Asosiy mavzular
19 iyun 2019

Toshkentdagi propiskadan manfaatdorlar yana saslandi

O‘zbekistonda mahalla raisi tili bilan mamlakat poytaxti Toshkentda fuqarolarni ro‘yxatga olish tizimini yanada kuchaytirish, xususan, mahalladan ma'lumotnoma olish amaliyotini tiklash taklifi bildirildi.

Bir necha kun muqaddam Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida poytaxtdagi Qatortol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Parda Ergashev mahalladan ma'lumotnoma berish tizimini tiklash, ijara shartnomalarini uchastka noziri ro‘yxatidan ham o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi.

Bunday takliflar bu kabi davralarda o‘z-o‘zidan bildirilmaydi. Odatda jamoatchilik qo‘yniga qo‘l solib ko‘rish, keyinchalik esa taklifni amaliyotga tatbiq etish maqsadida shunday qilinadi.

Toshkent shahrida propiska masalasi jamoatchilikning qattiq noroziligiga sabab bo‘lishi ortidan hozir poytaxtda bu borada ancha yengilliklar yaratilgan.

Ijara shartnomasi tuzish sezilarli darajada yengillashgandan so‘ng jarayon muayyan ma'noda o‘zining huquqiy oqimiga tushib bormoqda.

Lekin buning ortidan mahalla profilaktika nozirlari va mahalla qo‘mitasi rahbariyati cho‘ntagiga tushadigan “chapdan keladigan” daromad kamaydi.

Masalan, ilgari hamma joyda mahalladan ma'lumotnoma talab etilardi. Buning ortidan mahalla raislari yaxshigina pul qilardi. Hozir bu amaliyotga barham berilgan.

Demakki, mahalla raisi noqonuniy daromadidan ayrildi. Shuning uchun uning IIV matbuot anjumanida o‘z cho‘ntagini himoya qilishi tabiiydir.

Ilgari ijara nafaqat uy egasi, balki profilaktika noziri ishtirokisiz amalga oshishi dargumon edi. Endi esa nozir rasman ijara shartnomasi bo‘lgan fuqaroga tazyiq o‘tkazishi qiyinroq.

Shunday ekan, yuqoridagi takliflar nafaqat mahalla raisi, balki IIV xodimlarining dilidagi gaplar ekaniga shubha yo‘q.

Isbot shuki, matbuot anjumanida qatnashgan IIV vakili bir necha fuqaro bitta yangi uyni birgalikda sotib olib, propiskaga o‘tib ketayotganini qonundagi “lazeyka”, deb atadi va bunga qarshi fikrlar bildirdi.

Uning aytishicha, bunday holatda Toshkentga doimiy ro‘yxatga o‘tish hatto sudgacha yetib bormoqda va sudlar fuqarolar foydasiga hukm chiqaryapti.

Aynan shu bayonot sababli Oliy sud IIVdan uzr so‘rashni talab qildi. Jumladan, Oliy sud “sud tomonidan shaxsni turar joyga doimiy propiskaga qo‘yish yoki propiskadan chiqarish sudlar vakolatiga kirmasligi”ni ta'kidladi va IIV mulozimini noto‘g‘ri fikr bildirishda aybladi.

Eng qizig‘i, Oliy sud Toshkentda doimiy propiskaning hozirgi holati konstitutsiyaga zidligini aytmayapti, balki, mantiqan, sud fuqarolar tarafini olayotganiga o‘zining aybi yo‘qligini iddao qilyapti.

Holbuki, Toshkentda erkin propiskadan o‘tish fuqarolarning qonuniy huquqi ekanini, hozirgi amaliyot bu huquqlarning qo‘pol tarzda buzilishi ekanini aytish emasmidi Oliy sudning vazifasi (Konstitutsion sud og‘ziga, agar tili bo‘lsa, mum tishlagandan keyin boshqa kimda bor bunday funktsiya) emasmidi bu o‘rinda?!

Afsuski, hatto Oliy sud ham o‘zimizga mos, o‘zimizga xos. Shuning uchun kerak joyda demokratik dunyo tajribasiga ishora qilishdan ham qaytmaydi.

“…Dunyo tajribasida esa noto‘g‘ri yoki asoslanmagan fikr bildirib qo‘ygan mansabdor shaxs tez fursatda o‘z xatosini to‘g‘rilab, uzr so‘raydi”, deydi Oliy sud sudlar haqida “xato gapirib qo‘ygan” IIV mulozimiga qarata.

Ana sizga masxarabozlik.

Ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, O‘zbekiston fuqarolarining katta qismi Toshkentdagi propiska tizimini konstitutsiyaga zid deb hisoblaydi.

“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Telegram tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning 49 foizi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tish tartibi konstitutsiyaga zid ekanini aytgan.

“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori

Tag‘in o‘qing
8 sentyabr 2018
Britaniyaning «Gardian» (the Gardian) gazetasi dunyodagi eng yaxshi ko‘cha ovqatlari ro‘yxatini e'lon qildi. Gazetxonlarning gastronomik ta'biga ko‘ra, o‘zbek palovi ...
28 iyul 2017
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi marhum prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova jinoyatiga oid tafsilotlarini ochiqladi. Bunga ko‘ra, u 5 yilga qamalgan, ikkinchi ...
18 avgust 2020
«Men barmoqlarim ko‘karguniga qadar hokimiyatga osilib o‘tirmayman» degan edi jurnalistlarga Belarus prezidenti 2019 yilning noyabrida. Biroq bugun butun mamlakat bo‘ylab Lukashenko ...
18 fevral 2020
Joriy yilning 17 fevral kuni prezident Mirziyoev rossiyalik xokkeychilar Valeriy Kamenskiy, Aleksandr Yakushev, Vitaliy Proxorov va Aleksey Jamnovga Toshkent ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...