Asosiy mavzular
21 oktyabr 2019

Hukumat diniy siyosatni qayta ko‘rib chiqyaptimi?

So‘nggi vaqtlardagi voqeliklar O‘zbekistonda diniy masalalar ustidan nazorat yana kuchayish sari yuz tutganidan darak bermoqda. 

Zero, jamiyatda diniy erkinlikning avvalgi davrdagiga nisbatan ortishi dunyoviy va diniy guruhlar o‘rtasida hozircha sezilar-sezilmas bo‘lgan qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lmoqda. 

Rasmiylar so‘nggi uch yil davomida diniy ayblar bilan qamoqqa tashlangan va jazoni o‘tagan minglab fuqarolar qora ro‘yxatlardan chiqarilgani, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga imkoniyat yaratilgani to‘g‘risida hisobotlar bermoqda. 

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda ham diniy blogerlar faollashuvi, hatto ba'zilar tomonidan radikal fikrlar bildirilayotgani ham kuzatildi. 

Ammo O‘zbekistonda din sohasida so‘nggi vaqtlarda yuz berayotgan voqealar hukumat diniy erkinlik sohasidagi siyosatini qayta ko‘rib chiqayotganini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati o‘zgartirildi, muftiyning o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur boshqa ishga o‘tkazildi. 

Mana shu voqealar fonida O‘zbekiston prezidentining 4437m raqamli maxfiy qaroriga oid tafsilotlar mustaqil matbuotga sizdirildi.

Bu qaror marhum prezident Islom Karimov davridagi diniy siyosatga qaytishga ishorat qiluvchi nuqtalarga to‘laligi bilan e'tiborni tortadi.

Xo‘sh, bu jarayonlar nimalardan darak beradi?

Tahlilchi Akbar Oripovning “Eltuz” bilan suhbatda ta'kidlashicha, salgina diniy erkinlik ham jamiyatdagi radikal kayfiyatdagi dindorlarning jilovi qo‘ldan ketishiga olib kelishini  ko‘rsatmoqda. 

“Karimov turmalarida yillab yotsa-da, o‘z qarashlaridan, e'tiqodidan qaytmagan ashaddiy dindorlar bor. Bugun ularning ham anchaginasi ozodlikka chiqqan. Bir xillari tinchgina ibodatini qilib, radikallikdan uzoqlashdi. Biroq ba'zilari radikal qarashlaridan qaytgani yo‘q. 

Eng yomoni, ular bu qarashlarini jamiyat orasida yoyishga kirishib ketyapti. Ular berilgan imkoniyatni o‘zlarining g‘alabasi sifatida ko‘ra boshladi”, deydi tahlilchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni shu sababli hukumat so‘nggi vaqtlarda yuritayotgan diniy siyosatini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lmoqda. 

Karimov jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashamiz, deb qancha og‘iz ko‘pirtirgan bo‘lmasin, aslida jaholatga qarshi jaholat bilan kurashgan edi. Minglab oddiy namozxonlar radikal kayfiyatdagi dindorlar qatorida turli ayblar bilan qamoqxonalarga tashlangandi.

Ammo prezident Shavkat Mirziyoev davriga kelib diniy yo‘nalishda ta'lim beradigan o‘quv muassasalari soni ko‘payib, turli diniy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. 

“Bu harakatlar avvalgi rejim xatolarini takrorlamay, diniy siyosatni xalqaro hamjamiyat fikriga muvozanatli shaklga keltirishga yo‘naltirilgan. So‘nggi vaqtlarda diniy ayblar bilan ushlanib, qamalayotganlar haqida tarqalayotgan xabarlar esa hukumat radikallarga nisbatan murosasiz bo‘lish yo‘lini tanlaganini ko‘rsatadi”, deydi Akbar Oripov “Eltuz” bilan suhbatda. 

Masalaning yana bir jihati bor. Shu paytgacha turli tahdidlar bilan jamiyatni qo‘rquvda ushlab kelgan xavfsizlik tizimlari bu vaziyatni o‘z foydasiga ag‘darib, yana o‘zi xon, ko‘lankasi maydon davrlarni yaratishga urinmaydimi? 

“Voqealarning shu yo‘nalishda rivojlanishini ham ehtimoldan soqit qilib bo‘lmaydi. Eski zamonlarga qaytmaslik uchun mavjud hokimiyatning siyosiy irodasi talab etiladi”, dedi tahlilchi bu masalada fikr bildirib.

Eltuz,com

Tag‘in o‘qing
1 noyabr 2016
Teramiz paxta, Yotamiz zaxda… Qornimiz och, paxtadan qoch Do‘xtirga Paxta… Qozonda makaron Oshqozon hayron Domlalar der: «Paxtani ter qolmasin ...
2 sentyabr 2022
Bundan 31 yil oldin O‘zbekistonning oz sonli intelegentsiyasi mustaqillik tarafdori edi. Aksar avom esa, qachon aroq yana arzon bo‘lar, ...
21 iyun 2023
Dunyodagi ilk boshqaruv tizimi g‘or davrida bo‘lgan. Qabila oqsoqoli qo‘tosni ushlay olmay qochirib yuborgan ovchining o‘zini qoziqqa o‘tqazib, gulhanda ...
28 dekabr 2020
O‘zbekiston hukumati yolg‘on ma'lumotlar tarqatilishini jinoiy javobgarlikka tortishga urinishni to‘xtatishi va jurnalistlarning jazodan qo‘rqmasdan erkin ishlashini ta'minlashi kerak.  Bu ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...