Asosiy mavzular
15 yanvar 2019

Prezident bergan pulga “Malibu” olaman!

Samarqandga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yangi soliq siyosati doirasida joriy yil yakuni bo‘yicha respublikada 5,5 trln so‘m mablag‘ mahalliy byudjetlarga qolishini bildirdi.

“Pul bo‘lsa, rivojlanish bo‘ladi”, degan prezident Samarqanddagi hokimlik yillarini eslab, markaziy hukumatdan mahalliy byudjetga pul undirolmaganini aytdi.

Davlat rahbari mahalliy byudjetga pul tushsa, tumanlarda katta-katta korxonalar ochilishi, yo‘llar yaxshilanishi, shifoxona, maktablar qurilishi, chiroq va ko‘mir mo‘l bo‘lishini e'tirof etdi.

“Maktablarda parta yo‘q, odamlarning tomidan suv o‘tib yotibdi, chiroq yo‘q. Bularga ko‘z yumib bo‘lmaydi”, degan prezident: “Men ham Samarqandga hokim bo‘lganman, ko‘p harakat qilardik, qo‘shimcha ham ishlardik, lekin pul berilmasdi. Ishlagan ham bir darajada, ishlamagan ham bir darajada edi. Bunaqada raqobat bo‘lmasa, rivojlanish bo‘larmidi”, deya qo‘shimcha qildi.

Davlat rahbari soliq tushumlarining bir qismini mahalliy byudjetga qoldirish orqali ana shunday ezgu niyatlarni ko‘zlayapti.

Prezident nutqidan anglashiladiki, u shu orqali hududlar iqtisodiyotini o‘nglash, aholi turmush darajasini yaxshilashni ko‘zlamoqda.

Bunday siyosat mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk amaliyot. Bu amaliyotning ilk ko‘rinishlari esa mahalliy hokimiyatlarning, avvalo, xalq emas, balki o‘z manfaatlarini ko‘zlashini yana bir bor isbotladi.

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov prezident tashabbusi bilan mahalliy byudjetga qolgan pullarga “Malibu” rusumli yangi mashinalar olishdan ishni boshladi.

U har biri, o‘zining aytishicha, aktsiya doirasida 267 million so‘m turadigan 8 ta yangi “Malibu” oldi. Mashinalarning 5 tasi uning o‘rinbosarlariga, bittasi shahar hokimiga, qolgan ikkitasi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda davlat soliq boshqarmasi rahbarlariga beriladigan bo‘ldi.

“Prezident Sh.Mirziyoev mahalliy hokimlarga byudjetga tushadigan tushumlarni o‘z ixtiyorlari bilan ishlatish vakolatini bergach, bunday mashinalarni olishga imkoniyat paydo bo‘ldi”, dedi viloyat hokimi.

Hokim bu qarorini viloyatning kattaligi, xorijdan kelayotgan yuqori martabali mehmonlar uchun lyuks mashinalar yetishmovchiligi bilan izohladi.

Avvalo, bir fikr. Viloyatning chekka hududlari yo‘llari uchun “Malibu”lar yaramasligi ko‘pchilik biladi. O‘ydim-chuqur yo‘llarda tagi past (nufuzi emas) bunday mashinalar bir tiyinga qimmat. Agar ishonmasangiz, shunday yo‘llarda yuradigan haydovchilardan so‘rang. Shuning uchun hokimbuvaning bunday o‘zini oqlashi puch.

Kelayotgan xorijlik mehmonlarni arzonroq mashinalarda olib yursa ham birov urushmasa kerak. Sanalgan amaldorlar oddiyroq mashinaga minsa, orqasi og‘rib qolmas.

Qolaversa, hokimbuvaning ishtahasi Rossiyadagi viloyat gubernatorinikiga tortadigan darajada. U dotatsiyada o‘tiradigan gubernator otaxonning o‘z xizmat samolyoti, villasi, bizdagidan 8 barobar qimmat turadigan antiqa mashinasi borligini og‘zidan so‘lagi tomib gapirgan.

Bu yoqda prezident hokimlar o‘zini emas, xalqni o‘ylashi kerakligi haqida gapirayotgan bir paytda shu xalqning puliga 8 ta “Malibu” olgan hokim: “Menimcha, bu yerda xalq yoki davlatning qandaydir manfaatiga putur yetadigan harakat sodir etilmagan”, deb ko‘zini lo‘q qilib turibdi.

Navoiyda ta'mirtalab shifoxona, maktab, bog‘cha yo‘qmi? Yurganda mashina emas, piyodaning ham oyog‘i sinib ketadigan darajada xarob yo‘l yo‘qmi? Uyga, hattoki nonga muhtoj xayriyatalab insonlar yo‘qmi?

“Malibu”lar uchun sarflangan 2 milliard so‘mdan ortiq pulga muhtojlar uchun nechta uy qursa bo‘lardi? Qancha yo‘l, maktab, shifoxona, bog‘chani ta'mirlash mumkin edi?

Soliq tushumlarining bir qismini mahalliy byudjetlarga qoldirish tashabbusi ilg‘or mamlakatlarinikiga mengzagulik. Buni faqat qo‘llab-quvvatlash kerak.

Lekin O‘zbekistonning yillar davomida xalqning emas, faqat o‘z manfaatini o‘ylagan amaldorlari bundan ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishni ko‘zlayotgani Navoiy viloyati misolida ko‘rinmoqda.

Shuning uchun mahalliy byudjetlarga qoladigan mablag‘larni ishlatishning shaffof, xalq oldida hisobdorlik mexanizmini yaratish bugungi kunda yanada dolzarblashadi.

Aks holda yapaloq toshning yaltirashiga havas qiladigan, rus gubernatorining hashamatlariga ko‘ngi sust ketadigan hokimbuvalar soni ko‘payib ketaveradi.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 iyun 2024
Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Sherzod Rahimov imzosi bilan bugun viloyatdagi barcha tuman-shaharlarga quyidagi mazmunda xat chiqarilgan. “2024 yil 19 iyun ...
14 fevral 2018
Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent markaziy sayilgohida joylashgan bosh qarorgohi boshqa joyga ko‘chirilayotgani haqida «Eltuz»ga ma'lumotlar yetib keldi. U yerga ...
29 mart 2016
26 fevral kuni qabul qilingan qaror ijrosi shu kunlarda viloyatdan Toshkentga kelganlar uchun jiddiy muammoga aylanib ulgurdi. Guvohnoma olish ...
26 sentyabr 2017
26 sentyabr kuni tanqidiy fikrlari uchun o‘zbek hukumatining qora ro‘yxatiga kiritilgan 63 yoshli yozuvchi Nurilla Otaxonov Turkiyadan Toshkentga yo‘l ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...