Asosiy mavzular
3 sentyabr 2019

«Sharq taronalari» festivali arafasida daydi itlarning o‘ldirilishi jamoatchilikni shokka soldi

Samarqandda 27 avgust kuni o‘tgan “Sharq taronalari” festivali arafasida daydi itlar va mushuklarning ommaviy o‘ldirilishi jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. 

“Kecha kechqurun mening itimni vahshiylarcha o‘ldirishdi. Ularni hayvon deb atash hayvonlar uchun haqoratli. Odammas ular”, deya yozdi feysbuk yuzeri Alika Abdullaeva.

Uning yozishicha, shaharga dabdabali bayram tusini berish uchun Samarqandni daydi itlardan tozalashga buyruq berishgan. Mahallalar bo‘ylab reyd o‘tkazishgan. Itlarni quturishga qarshi emlash bahonasida uyma-uy yurishgan.

“Kimdir rozi bo‘ldi, kimdir yo‘q. Rozi bo‘lganlar itlaridan ayrilishdi. Ular qaerda it hurgani eshitilsa, devordan zaharlangan sosiska irg‘itishdi. Shunday qilib, mening itimni va qo‘shnilarimizning itlarini o‘ldirishdi”, deya eslaydi Alika itlarga qilingan yovuzliklar haqida.

U o‘z postida, shuningdek, zaharlangan iti o‘limi dahshatini tasvirlaydi:

“Kuchugim chiyillab, aqldan ozgan alfozda chopib uyga kirdi. Keyin charx urib aylana boshladi. Men nima bo‘lganini darrov anglay olmadim. Uning butun ichki a'zolari bir lahzada to‘kilib bo‘lgan edi. U chekkan iztirobni tasvirlash qiyin. Og‘ir azob va gallyutsinatsiya. Keyin u yiqildi, talvasa boshlandi. Va ajali yetdi…”.

Bir guruh jamoatchilik faollari 31 avgust kuni siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov tashabbusi bilan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovga bolalarni hayvonotga mehr-shafqat ruhida tarbiyalash yuzasidan  petitsiya murojaati yo‘llashdi.

“Bu yilgi festival tarixga nafaqat ayni noinsoniy va haddan tashqari shafqatsiz aktsiya bilan kirdi. Eng muhimi, bolalar bu aktsiya guvohi bo‘lishdi”, deyiladi, jumladan, murojaatda.

Ta'lim vaziriga daydi uy hayvonlarining o‘ldirilishi bolalarga qanday ta'sir etishi, bu holatga Xalq ta'limi vazirligi javobgar ekani, shuningdek, hali ham “vaziyatni tuzatish” mumkinligi bildirildi.

Shu bilan birga, petitsiya tashabbuschilari vazirlikka maktab o‘quvchilari ishtirokida jonivorlarni asrash, ularga boshpana berish yuzasidan tadbirlar, tanlovlar o‘tkazish, bu tadbirlarga homiylar yordamini jalb etishni taklif qilishdi. 

Murojaatni emeyl va messenjer orqali jo‘natganini bildirgan Alisher Ilhomov 2 sentyabr kuni vazirning javob xatini olganini ma'lum qildi.

Ilhomov vazirlik o‘z xatida faktlarni inkor etmaganini, eng muhimi, umidlantiruvchi javob bo‘lgani, daydi uy hayvonlari uchun tirik burchaklar, boshpanalar tashkil qilishga xayrixohlik bildirilganini aytdi. 

Davlat mulozimining tezgina javobidan ruhlangan Alisher Ilhomov o‘z tarafdorlariga xalq ta'limi vaziri Shermatovga aniq takliflardan iborat ikkinchi murojaatini hozirlaganini ma'lum qildi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 mart 2019
O‘zbekistonga kiritilmagan taniqli o‘zbek yozuvchisi Hamid Ismoil «Jinlar bazmi» kitobi uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2019 yil uchun ...
4 mart 2019
Toshkentdagi aholining maishiy chiqindilari yig‘iladigan shoxobchalarga plastmassa va makulatura topshirish majburiyati yuklandi. Poytaxtdagi chiqindi yig‘ish shoxobchasida ishlaydigan Abror akaning ...
22 aprel 2022
Aziz do‘stlar, oylar sultoni  ramazon oyida sizlar bilan suhbat qilish baxtiga musharraf bo‘lganimdan sevinib suvutlarga chiqib ketmoqchiman. Mana kunlar ...
10 mart 2024
O‘zbekistonda bokiralikni tiklash amaliyoti o‘n yil oldin 150 dollar edi. Hozir qancha? Bugungi ko‘rsatuvimiz ko‘pchilikni qiziqtirgan ayni mavzuga bag‘ishlanadi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...