buni yaxshi anglab turgan ko‘rinadi. Kuni kecha u Sirdaryoga tashrifi davomida ayni shu masalaga ham e'tibor qaratdi.

Prezident bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘lishi haqida barcha rahbarlarni ogohlantirdi.

Bu ogohlantirishni eshitib, bir ishongingiz keladi, keyin esa Andijonning og‘zi shaloq hokimi kabilarning jazodan rag‘bat olayotganini eslasangiz, umidsizlikka tushasiz.

Har holda, prezidentning ogohlantirishi amalda o‘z isbotini topmasa, umidsizlikdan qutulish qiyin ko‘rinadi.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 avgust 2018
Muhammad Bekjonning «Alvido, Jasliq!» kitobidan navbatdagi qism 1999 yilgi Toshkent portlashlarining asosiy guvohi Zayniddin Asqarov bilan yuzlashuv haqida. 2003 ...
21 fevral 2018
Prezident Mirziyoevning Milliy xavfsizlik xizmatini keskin tanqidlar qilgani ortidan masjidlardagi MXX xodimlari faoliyati ham cheklana boshlandi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ...
13 mart 2024
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz. Ular O‘zbekistonning Samarqand, Andijon, Qashqadaryo, Sirdaryo va Buxoro viloyatlaridan kelgan. Dastlabki maktub ...
23 mart 2021
Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi M.R. 2020 yil 8 iyul sanasida yaqin qarindoshinikidan chiqib ketganicha 3 kun uyiga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...