Anvar qori «Minor» qabristoniga dafn etiladi
Toshkent shahrining bosh imom-xatibi Anvar Tursunov 13 iyun kuni 60 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda «Eltuz»ga imomning yaqinlari xabar berdi.
Imomning yaqinlariga ko‘ra, janoza 13 iyun kuni asr namozidan keyin “Minor” jome' masjidida o‘qiladi. Anvar qori Tursunov “Minor” qabristoniga dafn etiladi.
1 may kuni Anvar qori Tursunov sun'iy koma holatidan uyg‘ongani, undan ilgari esa bu holatda uning salkam bir oy qolgani haqida «Eltuz» xabar bergan edi.
Insultga chalingan Anvar qori 2018 yilning 5 aprelidan buyon koma holatida qolayotgan va Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining neyroreanimatsiya bo‘limida sun'iy nafas oldirish tizimiga ulab qo‘yilgan edi.
Faoliyatini o‘tgan asrning 80-yillarda “Yoshlik” jurnalida boshlagan Anvar Tursunov 1989-1992 yillarda Qur'oni karimning birinchi tarjimasiga (shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.
2015 yildan Yunusobod tumanidagi «Minor» jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritayotgan edi.
Eltuz.com