Asosiy mavzular
31 yanvar 2019

Hammasiga Karimov aybdor

Germaniyada chiqadigan  «Süddeutsche Zeitung» (Zyuddoyche Tsaytung) gazetasi 29 yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning intervyusini chop qildi.

Karimov davrida ham, bugun ham tashqi ishlar vaziri bo‘lib qolayotgan 71 yoshli Abdulaziz Komilov nemis muxbiri Frenk Ninxuyzenning «Nima uchun ilgari islohotlar amalga oshirilmagandi?» degan savoliga bunday javob beradi:

«Prezident Karimov O‘zbekiston uchun ko‘p ishlar qildi, bu ayniqsa mustaqillikni himoya qilishda, uning ayrim tamal toshlarini qo‘yishda ko‘rinadi. Biroq bu boshqa davr edi va janob Karimov hammani shaxsan nazorat qilgan. Hech kim siyosatni to‘g‘rilash uchun hech narsa qila olmagan. Hatto bunday mavzuni muhokama etish qiyin bo‘lgan».

Yigirma yildan ziyod davrda Markaziy Osiyodagi o‘ta avtoritar davlat bo‘lgan O‘zbekistonning bugungi kunda ochilayotgani, 2016 yildan buyon 15 mingdan ziyod siyosiy mahkumning ozod etilgani haqida gapirarkan, Komilov nima uchun mamlakatga islohotlar zarur bo‘lib qolganiga izoh beradi. 

«Agar siz mamlakatni rivojlantirishni istasangiz, odamlarga erkinlik berishingiz va siyosiy-iqtisodiy tuzumni liberallashtirishingiz kerak bo‘ladi», deydi Komilov nemis nashriga bergan intervyusida.

Ayni paytda vazir ko‘plab davlatlar bu yo‘ldan bormayotganiga ham ishora qilib, odamlarining erkdan mahrumligiga qaramay, iqtisodiy rivojlanayotgan Xitoyni misol keltiradi.

«Xitoy bu Xitoy. Bu ularning ichki ishi. Biroq biz bu yo‘ldan bormaymiz», deydi Komilov.

Nemis nashriga bergan intervyusi asnosida o‘zbek tashqi siyosat mahkamasi rahbari islohotlar mamlakatga investitsiya kiritilishi uchun ko‘proq muhimligini urg‘ulaydi.

«Bu strategiya o‘z ichiga siyosiy, iqtisodiy, demokratik, inson huquqlari sohalaridagi islohotlarni qamraydi va eng yaxshi investitsion muhit yaratishni ko‘zlaydi. Biz ko‘proq ishlar qilishimiz kerakligini tushunamiz. Biroq keyingi ikki yil ichida qo‘yilgan qadamlar juda ulkandir», deydi Komilov.

Ortga yo‘l yo‘q

Nemis jurnalistining O‘zbekiston paxta dalalaridagi majburiy mehnatga oid savoliga javob berarkan, Komilov bolalar mehnati allaqachon tugatilgani Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan tasdiqlangani, kattalar majburiy mehnati esa ayrim viloyatlardagina saqlanib qolgani, bu ham jamoatchilik tashkilotlari bilan birgalikda bartaraf etilayotganini bildiradi. Vazirning fikricha, bu katta progressdir. 

«Siyosiy mahkumlar-chi? Human Rights Watch tashkiloti siyosiy ayblovlar bilan qamalgan minglab mahkumlar hamon turmalarda qolayotgani yozmoqda», deya navbatdagi savolni ko‘ndalang qo‘yadi nemis jurnalisti.

Komilovga ko‘ra, keyingi ikki yil ichida ilgari diniy tashkilotlar safida bo‘lgan 15 000 mahkum ozod etilgan, biroq bahsga o‘rin bor.

«Albatta, ko‘plab mahkumlar ularni xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlashi uchun o‘zlarini siyosiy mahkum deya atashlarini istashadi.  Biz munozara uchun ochiqmiz», deydi Komilov.

Jurnalistning «Islohotlar qanchalik uzoq davom etishi mumkin?» degan savoliga Komilov «Ortga yo‘l yo‘q» deya javob beradi:

«Hammaga ma'lumki, chuqur islohotlar odatda odamlarga yoqmaydi. O‘tish bosqichi – og‘ir davr. Shuning uchun odamlarning bu siyosatni qo‘llash muhimligini, agar hech narsa qilinmasa, vaziyat yanada og‘irlashishini anglashlari juda muhim. Biz mintaqada ish yuritishni istaymiz. Vaziyat og‘ir ekanini bilamiz. Biroq biz uchun boshqa muqobil yo‘l yo‘q!»

Nemis jurnalisti odamlar aynan muqobillikni, turli muxolif g‘oyalar, partiyalar tanlovini, erkin saylovlarni istashayotganiga ishora qiladi.

«Biz sizga buning variantlarini taqdim qilamiz. Eng muhimi, biz demokratiya, bozor iqtisodiyoti, iqtisodiy va siyosiy islohotlar yo‘lida harakat qilyapmiz».

«Shuningdek, erkin saylovlar yo‘lida hammi?» deya tag‘in o‘z savolini urg‘ularkan, nemis jurnalisti O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning tasdiq javobini oladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 yanvar 2018
Yaqinda viloyatga borib, bir tanishimnikiga kirdim. Darvozaxonasida bir qop to‘la o‘rik daraxti o‘tini turgan ekan. O‘tin biror kasallikka chalinmagan, ...
12 aprel 2015
Sizga aeroportda yoki o‘zbek chegarasining boshqa qismida deklaratsiyalar to‘ldirishga to‘g‘ri kelganmi? – deya savol beradi jurnalist Qudrat Bobojonov. To‘g‘ri, ...
15 noyabr 2023
Tarmoq, ya'ni sotsial media o‘zbek segmentida kuzatishlarimga ko‘ra xotin-qizlar orasida ashaddiy diniy fanatizmga moyillik kuchli. Moskva, Seul, Istanbul va ...
23 avgust 2023
Sharipov Bahrom Qurbonovich Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimidan bo‘shatildi. Oxirgi paytlarda Bahrom Sharipov ishdan bo‘shatilishidan birmuncha ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...