Asosiy mavzular
17 iyun 2019

Yolg‘on “operatsiyasi” davom etadi…mi?

Bosh prokuraturaning Andijonda besh nafar ayolning aldov qurboniga aylanishiga sabab bo‘lgan mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomasi aslida viloyat hokimini oqlashga harakatdir.

Chunki aldovning boshida hokimning o‘zi turgani haqiqatga yaqin bo‘lib, uning bu yolg‘onni xaspo‘shlash uchun qilgan keng ko‘lamli sa'y-harakatlari shundan darak beradi.

Yaqinda Bosh prokuratura tarqatgan bayonotda Andijon viloyatida prezident tashrifi munosabati bilan tashkillashtirilgan o‘ziga xos “spektakl” o‘rganib chiqilgani aytiladi.

Aytish kerakki, bu bayonot prezident tashrifi chog‘ida beshta ayolga kottej berilgani haqidagi yolg‘on ma'lumot tarqatilgandan keyingi shov-shuvlar ortidan yangradi.

“O‘rganish natijalari yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Andijon viloyati hokimi nomiga zudlik bilan aybdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal qilish hamda bu kabi holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi”, deyiladi prokuratura axborotida. 

Aslida yolg‘onning boshida viloyat hokimining o‘zi turgan bo‘lsa, nega yana uning o‘ziga aybdorlarni jazolash to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.

O‘zbekistondagi mavjud tizim bunday “spektakllar” aynan yuqori doiralar darajasida sahnalashtirilishini taqozo etadi. Shuning uchun Andijondagi voqea ham istisno emas.

Prezidentning viloyatlarga safariga tayyorgarlikning har bir bosqichi viloyat hokimi darajasida va xavfsizlik xizmatlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi muayyan doiralarga, jumladan, Bosh prokuraturaga ham sir emas.

Shunday ekan, prezidentni aldash “operatsiyasi” boshida viloyat hokimi turganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Endi esa uni suvdan quruq chiqarib, uning buyrug‘ini bajarganlarni jazolash talab etilyapti va bu prezidentni aldashganini xaspo‘shlashga urinish sifatida qabul qilinishi kerak.

Viloyat hokimi xaspo‘shlashni o‘zining yolg‘oni fosh bo‘lgandayoq boshlagandi. U bo‘lib o‘tgan voqeani oddiygina qilib “xato” deya atagandi. Holbuki, oddiygina bu “xato” prezidentning xalq oldidagi imiji tomiriga urilgan bolta edi.

“Xol qo‘ygan” hokim o‘z ko‘zbo‘yamachiligini yashirish maqsadida ozmuncha harakat qilmadimi. O‘zAning o‘zi uni necha marta “oppoq” qilib ko‘rsatdi.

Ishga solingan “qo‘lbola” jurnalistlar esa hokimning yolg‘onini fosh qilgan xorijiy OAVlarni “umumiy dushman”ga ham chiqardi.

Lekin haqiqatni yashirishning uddasidan chiqa olishmadi. Endi buni Bosh prokuraturaning bayonoti ham tasdiqlamoqda.

Ammo bu bayonot ortidan jazoni yolg‘onning tashkilotchilari emas, ularning buyrug‘ini bajarganlar olishi ayon bo‘lmoqda.

Bu taqdimnomani “aldash operatsiyasi”ning davomi sifatida ko‘rish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki eskisining davomi bo‘lgan mazkur “operatsiya” ortidan kimdir jazolanadi, ammo asl aybdorlar, ya'ni bosh yolg‘onchilar jazolanmay qolaveradi.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2016
Bugun 62 yoshini qarshilayotgan Muhammad Bekjonni men o‘z qadrdon akamday bilardim, «Erk» gazetasi sahifalarini tayyorlash jarayonlarida u bilan dastlabki ...
18 noyabr 2015
Bugun Toshkentda Oliy majlis va Oqsaroy binosiga IShIDning qora bayrog‘i osib ketilgani habari tarqaldi. Bundan oldin Toshkentda IShIDga a'zolik ...
23 may 2017
O‘zbekiston va Tojikiston orasida mina maydonlari zararsizlantirilmagan, vizali borish kelish bekor qilinmagan bo‘lsa ham, ikki davlat raxbarlarining Saudiya Arabistonida ...
27 may 2016
Joriy haftada Asakadagi mashina zavodida yana 50 kishi so‘roqqa tortilib¸ shaharni tark etmaslik borasida imzo chektirildi. Bundan oldin o‘nlab ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...