Asosiy mavzular
22 fevral 2019

G‘allaoroldagi qiynoqqa oid IIV raddiyasiga «Eltuz» javobi

Ichki ishlar vazirligi “Eltuz”da “G‘allaorollik yigit IIB xodimlari uni tahqirlashganini bildirdi” sarlavhasi bilan tarqatilgan maqolaga munosabat bildirib, unda keltirilgan holatlar “o‘z tasdig‘ini topmagani”ni ma'lum qildi.

Vazirlikning Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilishicha, Akmal Ablakimov boshqaruvidagi avtomashinada 1000 litr benzin hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlanib, hujjatlashtirilgan va hujjatlar tegishli ravishda qonuniy qaror qabul qilish uchun Ishtixon tumani davlat soliq inspektsiyasiga yuborilgan.

Shuningdek, vazirlik Akmal Ablakimovga IIB xodimlari tomonidan tan jarohati yetkazilgani haqidagi iddaolarni ham rad etdi va bu haqda Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasining 2019 yil 14 fevral kunidagi ma'lumotnomasini asos qilib keltirdi.

A.Ablakimov Ishtixon tumani prokuraturasiga tuman IIB xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, murojaat qilgan.

IIV bayonotida A.Ablakimov voqea to‘g‘risida internetda xabar chiqqanini Ishtixon tumani prokuraturasiga kelib eshitganini va kim bu xabarni joylashtirganini bilmasligini aytgani bayon qilinadi.

Shu bilan birga, vazirlikka ishonilsa, A.Ablakimov tuman IIBda bo‘lgan vaqtida xodimlar uni ko‘rsatma berishga majburlamaganligini, hech kim yalang‘och qilmaganligini, videotasvirga olmaganligini, sha'ni va qadr-qimmatini kamsitmaganligini ham ta'kidlagan.

“Hozirgi kunda yuqoridagi holatni mukammal o‘rganish maqsadida tekshiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining “Eltuz”da e'lon qilingan maqola yuzasidan tarqatgan bayonotida.

Avvalo, “Eltuz” maqolani e'lon qilishda saytga jo‘natilgan va Akmal Ablakimov imzosi qo‘yilgan xatga asoslanganini ta'kidlab o‘tish joiz.

Endi voqeaning ayrim huquqiy jihatlariga to‘xtalsak.

“Eltuz” bilan mazkur voqea xususida suhbatlashgan huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, benzin O‘zbekistonda erkin sotuvda va iste'molchining uni bir litrmi, ming litrmi sotib olishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Shuning uchun benzinning olib ketilayotgani uchun qandaydir hujjat so‘rashning o‘zi mantiqsizlik. Chunki “zapravka”dan benzin sotib olingani to‘g‘risida nari borsa kassa cheki beriladi, tamom.

“Boshqa tomondan, uning sotilish maqsadida olib ketilayotgani ham aniq emas. Axir siz ichish uchun o‘n litr o‘rniga yuz litr suv sotib olishingiz jinoyat emas-ku! Lekin masalaning boshqa jihati ham bor. Yonuvchan moddalarni tashishning o‘z qoidalari bor. Mashinada hatto bir baklajka benzin olib yurish ham bu qoidalarni buzish hisoblanishi mumkin. Xavfli yoqilg‘ilar maxsus holatda tashiladi”, dedi huquqshunos.

A.Ablakimovning tan jarohati olmaganini Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasi tasdiqlagani to‘g‘risidagi iddaolar ham ishonchsiz, – deya qo‘shimcha qildi huquqshunos. – Chunki maqolada u bu tumanning sud tibbiy ekspertizasiga ishonmasligini aytgan.

“Tahqirlanish masalasiga kelsak, garchi A.Ablakimov qadr-qimmati yerga urilgani, kaltaklangani haqidagi xabarlarni rad etgani aytilayotgan bo‘lsa-da, bu masala chuqur o‘rganilishi kerak. Agar tasdig‘ini topsa, aybdorlar tegishli jazosini olishi shart. Men voqeaning to‘liq tafsilotini bilmayman. Shuning uchun hozircha mavjud tafsilotlardan kelib chiqib fikr bildiryapman”, dedi huquqshunos “Eltuz” bilan suhbatda.

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. A.Ablakimov IIB xodimlarining maqolada tilga olingan barcha qonunbuzarliklarini inkor etayotgani ishonchli emas. Zero, u o‘zini himoya qilishga qodir butun bir tizim qarshisida yana yolg‘iz qolmoqda.

Bunday paytda u o‘ziga ko‘rsatiladigan har qanday bosim ta'sirida qolishi ehtimoli yo‘q emas.

Nima bo‘lganda ham, IIV bo‘lib o‘tgan voqeani chuqur o‘rganish maqsadida tekshiruv o‘tkazilayotganini aytmoqda.

Shu ma'noda, “mundir sharafi”ni emas, adolatni himoya qilish har qanday kuchishlatar tizimning obro‘si uchun xizmat qilishini eslatib qo‘ygan foydadan xoli bo‘lmaydi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 iyul 2018
O‘zbekistonda eng uzoq muddat qamoqda o‘tirgan jurnalist va sobiq siyosiy mahbus Muhammad Bekjon o‘zbek turmasidagi hayotiga bag‘ishlangan birinchi kitobini ...
10 iyun 2021
Bir-biridan mustaqil manbalarning “Eltuz”ga bildirishicha, O‘zbekiston xalq ta'limidagi korruptsiyaning eng ochiq va ayovsiz ko‘rinishi chekka tumanlarda emas, xalq ta'limi ...
8 dekabr 2020
O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim “Eltuz” muxbiri bilan suhbatda xonandalar Sanjay va Sherali Jo‘raev janjaliga umuman aralashmaganini, artist bilan ...
8 aprel 2015
Toshkentla “Style.uz” san'at haftaligi o‘tmoqda – prezident to‘ng‘ich qizining dabdabali ermagi, ayni paytda esa paxta dalalarida bolalar o‘lmoqda, deya ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...