Asosiy mavzular
17 iyun 2019

Yolg‘on “operatsiyasi” davom etadi…mi?

Bosh prokuraturaning Andijonda besh nafar ayolning aldov qurboniga aylanishiga sabab bo‘lgan mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomasi aslida viloyat hokimini oqlashga harakatdir.

Chunki aldovning boshida hokimning o‘zi turgani haqiqatga yaqin bo‘lib, uning bu yolg‘onni xaspo‘shlash uchun qilgan keng ko‘lamli sa'y-harakatlari shundan darak beradi.

Yaqinda Bosh prokuratura tarqatgan bayonotda Andijon viloyatida prezident tashrifi munosabati bilan tashkillashtirilgan o‘ziga xos “spektakl” o‘rganib chiqilgani aytiladi.

Aytish kerakki, bu bayonot prezident tashrifi chog‘ida beshta ayolga kottej berilgani haqidagi yolg‘on ma'lumot tarqatilgandan keyingi shov-shuvlar ortidan yangradi.

“O‘rganish natijalari yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Andijon viloyati hokimi nomiga zudlik bilan aybdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal qilish hamda bu kabi holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi”, deyiladi prokuratura axborotida. 

Aslida yolg‘onning boshida viloyat hokimining o‘zi turgan bo‘lsa, nega yana uning o‘ziga aybdorlarni jazolash to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.

O‘zbekistondagi mavjud tizim bunday “spektakllar” aynan yuqori doiralar darajasida sahnalashtirilishini taqozo etadi. Shuning uchun Andijondagi voqea ham istisno emas.

Prezidentning viloyatlarga safariga tayyorgarlikning har bir bosqichi viloyat hokimi darajasida va xavfsizlik xizmatlari bilan kelishilgan holda tasdiqlanishi muayyan doiralarga, jumladan, Bosh prokuraturaga ham sir emas.

Shunday ekan, prezidentni aldash “operatsiyasi” boshida viloyat hokimi turganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Endi esa uni suvdan quruq chiqarib, uning buyrug‘ini bajarganlarni jazolash talab etilyapti va bu prezidentni aldashganini xaspo‘shlashga urinish sifatida qabul qilinishi kerak.

Viloyat hokimi xaspo‘shlashni o‘zining yolg‘oni fosh bo‘lgandayoq boshlagandi. U bo‘lib o‘tgan voqeani oddiygina qilib “xato” deya atagandi. Holbuki, oddiygina bu “xato” prezidentning xalq oldidagi imiji tomiriga urilgan bolta edi.

“Xol qo‘ygan” hokim o‘z ko‘zbo‘yamachiligini yashirish maqsadida ozmuncha harakat qilmadimi. O‘zAning o‘zi uni necha marta “oppoq” qilib ko‘rsatdi.

Ishga solingan “qo‘lbola” jurnalistlar esa hokimning yolg‘onini fosh qilgan xorijiy OAVlarni “umumiy dushman”ga ham chiqardi.

Lekin haqiqatni yashirishning uddasidan chiqa olishmadi. Endi buni Bosh prokuraturaning bayonoti ham tasdiqlamoqda.

Ammo bu bayonot ortidan jazoni yolg‘onning tashkilotchilari emas, ularning buyrug‘ini bajarganlar olishi ayon bo‘lmoqda.

Bu taqdimnomani “aldash operatsiyasi”ning davomi sifatida ko‘rish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chunki eskisining davomi bo‘lgan mazkur “operatsiya” ortidan kimdir jazolanadi, ammo asl aybdorlar, ya'ni bosh yolg‘onchilar jazolanmay qolaveradi.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
15 may 2019
O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi «Eltuz»da chop etilgan “Tintuv qilingan Mahmud Rajabning uyidan ...
18 sentyabr 2017
Mamlakatimizda o‘zgarishlar boshlangandan so‘ng matbuotda «nima qilsak mamlakatimiz yuksaladi» mazmunidagi ko‘plab maqolalar chop etildi, etilmoqda. Bularning ba'zisini o‘qib kulgingiz ...
1 noyabr 2015
Qudrat Bobojon Eltuz.com Jurnalist Maloxat Eshonqulovaning faoliyati tufayli endi uning bo‘lg‘usi qudalariga bosim ko‘rsatilayotgani haqidagi gaplarni eshitib, har qanday ...
2 avgust 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Navoiy, Surxondaryo, Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlaridan kelgan. Sizga o‘qib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...