Asosiy mavzular
17 iyun 2019

Yolg‘on “operatsiyasi” davom etadi…mi?

Bosh prokuraturaning Andijonda besh nafar ayolning aldov qurboniga aylanishiga sabab bo‘lgan mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomasi aslida viloyat hokimini oqlashga harakatdir.

Chunki aldovning boshida hokimning o‘zi turgani haqiqatga yaqin bo‘lib, uning bu yolg‘onni xaspo‘shlash uchun qilgan keng ko‘lamli sa'y-harakatlari shundan darak beradi.

Yaqinda Bosh prokuratura tarqatgan bayonotda Andijon viloyatida prezident tashrifi munosabati bilan tashkillashtirilgan o‘ziga xos “spektakl” o‘rganib chiqilgani aytiladi.

Aytish kerakki, bu bayonot prezident tashrifi chog‘ida beshta ayolga kottej berilgani haqidagi yolg‘on ma'lumot tarqatilgandan keyingi shov-shuvlar ortidan yangradi.

“O‘rganish natijalari yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Andijon viloyati hokimi nomiga zudlik bilan aybdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal qilish hamda bu kabi holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi”, deyiladi prokuratura axborotida. 

Aslida yolg‘onning boshida viloyat hokimining o‘zi turgan bo‘lsa, nega yana uning o‘ziga aybdorlarni jazolash to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.

O‘zbekistondagi mavjud tizim bunday “spektakllar” aynan yuqori doiralar darajasida sahnalashtirilishini taqozo etadi. Shuning uchun Andijondagi voqea ham istisno emas.

Prezidentning viloyatlarga safariga tayyorgarlikning har bir bosqichi viloyat hokimi darajasida va xavfsizlik xizmatlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi muayyan doiralarga, jumladan, Bosh prokuraturaga ham sir emas.

Shunday ekan, prezidentni aldash “operatsiyasi” boshida viloyat hokimi turganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Endi esa uni suvdan quruq chiqarib, uning buyrug‘ini bajarganlarni jazolash talab etilyapti va bu prezidentni aldashganini xaspo‘shlashga urinish sifatida qabul qilinishi kerak.

Viloyat hokimi xaspo‘shlashni o‘zining yolg‘oni fosh bo‘lgandayoq boshlagandi. U bo‘lib o‘tgan voqeani oddiygina qilib “xato” deya atagandi. Holbuki, oddiygina bu “xato” prezidentning xalq oldidagi imiji tomiriga urilgan bolta edi.

“Xol qo‘ygan” hokim o‘z ko‘zbo‘yamachiligini yashirish maqsadida ozmuncha harakat qilmadimi. O‘zAning o‘zi uni necha marta “oppoq” qilib ko‘rsatdi.

Ishga solingan “qo‘lbola” jurnalistlar esa hokimning yolg‘onini fosh qilgan xorijiy OAVlarni “umumiy dushman”ga ham chiqardi.

Lekin haqiqatni yashirishning uddasidan chiqa olishmadi. Endi buni Bosh prokuraturaning bayonoti ham tasdiqlamoqda.

Ammo bu bayonot ortidan jazoni yolg‘onning tashkilotchilari emas, ularning buyrug‘ini bajarganlar olishi ayon bo‘lmoqda.

Bu taqdimnomani “aldash operatsiyasi”ning davomi sifatida ko‘rish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki eskisining davomi bo‘lgan mazkur “operatsiya” ortidan kimdir jazolanadi, ammo asl aybdorlar, ya'ni bosh yolg‘onchilar jazolanmay qolaveradi.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
4 dekabr 2017
Ko‘p pul ishlab, mashina va uy olish uchun xotinini fohishalikka undagan o‘zbekistonlik erkak jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda 30 ...
11 fevral 2022
Aziz va mukarram, har biri duru javohirlar kabi qadrlilarim. Mabodo xafa bo‘lib, g‘am-g‘ussaga botgan, ishingiz yurishmagan bo‘lsa, boshlagan ishingizdan ...
24 dekabr 2016
Arkadiy Shayxet (1898 – 1959 yy.) sovet mafkuraviy fotoreportaj sohasining ko‘zga ko‘ringan arbobi. Uqubatli hayotni “maftunkor haqiqatga” aylantirish bo‘yicha ...
13 iyul 2020
O‘tmish tozalab qo‘yilgan. Ëlg‘on esa haqiqat deya bizga taqdim qilinmoqda. Bu gapni yozuvchi Jorj Oruell bundan 70 yil oldin ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...