Jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov avtoavariyada halok bo‘ldi
Keskin tanqidiy chiqishlari ortidan ta'qibu tazyiqda qolgan 48 yashar taniqli jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov 7 noyabrga o‘tar kechasi avtoavariya oqibatida vafot etdi.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, 6 noyabr kuni soat 23.55 larda Urganch-Xiva yo‘lini kesib o‘tayotganida S.U. ismli fuqaro o‘zi ishlayotgan korxonasiga tegishli “Gazel” rusumli avtomashinasida Ro‘zmetovni urib yuborgan va u boshidan jarohat olib, voqea joyida joni uzilgan.
Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, 6 noyabr kuni soat 23.55 larda Urganch-Xiva yo‘lini kesib o‘tayotganida S.U. ismli fuqaro o‘zi ishlayotgan korxonasiga tegishli “Gazel” rusumli avtomashinasida Ro‘zmetovni urib yuborgan va u boshidan jarohat olib, voqea joyida halok bo‘lgan. O‘limidan bir necha kun oldin Ro‘zmetovga Xorazm viloyati IIBdan chaqiruv qog‘ozi kelgan va unga chiqarayotgan maqolalari yuzasidan ogohlantirish bildirilgan edi
Xorazmdagi “pogonlilar” ta'qibidan qutulish uchun jurnalist Ro‘zmetov joriy yilning 13 oktyabrida To‘rtko‘ldan aylanma yo‘llar orqali Toshkentga kelgan va AQSh elchixonasida qabul qilingan edi.
Jurnalist Toshkentda yurganida Oliy Majlisning faol deputatlaridan biri bo‘lgan Rasul Kusherboev bilan uchrashgandi.
So‘nggi paytlarda «Jamiyat» gazetasida, undan avval esa «Xorazm yoshlari» gazetasida ishlagan Davlatnazar Ro‘zmetov o‘zining tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan, «Davlatnazardan xabarlar» telegram kanalini yuritayotgan edi.
Davlatnazar, shuningdek, xorazmlik hamkasblari Mahmud Rajab va Nafosat Olloshukurova taqdiri bilan bog‘liq voqealarni yoritishda ham faol bo‘lgan.
O‘tgan yilning oktyabrida Qo‘shko‘pir tumani hokimligi binosida paxta safarbarligiga bag‘ishlangan majlisni yoritmoqchi bo‘lgan paytida hibsga olingani va kaltaklangani haqida «Eltuz» xabar bergan edi.
Xorazmda jurnalist o‘limini prokuratura tekshirmoqda.
Janoza, jurnalist yaqinlariga ko‘ra, Qo‘shko‘pir tumanidagi Ro‘zmetovlar yashayotgan («Nazokat» to‘yxonasi orqasidagi) manzilda 7 noyabr kuni soat 15.00 da o‘qilishi belgilangan.
“Eltuz” nashri Davlatnazar Ro‘zmetov yaqinlari, do‘stlari va hamkasblariga ta'ziya bildiradi.
Eltuz.com