Asosiy mavzular
24 aprel 2019

Uyi buzilgan zominliklar yetarli tovon puli berilmaganidan norozilik bildirishdi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida 23 aprel kuni o‘tgan yili «Zomin siti» qurilishi uchun buzilgan uylari evaziga yetarli tovon puli olmaganidan norozi 40 dan ortiq fuqaro tuman hokimligi binosi oldiga yig‘ildi.

«Biz tuman hokimligi binosi oldiga ertalab soat 10 yarimlarda to‘plandik. Lekin hokim selektor yig‘ilishida deyishdi. Keyin o‘zini Jizzax hokimi yordamchisi deb tanishtirgan Kamoliddin ismli shaxs «yomg‘irda tashqarida turmanglar», deb ichkariga taklif qildi», dedi «Eltuz»ga o‘z ismini ochiqlamaslikni so‘ragan, uyi buzilgan zominlik suhbatdosh.

Hokim yordamchisi avvaliga buzilgan uylar o‘rnida «Shahar qurilish invest» shirkati yangi to‘rt qavatli uylar qurilib bitkazgani va yaqinda egalariga topshirilishi haqida gapirgan.

Biroq hokim yordamchisining gaplaridan yangi qurilgan to‘rt qavatli uylardagi kvartiralar bozor narxida yoki ipoteka krediti evaziga sotib olinishi kerakligi ma'lum bo‘lgan.

Hokimlik rasmiysining bu taklifi norozilik bilan qarshi olingan. Buzilgan uy egalari uylari narxini belgilagan komissiya va kadastr vakillarini yig‘ilishga chaqirishni, kompensatsiya pullari erkin narxda qayta belgilanishini talab qilishgan.

«Bizga o‘tgan yili berilgan kompensatsiya puli bu kvartiralarning eng arzonini olishga ham yetmasdi. Buning ustiga, bu kvartiralar bizga torlik qilardi, chunki oldingi buzilgan uylarimizda katta oila bo‘lib yashaganmiz», deya izohlaydi vaziyatni «Eltuz» suhbatdoshi.

Uning iddaosiga ko‘ra, unga va boshqa aksariyat xonadon egalariga o‘tgan yilning mart oyida buzilgan uylari o‘rniga shunga yarasha turar joy xarid qilishga yetmaydigan tovon puli ajratilgan.

«Masalan, bizning ikkita aka-uka, oilalarimiz va ota-onamiz bilan yashagan sakkiz xonali, barcha sharoitlari bor 192 kv.m hovli joyimiz evaziga jami 187 million so‘m tovon puli berildi. Bu pul bitta ukamning 3 xonali uyini qurib tomini yopishga yetdi, xolos», deydi «Eltuz» suhbatdoshi.

Uning tag‘in aytishicha, buzilgan uylarning ayrim egalari bundan ham past narxda tovon puli olishganki, bu pul uy qurilishiga ham yetmagan. Ular hokimlik vakillarining boshqa pul berilmaydi, bor qaerga borsang, degan gaplaridan shokka tushib qolishgan. Shuning uchun bor puliga boshqa joydan yer olib, amal-taqal qilib uy qurishga kirishishgan.

«Ko‘plari uylarni chala bitkazib, qora suvoq, somon suvoq qilib ko‘chib kirishyapti. Ularning oldingi sharoiti bundan ancha yaxshi edi. Endi remonti chala uylarda yashashyapti», deydi uyi buzilgan zominliklardan yana biri «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

«Eltuz» suhbatdoshlari uylari oldiga buldozer olib kelib, buzish ishlari zo‘rlik bilan boshlab yuborilganini aytishmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning martida prezident Mirziyoevning Zominga tashrifi oldidan tuman hokimi kelib ularga «siyosat qilgan».

Prezident siyosatiga qarshi chiqish mumkin emasligini aytib qo‘rqitgan va aholining komissiya belgilagan tovon puli evaziga uylari buzilishiga rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmagan.

«Avvaliga, prezident o‘tishi oldidan «hech bo‘lmasa uylaringizni buzilayotganday ko‘rsatib, shiferlarini olib qo‘yinglar», deb tayinlashdi. Keyin komissiya narxlovi asosida tovon puliga rozilik uchun qo‘l qo‘ydirib olishdi», deya eslaydi «Eltuz» suhbatdoshi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
12 may 2023
Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Isaxonova  ko‘chada yuzlab odamlarning Stalinni olqishlab, qichqirishini qonuniy deb baholadi.
19 avgust 2019
«Jamol aka menga baqrayib turib, birdaniga kulib yubordi. – Nimaga kulasiz? – deb so‘radim Jamol akadan. – Melievning xona ...
22 may 2016
Endi og‘aynilar chinlikni so‘zlasak bizning yurtda qachon janjal chiqsa suv talashib yoki yer talashib bo‘ladi. Qozoq biyligi (hukumati) sug‘oriladigan ...
1 noyabr 2015
Shuhrat Bobojon Eltuz.com Sichqon kabi mitti jonivor ulkan filni o‘ldirishi mumkin, degan gapni birinchi sinf o‘qituvchim Zevarjon opa ilk ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...