Asosiy mavzular
8 oktyabr 2018

So‘z erkinligi himoyachisimi yoki korruptsiyalashgan amaldor?

O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi va uning ma'muriyati rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonovning kutilmaganda lavozimidan ozod qilinishi ortidan bu shaxs to‘g‘risida bir-biriga qarama-qarshi ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda.

Xususan, uzmetronom.com saytidagi maqolada K.Allamjonov o‘z mansabidan boyish maqsadida foydalanib kelgan olg‘ir, shuhratparast, manman sifatida gavdalansa, Bi-Bi-Si maqolasida so‘z erkinligining himoyachisi o‘laroq ko‘rsatiladi.

Ta'kidlash kerakki, har ikki maqola tashqi manbalarning ma'lumotlari asosida tayyorlangani aytiladi.

Uzmetronom.com manbasining bildirishicha, prezidentning sobiq matbuot kotibining kar'erasini uning manmanligi barbod qilgan.

Maqolada u o‘z tijoriy manfaatlari yo‘lida har doim ma'muriy richaglardan foydalanib kelgani ta'kidlanadi.

Maqolada Allamjonov Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi lavozimida ishlaganida qo‘mita tizimlari uchun dasturiy ta'minotlarning asosiy yetkazib beruvchisi uning biznes tuzilmalari bo‘lgani, u jamiyatda katta norozilik keltirib chiqargan “Avtotest” MChJning, barcha tadbirkorlik uchun obuna majburiy bo‘lgan “Soliq-info” gazetasining, boshqa ko‘plab aktivlarning egasi ekani aytiladi.

Bi-Bi-Sida e'lon qilingan maqolada esa K.Allamjonovning iste'fosiga prezident administratsiyasining yangi rahbariyati sabab bo‘lgani iddao qilinadi.

Unda Allamjonovning jamoasi kundalik ravishda mamlakatda yuz berayotgan, xususan, ijtimoiy tarmoqlardagi muhim xabarlar majmuini tuzib, prezidentga kiritib turgani, yangicha xabar tarqatish usulini tatbiq etgani, xullas, so‘z erkinligi himoyachisi bo‘lgani aytiladi.

Uning bu harakatlari ayrim doiralarga, xususan, prezident ma'muriyatining yangi rahbariyati va DXXga ma'qul bo‘lmagani aytiladi.

Bir-biriga qarama-qarshilik ruhi anqib turgan bu maqolalardan Komil Allamajonovning iste'fosi “saroy o‘yinlari” oqibatidir, degan iddao kelib chiqadi.

Agar masalaga xolisroq yondashilsa, aslida bu iste'fo hokimiyat tizimlarini o‘z mansabidan shaxsiy manfaatlari yo‘lida ochiqcha foydalanib kelib, mamlakat imijiga putur yetkazayotgan shaxslardan tozalash harakatlarining mantiqiy davomi, deyilsa ishonarliroq ko‘rinadi.

Chunki K.Allamjonov avval boshdanoq Botir Parpiev klanining arboblaridan va O‘zbekiston xalqi boyligini o‘zlashtirishning faol ishtirokchilaridan biri edi.

Yuqorida uning aktivlari sanab o‘tildi. Misol tariqasida aytish kerakki, bir vaqtlar BEM (Buxgalterga elektron madad) loyihasi ortidan K.Allamjonov milliardlab mablag‘ga ega bo‘lgan.

Buxgalteriya hisobini yuritishga mo‘ljallangan bu dasturiy ta'minot bir tiyinga qimmat bo‘lib chiqdi. Lekin o‘z vaqtida har bir tadbirkorlik sub'ekti uni sotib olishga majbur edi. Bugungi kunda hech kim uni amaliyotda qo‘llamaydi.

Sobiq matbuot kotibiga tegishli ekani aytiladigan “Avtotest” bilan bog‘liq mojarolar esa hali ham tingani yo‘q.

Shu o‘rinda Komil Allamjonovning prezident orbitasida paydo bo‘lishiga ham aynan Botir Parpiev klanining qo‘li borligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Endi uning “so‘z erkinligi himoyachisi” ekaniga kelsak, avvalo, matbuotning erkinlashuvi prezident siyosiy irodasining mahsulidir.

K.Allamjonov esa bu siyosiy irodani cheklangan tarzda amalga oshirish zamon zayli tufayli chekiga tushgan shaxs, deyilsa to‘g‘riroq bo‘ladi.

O‘zbek matbuotida qisman tezkorlik paydo bo‘lgani, amaldorlarning matbuot xabarlariga munosabat bildirishga intilayotgani aslo uning xizmati emas, balki prezident talablariga hamohang ish yuritilayotganini ko‘rsatishga urinishdir.

Agar K.Allamjonov so‘z erkinligi himoyasida ko‘pchilik bilaydigan qandaydir harakatlar qilgan bo‘lsa, buni faqat olqishlash mumkin.

Lekin baribir u, birinchi navbatda, o‘z manfaatini o‘ylagan korruptsiyalashgan amaldor, o‘z manfaati yo‘lida hukumatga ham ta'sir o‘tkaza olgan qudratli olg‘ir klan a'zosi sifatida esda qoladi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 avgust 2019
Asakalik tadbirkor Sirojiddin Najmiddinov tuman markazida tashkil qilgan «Tasanno Omad Lyuks» savdo majmuasini sherigi Anvar O‘rinboev tortib olinganidan shikoyat ...
18 avgust 2023
Do‘st bilan obod uying gar bo‘lsa ul vayrona ham! MS: Isop duz og‘a. Nichiksizla mo‘chchi apika, xo‘jik brrilo. Ëngqi ishlar bo‘lib ...
25 yanvar 2016
Madaniyat va sport vazirligi e'lon qilgan O‘zbekiston xalq artistlari ro‘yhat bilan tanisharkan, ularni hukumat istalgan va istalmaganlarga ajratganini sezish ...
7 noyabr 2016
Shanba ertalab joni uzilgan Abdulla Oripov toshkentliklar kommunist-mozor deb aytadigan Chig‘atoy qabristoniga oldin rejalangani kabi seshanba kuni xam, keyinchalik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...