Asosiy mavzular
19 mart 2019

Nargiza Rahimovaning achchiq tajribasi rahbarlarning ijtimoiy tarmoqdan qochishiga sabab bo‘lmaydimi?

O‘tgan haftada o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarida eng ko‘p bahs-munozaralarga Nargiza Rahimova (Saidova) bosh sababchilardan biri bo‘ldi.

U “qadimchi”larning shunday zarbalariga uchradiki, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari uni o‘z muhofazasiga olishga majbur bo‘ldi.

Shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarda tahdidga uchragan o‘zbeklarni O‘zbekiston kuchishlatar tizimlari o‘z muhofazasiga olganini eshitganimiz yo‘q edi.  

Tasanno. Biz ham dunyo standartlariga yetishib boryapmiz. Insonning barcha huquqlari har doim shu darajada himoya qilinishi kerak!

Nargiza Rahimova davlat mulozimi – O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining o‘rinbosari o‘laroq, jamiyatning muayyan qatlami nazarida qovun tushirib qo‘yishi bilan bog‘liq voqeani esga olib nima demoqchimiz?

Gap shundaki, ilgarilari o‘zbek mulozimlari jamiyat bilan deyarli muloqotga bormas edi. O‘zbekistonda siyosat haqidagi ham, iqtisodiyot haqidagi ham ochiq gaplarni faqat bir kishi – endilikda marhum prezident Islom Karimov aytardi.

O‘sha paytlarda hatto tashqi ishlar vaziri jurnalistlar bilan ochilib muloqot qilganini birov eslolmasa kerak. U ham gapirganda, albatta, “prezidentimiz ta'kidlaganidek”, “davlatimiz rahbari rahnamoligida” kabi himoyakor ilovalar panasida so‘zlardi (va ayrim o‘zgarishlarni aytmasa, hozirgacha ahvoli shu).

Mulozimlarning xalq bilan ochiq muloqotdagi tajribasizligi bugun ularning erkin bahs-munozaralarga kirishishiga to‘siq bo‘lyapti nazarimizda.

Hozir ham ikki gapning birini “prezidentimiz” bilan boshlaydigan mulozimlarning muloqot maydonlarida xato so‘zlab qo‘yishdan cho‘chib turgani seziladi.

Shunga qaramay, amaldorlarning ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rina boshlagani, avvaldan tanlab olinmagan aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani baribir ijobiy holatdir.

Nargiza Rahimovaniki kabi achchiq tajriba ham boshqa amaldorlar uchun asqatadi. Zero, ular jamiyat bilan muloqotda muayyan qatlamlarning diniy, jinsiy, axloqiy va hokazo qadriyatlarini hisobga olish kerakligini o‘rganadi.

Bunga bilimi va farosati yetmaydigan, lavozimiga nomunosib ekanini ko‘rsatib qo‘yadigan amaldorlarning esa saragi sarakka, puchagi puchakka ajralib qolaveradi.

Faqat ularga Nargiza Rahimovaning achchiq tajribasi teskari ta'sir etib, yana o‘z qobig‘iga o‘ralib olib, faqat “ruxsat etilgan” gaplarni aytishga o‘tib olishmasa bo‘lgani.

Eng asosiysi, hokimiyat vakillarining jamiyat bilan muloqotdan qochmasligi, xalqning kayfiyati va qarashlarini o‘rganib borishi.

Zero, ularning muloqot uchun ochiq bo‘lishi jamiyatning taraqqiyotiga yo‘l ochadigan muhim shartlardan biridir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 sentyabr 2019
Samarqandda 27 avgust kuni o‘tgan “Sharq taronalari” festivali arafasida daydi itlar va mushuklarning ommaviy o‘ldirilishi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi.  ...
24 sentyabr 2024
Rossiyada koronovirus, O‘zbekistonda esa qizamiqning yangi turi tarqaldi, er zulmiga chiday olmagan xotin o‘zini osdi va bu 600 sekund. +++ ...
3 iyul 2019
Xalqaro kompaniyalar Buyuk Britaniyadagi korporativ shaffoflik va hisobdorlikning zaif rejimidan foydalanib, vatanidagi manfaatlari va mulkini niqoblashi mumkin. Kristian Lasslett ...
15 oktyabr 2015
Shuhrat Bobojon, Eltuz.com Salvador Dalining bir asari bor. «Grajdanlar urushini oldindan his qilish» degan. Rassom do‘stim Hakimjon Turdiev esa ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...