Urganchda yana bir ko‘prik quladi
Shu yil 2 noyabrga o‘tar kechasi Xorazm viloyatining Urganch shahridan Cholish posyolkasiga o‘tadigan ko‘prik quladi.
Bu haqdagi xabar va fotosuratlarni telegram va feysbukda qoldirgan «Bloger N-M» kanaliga ko‘ra, voqea soat 21.00 da yuz bergan.
«Bitta «Damas» zarar ko‘ribdi. Egasi sog‘ bo‘lsin ishqilib», deya yozadi bloger o‘zining feysbukdagi sahifasida.
Bundan ilgari Xorazm viloyatida 2018 yilning 14 avgust kuni Xonqa tumanining Qoraqosh qishlog‘idan Yangiariq tumaniga o‘tuvchi ko‘prikning bir qismi qulab tushgani, oqibatda yuk mashinasiga jiddiy ziyon yetgani, haydovchining shifoxonaga yotqizilgani haqida «Eltuz» xabar bergan edi.
2015 yilning 8 avgustida esa Urganch shahridagi «Yoshlar ko‘li»da yangi qurilgan ko‘prikning qulashi oqibatida o‘ndan ziyod odam suvga cho‘kib o‘lgan va o‘nlab odam jarohat olgan edi.
Fojeaga sobiq prokuror, endilikda Urganchdagi 8-TV kanali rahbari Ulug‘bek Sobirov uyushtirgan kontsertga kelgan olomonning ko‘prik ustida to‘planishi sabab bo‘lgan edi.
Eltuz.com