Asosiy mavzular
19 iyun 2018

O‘zbekistonda hibsga olingan Zokir Aliev kim?

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati o‘zining facebokdagi sahifasida bildirishicha, 2014 yili AQSh vatandoshligini olgan asli qashqadaryolik Zokir Aliev AQShda xalqaro terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan “O‘zbekiston islomiy harakati”ga a'zolik aybi bilan 16 iyun kuni qo‘lga olingan.

DXX ma'lumotiga ko‘ra, 46 yashar chiroqchilik Zokir Aliev mazkur guruh faoliyatiga aloqadorlikda gumonlanib, 2000 yillar boshidan O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan. Aliev “qo‘lga olish jarayonida noqonuniy faoliyatiga iqror bo‘lgan”.

DXX bayonotiga ko‘ra, Aliev 2000 yili O‘IHga bay'at keltirgan¸ Afg‘onistonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tib¸ hukumat va xalqaro koalitsiya qo‘shinlariga qarshi janglarda qatnashgan.

O‘IHning boshqa a'zolari bergan ko‘rsatmalar asosida O‘zbekiston DXXsi (sobiq MXX) 2005 yili Alievga nisbatan Jinoyat Kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 223 (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 2442 ( Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi bilan 646-sonli jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

«Eltuz» nashri Zokir Aliev (Zokir Ali) bilan Turkiyada birga o‘qigan Bahodir Fayzga murojaat qilib bu shahs haqida ma'lumot so‘radi.

Bahodir Fayz: Men tanigan Zokir

Chapdan birinchi Zokir Aliev qochqinlar lagerida.

Vatanga qaytgan Zokir Alievni men 1992 yildan beri taniyman. Vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin, biz yosh talaba sifatida, bilim olish va yangi dunyo tajribalarini o‘rganish uchun Turkiyaning o‘sha paytdagi prizedenti rahmatli Turg‘ut O‘zol tashabusi bilan Turkiyaga o‘qishga bordik.

O‘qishimiz davom etar ekan, 1994 yil O‘zbekistonlik talabalarning ko‘pchiligi siyosiy sabablar tufayli O‘zbekistonga qaytarib olib ketildi. Men, Zokir va yana ikki talaba tahsilimizni Turkiyada tugatish maqsadida Toshkent chaqiruviga bo‘ysunmasdan Turkiyada qolishga qaror berdik. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vakillari va Toshkentdan kelgan maxsus vakillar bizga turli tahdidlar, zug‘umlar o‘tkazishga harakat qilishdi, o‘qiyotgan universitetlarimizdan haydatib ko‘rishdi, stipendiyalarimiz kesildi va hokazo…

Bu qaror hayotimizning eng uzun va og‘ir qarori ekanligini u paytlar tassavur ham qila olmaganmiz albatta. Maqsadimiz, o‘qishimizni tugatib, vatanga qaytib, xizmat qilishdan o‘zgacha bo‘lmagan.

Bu qiyinchiliklarga qaramasdan, bir amallab o‘qishimizni tugatdik. Va nihoyat 1999 yili mash'um 16 fevral voqealari arafasida yana O‘zbekiston elchixonasi vakillari va Toshkentdan kelgan MXX bizni Turkiyadan olib ketish uchun tahdid va zo‘rovonliklar uyushtirishni boshlaganidan keyin, 1999 yili oxirlarida BMT ko‘magida siyosiy qochqin o‘laraq AQShga kelib yashashga qaror berdik.

O‘zbekistonda demokratik tuzum qurilishi istagida Turkiyaga kelgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan seminarlar, suhbatlar o‘tkazdik. Yuqorida qisqacha qilib jamlaganim mening Zokir haqida 1992-1999 yillari talabalik davridan bilganlarim va ko‘rganlarimdir.

Zokir Aliev va Baxodir Fayz Turkiyaga o‘qishga borishgan edi.

Amerikaga kelganimizdan keyingi yillarda ba'zi sabablarga ko‘ra yo‘llarimiz ayrildi, uzoq vaqtdan beri ko‘rishmaymiz, vatanga qaytgani va hibsga olingani haqida internet orqali xabardor bo‘lib turibman.

Zokirga DXX tarafidan qo‘yilayotgan ayblovlarni o‘qib to‘g‘risi dahshatga tushdim. Shavkat Mirziyoevning mamlakatda iddao etilayotgan islohatlar mantig‘iga teskari va Karimov tuzumi hidi anqib turgan qadam bu.

Ayblovlarga nazar solsak, hech birida mantiqiy bir asos yo‘q. Bu DXX mantig‘i bilan hafvsizlik xizmati chet elda yurgan hohlagan odamga to‘qima jinoyatlar zanjirini ilib qo‘yishi mumkin. Kimlarningdir ko‘rsatmalariga ko‘ra (O‘IH a'zolari emish) qo‘yilayotgan ayblov moddalari:

1) Konstititsiyaviy tuzumga tajovuz qilish JK 159 moddasini har erkin fikirlovchi shaxsga yoki diniy, siyosiy faoliyatda bo‘lgan vatandoshlarimizga tirkab qo‘yish Karimov rejimida udumga aylangan edi, bu moddaga ajablanmasak ham bo‘ladi.

2) Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, JK 223 moddasi ham Zokir Alievga nisbatan noto‘g‘ri. O‘zbekiston Oliy Ta'limi vazirligi talabalarni o‘qishga butun mavjud qonun qoidalar doirasida yuborgan.

3) Afg‘nistonga borgan deyish ham g‘irt tuhmat, qo‘limizda eski sovet pasportidan boshqa hech vaqo bo‘lmagan, chet elga chiqish u yoqda tursin, yashayotgan shahrimizdan ham tashqariga chiqa olmaganmiz.

Zokir qochqinlik maqomini olgach, BMT himoyasida Istanbuldan to‘gri AQShga kelib joylashgan edi.

4) JK 244 Diniy ekstrimistik tashkilot qurish, ularda ishtirok etish va diniy ayblovlar esa jiddiy isboti talab qilinishi kerak bo‘lgan, xulosa chiqarishdan oldin jiddiy tekshiruvlar olib borilishi kerak bo‘lgan moddalardir.

20 yil avval bo‘lib o‘tgan hodisalarga bir kechaning o‘zida «aybiga iqror bo‘ldi» deb e'lon qilish ham eski tuzum mashinasining hammamiz bilgan usullaridan biri.

Zokir Turkiyadan ko‘chishidan oldin, ikki yilcha 1997-1999 orasida Istanbulda yashadi.

U paytlarda Istanbulda o‘zbeklar juda oz, ko‘pchilik bir-birini tanir va aloqada bo‘lib turishar edi. Jumladan, diniy muholifat vakillari, siyosiy muxolifat yetakchilari ham ko‘rishib turishgan.

Masalan, o‘sha vaqtlarda Istanbulda tijorat bilan shug‘ullanib yurgan Zayniddin Asqarovni hammamiz tanir edik.

Tahminim, 1999 yilda Turkiyadan ushlab olib ketilganlar yoki bu guruhlarga aralashib yurgan hukumat ayg‘oqchilarinig ko‘rsatmalari asos qilib olingan bu ishda.

Lekin bu degani Zokirga qo‘yilayotgan ayblovlarning birortasiga dalil bo‘la olmaydi. Bu ish chet ellarda yurgan ko‘pchilik vatandoshlarimizga ruhiy bir zarbadir.

O‘zbekistonda Karimov arvohlari hali ham kezib yurar ekan, hozir vatanga qaytish bir so‘z bilan aytganda soddadillik bo‘ladi.

Bahodir Fayz. AQSh. Pittsburg shahri.

«Eltuz» nashrida mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilishda ayblanayotgan Zokir Aliev 1998-99 yillar oralig‘ida Istanbuldagi diniy radikal guruhlar, shuningdek O‘zbekiston Islomiy Harakati faollari turadigan yotoqxonada istiqomat qilgan. Ayni yotoqxonada 1999 yil fevral portlashlarida ayblanib qamoqqa olingan (hozirda marhum) Zayniddin Asqarov ham yashagan.

Bu ma'lumotni blogger Atabek Usmanov o‘zining facebokdagi sahifasida keltiradi. Usmanovga ko‘ra, Zokir Aliev o‘zbek muxolifati, hususan «Erk» demokratik partiyasi va uning faollariga tuxmat qilish va haqoratlash bilan shug‘ullanib kelgan. Usmanov bu fikr isboti sifatida Zokir Aliev (Zokir Ali)ning o‘zi yozib, turonzamin saytida chop qilgan maqolasidan iqtibos keltiradi.

”Yaqinda meni taajjubga solgan boshqa holat yuz berdi. AQSh Federal tekshiruv organi vakillari, Muhammad Solihni va ERKning u rahbarlik qilayotgan guruhi bilan qiziqib, mening fikr va qarashlarimni bilish istagida ekanliklarini bildirdilar. Ular mendan bu guruhga aloqam bo‘lib-bo‘lmaganini surishtirdilar. Shuningdek, bu guruh haqida bilishni istadilar. Men o‘zim bilgan voqea-hodislar haqidagina gapira olishim mumkinligini aytar ekanman, ular ko‘proq “ERK” terrori haqida bilmoqchi bo‘lganliklarini anglamoq qiyin emas edi. Albatta bunday jiddiy tashkilotga nojiddiy qarab bo‘lmasdi. Shu sabab, “ERK”ning nimalar bilan shug‘ullanayotganini, nima faoliyat qilayotganini, ko‘proq unga o‘zini mansub deb bilgan kishilardan o‘rganishi maqsadga muvofiq bo‘lishi fikrini aytdim.

Bundan ham ko‘rinib turibdiki, “ERK” terror fraktsiyasiga aylangan degan gap hamma joyga yoyilib bo‘lgan”.(Zokir ALI). (Muallif orfografiyasi aynan qoldirildi)

Bu matn parchasiga izoh bergan bloger “O‘zi qazigan chuqurga tushibdi” deya yozdi.

«Eltuz» nashri terrorizmda ayblanib O‘zbekistonda hibsda qolayotgan chiroqchilik Zokir Aliev bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 avgust 2023
2023-yil 18-avgust kuni tvitterda Tolibon rejimi amaldori bachabozligi tasvirlangan video e'lon qilindi.  Bu O‘zbekistonda ba'zilar qurishni orzu  qiladigan Tolibon ...
5 may 2016
«Gumrohlar», «Aldangan ayol», «Ajal jodusi», «Odnoklassniki» kabi bugungi hukumatning mafkuraviy talablariga javob beradigan filmlar rejissyori Hilol Nasimov bu kabi ...
25 sentyabr 2019
«- Aka, meni bu ishda ayblamang. Sizga yana qaytarib aytaman, buyruq yuqoridan, ochig‘i, markazdagi MXX idorasidan. Men bir kichkina ...
10 avgust 2023
Eltuz e'lon qilgan Bulung‘urda IIB xodimlari kaltaklagan o‘spirin videosi yuzasidan ichki ishlar idorasi munosabat bildirdi. “Xodimlar qo‘pollik qilib urayapti”- ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...