Asosiy mavzular
4 mart 2019

Chiqindixonalarga “o‘lpon” solindi

Toshkentdagi aholining maishiy chiqindilari yig‘iladigan shoxobchalarga plastmassa va makulatura topshirish majburiyati yuklandi.

Poytaxtdagi chiqindi yig‘ish shoxobchasida ishlaydigan Abror akaning “Eltuz”ga bildirishicha, endilikda u har oyda 45 kilogramm plastmassa va 20 kilogramm makulatura yig‘ib topshirishga majbur bo‘lmoqda.

“Ilgari baklajka va qog‘oz to‘plab, lo‘lilarga yoki ularni yig‘ish bilan shug‘ullanadigan boshqa odamlarga sotar edik. Tirikchiligimiz shu edi. Chunki beradigan oyligi urvoq ham bo‘lmaydi. Buxorodan kelib, yangangiz bilan shu joyda yashaymiz. Atroflarini ham toza-ozoda tutamiz. Shu chiqindilarni saralab yig‘ib, keyin sotib, ro‘zg‘or o‘tkazayotgandik. Endi bu ham kimlargadir ko‘p ko‘rindi shekilli”, deydi suhbatdosh.

Toshkentdagi chiqindixonalar “Maxsustrans” davlat korxonasiga qarashlidir. Har bir chiqindi yig‘ish shoxobchasiga maxsus odam biriktirilgan.

Bu xodimlarga chiqindilarni saralash, tozaligini nazorat qilish kabi vazifalar yuklangan.

Chiqindixonada ishlovchilar plastmassa va makulaturadan tashqari non bo‘laklari, temir-tersak kabilarni ham yig‘ib, bir-ikki so‘m daromad topadi.

Abror akaning so‘zlariga ko‘ra, u ilgari plastmassaning bir kilogrammini 3 ming so‘mdan sotgan. Hozir esa bu narx ham nima sababdandir 2 ming so‘mga tushib qolgan.

“Bolalarim hali o‘zini tiklab olgani yo‘q. O‘zimizda ish bo‘lmagani uchun uzoqdan kelib, bu sassiq joyda ham yashab, ham ishlab bir kunimizni ko‘rayotgandik. Endi Rossiyaga ketishni o‘ylab turibman”, dedi Abror aka.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda chiqindi uchun to‘lovlarni undirish “Maxsustrans” tashkilotidan Majburiy ijro byurosi (MIB) ixtiyoriga berildi.

Ammo yil boshidan bu aholidan chiqindi uchun to‘lovlar qabul qilinmayapti. MIB xodimlari buning sababini avvalgi to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblarni va o‘zaro vazifalarni aniqlashtirib olish zarurati bilan izohlamoqda.

Aholidan to‘lovlarni qabul qilish qachon boshlanishi masalasi esa hamon ochiqligicha qolayotir.

So‘nggi yillarda plastmassa va qog‘oz chiqindilarini yig‘ish Toshkentda juda yaxshi biznesga aylangan. Daydilar va alkashlar, ba'zan esa iqtisodiy nochor oddiy fuqaro ham bu chiqindilarni yig‘ib, ularni qabul qiladigan shoxobchalarga topshirish orqali kun o‘tkazib keladi.

O‘z navbatida, bu holat poytaxt obodonchiligiga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatdi. Toshkentning nisbatan ozoda shahar sifatida tanilishiga mazkur biznes rivojining o‘rni katta.

Hukumat bu biznesni bir qolipga solish, ekologiya va atrof-muhit tozaligini asrash maqsadida chiqindini qayta ishlash sohasiga e'tibor qaratishni boshladi. Shu maqsadda maxsus loyihalarni hayotga tatbiq etishga kirishilgan.

Xususan, chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlashga investorlarni jalb qilish sa'y-harakatlari bormoqda.

Ammo bu investorlar ham xuddi qurilish sohadagi (masalan, “Toshkent siti”ni qurayotgan shirkatlar) kabi shubhali sarmoyadorlar bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas.

“Endi chiqindilar bilan ham Toshkent shahri hokimining biznes tuzilmalari shug‘ullanadi, degan gaplar chiqyapti. Lekin bu gaplar qanchalik to‘g‘riligini bilmayman”, deydi poytaxtdagi chiqindi yig‘ish shoxobchasida ishlovchi Abror aka.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 iyun 2016
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqda chinozlik Ahmadboy lavhalari ovoza bo‘lmoqda, bu hodisa bundan uch to‘rt yil burun prezidentning korruptsioner qizi ...
29 may 2023
Oliy Sud qabuliga borgan Eltuz obunachisi Odilbek shikoyat maktubi: “Juma, 26 may kuni Oliy sud raisi, Bosh prokuror, Ichki ...
26 dekabr 2016
Tabiiy gaz va svet berilishini talab qilib, magistral yo‘lni to‘sib piket qilgan jizzaxlik ayollar militsiya bo‘limlariga chaqirilib tushuntirish xati ...
25 oktyabr 2021
Markaziy saylov komissiyasi 25 oktyabr kuni prezident saylovi natijalari to‘g‘risida bayonot berdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, saylovda O‘zbekistonning amaldagi prezidenti ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...