Asosiy mavzular
11 noyabr 2019

Abdulloh 14 kun qaerda bo‘lganini nega aytmadi?

Oddiygina avariya sodir etgani sabab ichki ishlar idorasiga olib borilgani ortidan ikki hafta bedarak ketgan andijonlik Abdulloh Tohirovning boshidan nelar kechgani hamon noma'lum qolmoqda. 

Ammo bu avariyada zararlangan mashina Andijon viloyati IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Ergashev boshqaruvida bo‘lgani, keyinchalik avariya sababchisi bo‘lmish Abdulloh ishi bilan “boshqa idora” shug‘ullanayotgani haqida xabarlar urchigani voqeaga chuqurroq e'tibor qaratishni talab etadi. 

Abdullohning ikki hafta bedarak ketishi “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” degan maqolning bugungi O‘zbekistondagi real ko‘rinishi emasmikin?

Masalaning boshqa bir jihati ham shundan darak beradi. Ya'ni Abdullohning otasi o‘g‘li topilgandan so‘ng shuncha vaqt qaerda bo‘lganini ochiqlamayapti. 

“Qaerda bo‘lgani haqida qiziqmadim”, deya ishonish umuman qiyin bo‘lgan izoh bilan vaziyatdan chiqishga harakat qilmoqda ota.

Balki ochiqlashdan cho‘chiyotgan bo‘lishi, yana ehtimolki, cho‘chitilgan bo‘lishi ham mumkin. 

Chunki Abdullohning berdarak ketishi Ichki ishlar vazirligi va o‘sha nomi aytilmayotgan “boshqa idora” bog‘liq. 

Hatto matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda bu voqea bo‘yicha shov-shuv ko‘tarilgandan keyin Abdullohning taqdirini o‘rgangan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ham “boshqa idora”ning nomini ochiqlamadi. 

Abdulloh bedarak ketganidan so‘ng uning yaqinlari, shu bilan birga, advokat murojaat etmagan yuqori idora qolmagan. Lekin birortasidan javob ololmagan.

Xo‘p, Abdulloh sog‘-salomat uyiga qaytib kelibdi, endi shu masalani yana ko‘tarib, ota go‘ri qozixona qilish shartmi, degan savolni o‘rtaga tashlashi mumkin kimdir.

Ha, bu masalani aslo e'tiborsiz qoldirish kerak emas. Chunki u o‘zbek jamiyatidagi yana bir og‘riqli nuqtani yaqqol ko‘rsatib berdi.

Ya'ni ichki ishlar xodimlari tomonidan oddiy hodisa sabab olib ketilgan odamning qaerda ekanini na IIV, na “boshqa idora” hatto otasiga ham xabar qilmadi. 

Ayni shu voqea bu kabi idoralar hamon jamiyat oldida hisobdor bo‘lish majburiyatini his etmayotgani, bu majburiyatni nazar-pisand qilmayotganini yana bir bor anglatib turibdi. 

Agar kuchishlatar tuzilmalar jamiyat oldida hisobdor bo‘lmas ekan, bu jamiyatda rivojlanish, demokratiya bo‘lishi mumkin emas. 

Aynan shuning uchun Abdulloh voqeasi aslo oddiy hodisa emas. Bu voqeaga imkon qadar tezroq oydinlik kiritilishi kerak.

Eltuz.com

PS. Hozircha mamlakatdagi faqat bitta siyosiy kuch – “Adolat” partiyasi bu voqeaga munosabat bildirib, “Abdullohni ushlab turganlarni jazolash kerak”, degan bayonot bilan chiqdi. 

Lekin hozircha mas'ul idoralar voqea yuzasidan biror munosabat bildirgani yo‘q.

Tag‘in o‘qing
16 mart 2017
Bugun, 2017-yil 16-martda O‘zbekistonda «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Mazkur Qonun muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2016 ...
18 yanvar 2018
18 yanvar kuni Samara-Chimkent avtoyo‘lida yonib ketgan eski «Ikarus» avtobusida 52 nafar o‘zbekistonlikning halok bo‘lishi ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida ...
7 may 2018
«Agar hozirgi otalarning qo‘rqoqligi ehtiyotkorlik deb atalsa, albatta, shunday vaqt keladi, bolalarning qulligi sadoqat deb ataladi». Chechenistonning birinchi prezidenti, ...
5 mart 2021
Qarg‘algan millati ho‘kizday ishlab,Rahmatning o‘rniga eshitar minnat,Bor-yo‘g‘ini dunyoning poyiga tashlab,“O‘g‘ri” deb nom olar qarg‘algan millat.Qarg‘algan millatning kelajagi tul,Daryolari qurib, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...