Ko‘zqarash
17 iyun 2022

Shahnoza Soatova: Ayol faqat itoatkor bo‘lishi kerakmi?

Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?
Buning sabablarini bilish uchun qiz bola bo‘lib tug‘ilish kerak.
Shaharga o‘qishga, yo olimpiada-seminarlarga xorijga ketish uchun kechalari uxlamay «ishqilib ruxsat berishsin» deb Ollohdan iltijo qilib chiqish kerak.
Kelin bo‘lib ko‘rish kerak. Qo‘lingga bitta uzukni mahr deb tutqizib, ota-onang yemay-ichmay, qizim tinch bo‘lsin, deb 5-10 ming dollarga qilgan sepidan ayb topishlariga chidashing kerak.
Eringdan bunga qarshi bir og‘iz e'tiroz kutma, o‘sha paytda u kar-ko‘r bo‘lib oladi.
Tug‘ruqxonada to‘lg‘oqdan sutkalab azoblansang-da, vrachlar «kesarcha kesaylik» deganiga qaynonang va ering ruxsat bermasa, o‘z tanangga o‘zing ega chiqolmay, ming azobda oxiri ko‘zing yoriganda boshi qattiq lat yegan nogiron farzandni qo‘lingga tutqizishsa, «kasalmand bola tug‘ding» deb ta'nalarga ko‘mishsa, ovoz chiqarmay ko‘zyoshlaringga ko‘milishing kerak.
Ering bilan birga nonushta qilganing uchun qaynonang dodingni berganida, kechqurun ishdan qaytgach unga tabassum qilishga ham qo‘rqish nimaligini tuyishing kerak.
«Nuqul xo‘mrayib kutib oladi» deb ustingga xotin olganida esa, ko‘nishing kerak.
Ko‘nib ham biron marta eringga «ikki xotin aro adolat qil» demasliging lozimki, yo musht tagida qolasan, yo javobingni olasan.
Mabodo ishlashga ruxsat berishsa, ish kuning soat 6 da tugasa-da, soat 6 yarimda kechki ovqating pishmasa, tamom. Lekin oyligingni tiyinigacha olib qo‘yishlari mumkin.
Ishxonangda esa seni «bu ayol, tug‘adi, bolasi kasal bo‘ladi» deb lavozimlarga loyiq ko‘rmasliklari mumkin.
Shunday yashab, chidab, oxiri yaxshi qaynona bo‘lolmasang, faqat o‘zing aybdorsan.
Bunga chidamay, ajrashsang ham sen aybdorsan.
Umuman, sen har doim aybdorsan.
Buni gapirsang, aybdorsan.
Jim tursang, aybdorsan.
Ketsang, aybdorsan.
Qolsang, aybdorsan.
Erkaklar, hamma mas'uliyat menda, sen uyda o‘tir, itoatkor bo‘l degan erkaklar bu holatni o‘zgartirmasalar, islohni o‘zlaridan boshlamasalar, Islomdan ham, an'analardan ham faqat o‘zlariga yoqadigan tomonlarini olib, omuxta va qulay bir tutumlarni yaratib olgan bo‘lsalar, bu tutumlar onalari, opa-singillari, qizlariga ham zarar yetkazishini bilib ham, vaziyatni o‘zgartirmasalar, chidaysan!
Tushunmaydilarki, har qanday isyonlar zulm ortidan kelib chiqadi. Isyondan keyin hammasi battarroq bo‘lishi mumkin, ammo isyon qiluvchilar ahvolni yaxshilash uchun emas, holatga chiday olmaganlaridan dod demoqdalar…
«Gender tenglik» desa sakrab tushayotgan, ayollar huquqlari haqida gapirganlarga turli yorliqlar ilayotganlar, Sizlar oqibat bilan kurashyapsizlar.
Sabablarni ham ko‘ring, adolat qiling!

Shahnoza Soatova

Tag‘in o‘qing
21 noyabr 2018
Respublika viloyatlari bo‘ylab fermerlarning «davlat xirmoniga mo‘l hosil yetkazib berish» qasamyodiga keltirishi ijtimoiy tarmoqda kulgiga sabab bo‘lmoqda. 21 noyabr ...
18 yanvar 2018
Milliy xavfsizlik xizmati sobiq generali Shuhrat G‘ulomov qamoqxonalardagi ayrim siyosiy va diniy mahkumlarni yo‘q qilish guruhini tuzgan. Bu haqda ...
23 avgust 2021
 “Tolibon” Afg‘onistonni o‘z qo‘liga olgach, minglab afg‘onlar shafqatsiz fundamentalistik boshqaruv qaytgan deb hisoblagan mamlakatdan qochish yo‘llarini izlamoqda. 2021 yil 16 iyul, dushanba, O‘zbekiston. Ayollar Amudaryo ...
27 dekabr 2020
Manbalar “Eltuz”ga O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev toshkentlik ishbilarmonlar orasida “Shayton” laqabi bilan tanilgan, muqaddam firibgarlikda ayblangan 45 yoshli ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...