Qamoqxona noziri o‘z kamariga osilgan holda topildi
Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining manzil koloniyasi jinoyat qidiruv bo‘limi katta tezkor vakili, 37 yashar podpolkovnik Asomxo‘ja Abrorov 28 aprel kuni ertalab soat 9.30 da o‘z kabinetida shiftga osilgan holda topildi.
O‘zbekiston IIV matbuot xizmati vakilining «Eltuz»ga bildirishicha, podpolkovnik Asomxo‘ja Abrorov o‘zining charm kamariga osig‘liq holda topilgan.
«Ertalab yordamchi xodim ko‘rib qolgan shiftga osig‘liq turganligini. 27 aprel kuni Abrorov uyiga ketmay, tunni kabinetida o‘tkazgan. Jasad soat 9.30 ko‘rildi. Lekin marhum tunda o‘zini osgani ehtimoli haqiqatga yaqin. Jasad yorilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, mexanik bo‘g‘ilish oqibatida miya va o‘pka ishlamay qolib, o‘lim sodir bo‘lgani aniqlangan», dedi mulozim.
Suhbatdosh marhumning mahbuslar tarafidan o‘ldirilib, osib ketilgan bo‘lishi mumkinligi borasidagi taxminlarni rad qildi.
Marhum podpolkovnik bundan bir oy oldin Toshkent viloyati Ohangaron shahri IIB boshlig‘ining 1-o‘rinbosari lavozimidan ozod qilinib, Zangiotadagi qamoqxonaga ishga o‘tkazilgan edi.
Eltuz.com