Asosiy mavzular
29 yanvar 2018

Muxolifatning yurtga qaytishi kimning g‘alabasi bo‘ladi?

Tojik muxolifatining eng taniqli vakillaridan biri, hozir Germaniyada muhojiratda yashayotgan jurnalist Dodojon Atovullaev prezident Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu haqda Akhbor.com sayti Tojikiston hukumatiga yaqin manbalarga tayanib xabar tarqatdi.

Shuningdek, bu xabarda muxolifatchi yuqori mansabdagi boshqa amaldorlar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgani aytiladi.

Xabarga ko‘ra, Dodojon Atovullaev Imomali Rahmon bilan yuzma-yuz suhbatlashgan. Uchrashuvning asosiy mavzusi jurnalistning o‘z vataniga qaytish shartlarini muhokama qilish bo‘lgan.

Xabarni o‘qib, beixtiyor O‘zbekiston muxolifati bilan bog‘liq vaziyat xayolga keldi va bu tabiiy bir holdir.

Yaqinda huquq faollaridan biri Sur'at Ikromov o‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solihning vatanga qaytishiga imkon yaratish chaqirig‘i bilan prezident Shavkat Mirziyoevga murojaat bilan chiqdi.

Mazkur chaqiriq juda ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Buning ortidan yana bir guruh ziyolilar xuddi shunday murojaat e'lon qildi.

Afsuski, har ikki murojaatga ham shu kungacha birorta rasmiy munosabat bildirilgani haqida ma'lumot yo‘q.

Holbuki, bu murojaatlarning doyasi prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakatda haqiqiy demokratiyani qaror toptirish, ochiq va oshkoralik asosida qurilgan siyosat yuritishga qaratilgan sa'y-harakatlari edi.

Ko‘pchilik e'tibor qaratgan bo‘lsa kerak, Muhammad Solih yetakchiligidagi muxolifat yangidan hokimiyat tepasiga kelgan amaldagi hukumatni keskin tanqid qilishdan o‘zini tiyib kelmoqda.

Bu esa, bir tomondan, davlat rahbarining endigina kurtak otayotgan ochiqlik, dunyoga ochilish, xalq manfaatini birinchi o‘ringa olib chiqish siyosatiga xayrixohlik, ikkinchi tomondan, muxolifat va hokimiyat o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish istagi bilan bog‘liq ko‘rinadi.

To‘g‘risi, Shavkat Mirziyoevning o‘tgan yili Turkiyaga safari chog‘ida o‘zbek hukumati va muxolifat, jumladan, Muhammad Solih o‘rtasida qandaydir yuzma-yuz bir muloqot bo‘lishini kutganlar ham bor edi.

Chunki o‘zining o‘ta kelishmovchilik xarakteriga qaramay, hatto Islom Karimov davrida ham bunday muloqotni o‘rnatishga qaratilgan harakatlar bo‘lgani bugun sir emas.

Lekin Sh.Mirziyoev va M.Solih vositachilari o‘rtasida bunday muloqot bo‘lgani haqida na rasmiy, na norasmiy ma'lumotlar bor. Lekin bu degani ular qandaydir muzokaralar o‘tkazayotgan bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surishga xalaqit bermaydi.

Shundan kelib chiqib faqat bitta xulosani aytish mumkin. O‘zbek muxolifatining eng taniqli vakilining vatanga qaytishiga shart-sharoit yaratilishi Muhammad Solihning ham, Shavkat Mirziyoevning ham g‘alabasi emas, mohiyatan, mamlakat xalqining demokratik davlat qurish yo‘lidagi mislsiz g‘alabasi bo‘lgan bo‘lar edi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
2 sentyabr 2019
«Aka, men ularni oqlamoqchi emasman, unday niyatim ham yo‘q. Men ularning odam ajratishiga ishonqiramay turgandim, xolos. Agar haqiqatan ham ...
28 sentyabr 2020
Vatanparvar yurtdoshimiz Aminboy Qodirov 27 sentyabr kuni Urganchning G‘oybu qishlog‘ida 81 yoshida olamdan o‘tdi. U hali SSSR bor paytda ...
1 avgust 2023
So‘nggi o‘quv yili davomida umumta'lim maktablarining pedagoglariga 50 foiz ustama imtiyozi beradigan APTIS (British Council Aptis) imtihonlarining 1 avgustdan ...
24 mart 2024
Moskva yaqinidagi «Krokus siti holl» kontsert zalida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi — IShID-Xuroson guruhi o‘z zimmasiga oldi, deb yozmoqda The New York Times nashri. Bu ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...