Asosiy mavzular
12 noyabr 2018

Majburiy mehnat va ko‘zbo‘yamachilik

Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnat ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida farmon qabul qilganiga qaramay, joylarda majburiy mehnat ko‘rinishlari yanada avj olgandek taassurot uyg‘onmoqda.

Hatto so‘nggi vaqtlarda majburiy mehnatdan sal nafas rostlagandek ko‘ringan o‘qituvchiyu tibbiyotchilarning paxta terimiga chiqarish ko‘lami kengayganidan darak beruvchi xabarlar ko‘paydi.

Xususan, Namangan viloyatining Norin tumanidagi Norinkappa qishlog‘ida joylashgan 40-maktab o‘qituvchilari majburiy ravishda paxta terimiga olib chiqilayotgani to‘g‘risida “Ozodlik” radiosi orqali xabar tarqatildi.

“5 kundan beri paxtadamiz”, deb yozgan bu haqda radioga telegram orqali xabar yo‘llagan o‘qituvchilardan biri va o‘z so‘zining isboti sifatida videotasvir va fotosuratlar jo‘natgan.

Ammo bu kabi xabarlarga hukumatning reaktsiyasi umuman sezilmayapti. Prezident topshirig‘iga rioya etilmayotgani va odamlar huquqining buzilishi yuzasidan birorta tekshiruv o‘tkazilayotgani ham ma'lum emas.

Qolaversa, bosh prokurorning qishloq xo‘jaligi sohasiga mas'ul etib tayinlanishi ortidan bunday holatlar kamayish o‘rniga ko‘paymoqda.

Yaqinda “Eltuz”da e'lon qilingan maqolada majburiy mehnatni tashkil etishga, asosan, prokurorlar bosh-qosh bo‘layotgani haqida yozilgan edi.

Bosh prokuraturaga “qishloq va suv xo‘jaligi sohasi samarali faoliyat yuritishga ko‘maklashish” vazifasi yuklatilgani esa bu iddaolar haqiqatga yaqinligini ko‘rsatmoqda.

Yuqoridagi holatlar tahlili majburiy mehnatni taqiqlashga qaratilgan harakatlardan aslida jamoatchilik e'tiborini chalg‘itish maqsadi ko‘zlangan, degan xulosani keltirib chiqaradi.

Zero, majburiy mehnatni taqiqlash haqida prezident va hukumat darajasidagi jiddiy gaplar paxta terimidan ancha oldin boshlangandi.

Shunga qaramay, terim boshlanishi bilan byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilari, mahalla orqali hukumatdan yordam puli oluvchi kishilarni terimga majburlash avj oldi.

Rasmiylar bu holatlarni jon-jahdi bilan yashirishga qancha harakat qilmasin, uning “isitmasi” muntazam ravishda o‘zini oshkor qilib turdi.

Jamoatchilikda “hokimliklar, korxona va tashkilotlar rahbarlari prezidentning majburiy mehnatni taqiqlash to‘g‘risidagi qarorlarini sabotaj qilmoqda”, degan fikr uyg‘ondi.

Ammo prezidentning yuqorida eslatilgan farmonidan so‘ng ham majburiy mehnat davom etayotgani bunday sa'y-harakatlar ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas, degan xulosani beradi.

Balki hukumat mamlakatda boshlangan islohotlar to‘lqinidan mahalliy va xalqaro darajadagi ilhomlanish majburiy mehnat masalasini soyada qoldiradi, deb o‘ylayotgandir!

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 fevral 2024
O‘zbekistonda keyingi kunlarda mansabidan foydalanib tovlamachilik qilish, ta'magirlik, reyderlik, odamlarni aldab pulini olib qaytarmaslik, qo‘rqitib jinoyatlariga sherik qilish xolatlari ...
16 sentyabr 2019
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston diniy siyosatida qandaydir o‘zgarishlardan darak berishga ishoralar paydo bo‘lmoqda.  Lekin bo‘layotgan ishoralar siyosatda emas, balki diniy ...
16 may 2018
Mirziyoevning AQShga safari boshlangan 16 mayda Rossiya nashrlari IShIDning 5000 jangarisi O‘zbekistonga hujum qilishga tayyorligi haqida feyk xabarlarni tarqatdi. ...
23 mart 2016
“Xalq so‘zi” gazetasi “Jahon” axborot agentligiga asoslanib O‘zbekiston prezidentining 2015 yil yakunlariga bag‘ishlangan mashvaratdagi ma'ruzasi Buyuk Britaniya ekspertlar hamjamiyatida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...