Kundalik
18 oktyabr 2015

Turmadan xat

Assalomu alaykum aziz hamyurtlar! Men bu voqeani sizlarga aytmasam bir umr bo‘ynimda qarz bo‘lib qoladi. Shu sababli uzoq o‘ylab aytishga qaror qildim.

Bundan bir necha yillar avval rizq-nasibam qo‘shilgan ekan men ham panjara ortini ko‘rib kelisha majbur bo‘ldim. «Qamoqxona» degan nomni eshitsam labimga uchuq toshar edi, tasavvurimda dahshatli joylar, yomon odamlar gavdalanardi. Yo‘q, u yerda ham siz bilan bizga o‘xshagan odamlar bor ekan. Faqat yashash sharoitlari biroz.., ha mayli, mavzudan chetlashmaylik, hozir gap u yerdagi ayanchli ahvol haqida emas. U yerdagi sharoitlar haqida boshqa payt bafurja bayon qilarman.

Demak, meni bir qamoqxonadan boshqasiga ko‘chirishdi (nima emish u qamoqxona uyimga yaqin bo‘lgani uchun yaqinlarim ko‘p xabar olayotganmish). Yangi joyga borgach bildim, odam qamoqxonaga ham o‘rganib qolar ekan. Yangi borgan joyimga hech ko‘nika olmadim, boshqalarga ham qo‘shilib keta olmadim. Birov bilan muloqot qilib turmasangiz vaqt o‘tishi ham qiyin bo‘lar ekan. Qarasam bir chetda yoshi mendan kattaroq, og‘ir-vazmin inson ham xayol surib o‘tirgan ekan, salom berib yoniga o‘tirdim.

Hol-ahvol so‘rashdik, keyin tanishdik (qarang, o‘zbekchilikda, avval hol-ahvol so‘rab keyin tanishasiz, boshqa millat bo‘lsa tanimagan odamidan hol so‘rarmidi?).

Ismi Ozodlik ekan. Xato eshitmadingiz, o‘zim ham birinchi eshitganimda Ozodbek deb eshitgan ekanman.
– Umrim qamoqda o‘tayapti – dedi bechora, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida bir chiqarishibdi-yu yana qayta yana olib kirib qamab qo‘yishibdi.
– Borgan sari meni yo‘qlovchi yaqinlarim ham kam qolmoqda – dedi. Tashqaridagi vaziyatni so‘radi, bilganimcha aytdim:
– Mustaqilmiz – desam miyig‘ida kulib:
– O‘zi Mustaqillik bilan yaqin qarindoshmiz – dedi.
Ancha suhbatlashdik, men ko‘nglini ko‘tarish uchun:
– Haqiqat bor, nasib qilsa yaqinda chiqib ketasiz – desam, xo‘rsinib
Haqiqat bilan birga qamalganmiz , yaqinda «Sangorod» (qamoqxona shifoxonasi) da ko‘rdim, qaddini egib ancha bukib qo‘yishibdi, ammo sindira olishmabdi – dedi. O‘rtaga noqulay jimlik cho‘kdi, men xijolatchilikdan chiqish uchun:
– Adolat bir kuni qaror topadi – dedim.
Ozodlik menga bir qarab olgach sekingina:
Adolat, Haqiqat bilan bitta joyda, ularning tomiri bitta, qamoqda ham ayrilgani yo‘q – dedi.
Ozodlikning bir joyiga hayron qoldim, sal kam avliyo ekan. Menga qarab:
– Uka, siz yaqinda chiqib ketasiz, bitta iltimosim bor, meni unutmagan do‘st-yor, yaqinlarimga mening nomimdan salom aytib qo‘ysangiz. Men yo‘qolib ketganim yo‘q, bir kuni qaytaman – dedi. Keyin nomma-nom yodida qolgan yaqinlarini sanab berdi.

Mana, meni Ozodlik aytgandek chiqarib yuborishdi, endi Ozodlik aytgan yaqinlarini izlab yuribman:
E'tiqod, Imon, Vijdon, Diyonat, Qo‘rqmas, Mard, Matonat... – bular esimda qolganlari, Yana bir qanchalari bor.
Agar meni eshitgan bo‘lsangizlar yonimga kelinglar, yaqinda Ozodlik, Haqiqat, Adolat keladi, birgalashib kutib olaylik, keyin uyalishib qolmaylik.
Mana, men bo‘ynimdagi qarzni ado qildim, nimani eshitgan bo‘lsam yetkazdim, eshitganlar eshitmaganlarga yetkazib qo‘ysin. Keyin bexabar qolibmiz deb menga da'vo qilib yurmanglar, vaqt juda oz qoldi.

«Salomnoma»ni bayon qiluvchi og‘zidan oqizmay-tomizmay oqqa ko‘chiruvchi
Akmal Nabiev,
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 dekabr 2015
Marg‘ilonning To‘qimachilar kombinati shaharchasining ko‘pqavatli uylarida yashovchi ikki yuzga yaqin odam gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi. 18 dekabr ...
14 fevral 2024
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg‘ona ulusining hokimi Umarshayx Mirzo oilasida dunyoga kelgan. «Boburnoma» tarixiy biografik ...
5 sentyabr 2019
Mustaqillik bayrami nishonlangan 1 sentyabr kechasi, Toshkent rasmiylariga ko‘ra, shahar ko‘chalariga o‘rnatilgan bayroqlardan 2000 tadan ortig‘i o‘g‘irlangan. Yetkazilgan zarar ...
14 aprel 2016
«Huquq olami»da gazetasida e'lon qilingan intervyusida taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov «o‘zbek kinosining, aniqrog‘i, «O‘zbekfilm»da ishlangan ko‘pgina asarlarning hozirgi ahvolini… ...
Bloglar
8 fevral 2025
Shu paytgacha «Anora» degan ikki film olindi. Bittasi yetim qizning ashlachi bo‘gani haqida¸ yana bittasi ...
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...