Asosiy mavzular
20 avgust 2024

Fayzulla Xo‘jaev va Yosh buxoroliklar harakati

Fayzulla Ubaydullo Xo‘ja o‘g‘li, ya'ni Fayzulla Xo‘jaev 1896 yil 15 martda Buxoro amirligida tug‘iladi. Otasi Ubaydullo Xo‘ja Buxoro amirligidagi eng badavlat tujjorlardan biri bo‘lgan.

U haqida Buxoroda Ubaydullo Xo‘jadan boy odam faqat amir bo‘lsa kerak, deb aytisharkan. Fayzulla Xo‘jaev, tabiiyki, yuksak darajadagi ta'limni olgan. Otasi bilan 11 yoshida Rossiyaga kelib, o‘qishini shu yerda davom ettiradi. O‘n yetti yoshidan jadidlar harakatiga qo‘shiladi.

Yosh bo‘lsa-da, Fayzulla Xo‘jaev ham ma'nan, ham moliyaviy tarafdan Buxoro jadidlarining rahbarlaridan biriga aylanadi. U otasidan olgan millionlarni Yosh buxoroliklar atalmish zamonasining ilg‘or siyosiy kuchining taraqqiyotiga sarflaydi.

Jadidlar orasida Fayzulla Xo‘jaevning obro‘si nihoyatda baland bo‘lgan. 1916-1920 yillarda bejizga uni Yosh buxoroliklar harakati markaziy qo‘mitasiga a'zo qilib saylamaydilar.

Yosh buxoroliklarning asosiy maqsadi Buxoroda mutlaq monarxiyani ag‘darib tashlash va konstitutsiyaviy monarxiya yoki respublika o‘rnatish edi.

Fayzulla Xo‘jaev Yosh buxoroliklar harakatida 1917 yilgi rus inqiloblarini katta umid bilan kutib oladi va namoyishlar uyushtiradi.

Buxoro amiri Said Olimxondan konstitutsiya va davlat boshqaruvida islohotlar qilishini so‘rab chiqadi, ammo amir Yosh buxoroliklar harakatini tor-mor qilib, ularning a'zolarini ta'qib ostiga oladi, u esa Buxorodan qochib Yangi Buxoroga (Kogon), so‘ngra Toshkentga ketadi.

Fayzulla Xo‘jaevning eng yaqin do‘sti Yosh buxoroliklarning yirik namoyondalaridan yana biri, shoir va tarixchi jadid Abdurauf Fitrat edi.

Oktyabr inqilobi yuz bergach, RSFSR xuddi Polsha va Finlyandiya kabi Buxoroning ham mustaqilligini tan oladi. Toshkentdagi qurolli isyondan so‘ng bolsheviklar va eserlardan iborat hukumat tuziladi.

Fayzulla Xo‘jaev Buxoroni o‘rta asrlar feodalizmidan, qoloqlik, mustabid monarxik boshqaruvdan qutqarishning yagona chorasini bolsheviklar bilan ittifoq tuzishda ko‘radi.

Ko‘pchilik Fayzulla Xo‘jaevni bolsheviklarga sotilganlikda, ularga xizmat qilganlikda ayblaydilar. Ular qisman haq bo‘lsalar-da, men Fayzulla Xo‘jaevni o‘z vatanini, o‘z xalqini chinakam sevgan, uning kelajagi haqida qayg‘urgan haqiqiy inson va vatanparvar jadid hisoblayman.

Fayzulla Xo‘jaevning o‘rnida va aynan shunday vaziyatda boshqa shaxs bo‘lganida nima qila olardi? Xo‘sh, Buxoro monarxiyasiga qarshi Fayzulla Xo‘jaev va Yosh buxoroliklar kim bilan ittifoqchi bo‘lishi mumkin edi?

G‘arb davlatlari yoki Turkiya jahon urushida o‘ralashib qolgan, Eron va Afg‘oniston Buxoroning o‘zidan battar monarxik kuchlar qo‘lida, Xiva xonligi Buxoro kabi feodal vassal davlat bo‘lsa, kimga suyanish mumkin edi axir? Turkiston muxtoriyati ham juda qisqa umr ko‘radi.

Xullas, Fayzulla Xo‘jaev boshchiligidagi Buxoro jadidlari bolsheviklardan o‘zga ittifoqchini va bundan boshqa chorani topa olmagandilar.

Buxora amiri Said Olimxonning kaltabin siyosatchiligi, uzoqni ko‘ra olmasligi o‘shandayoq isbotlangandi. U Yosh buxoroliklar orqali islohotlar o‘tkazib, davlatni kapitalistik taraqqiyotga olib chiqishi, hatto Turkiston muxtoriyatiga ham ko‘mak berib saqlab qolishi, barcha qo‘shma kuchlar yordamida bolsheviklarni butun Turkistondan haydab chiqarishi ham mumkin edi. Lekin u ahmoqona va chirkin yo‘lni tanladi.

1917 yil dekabrda Yosh buxoroliklar Turkiston bolsheviklari bilan aloqaga chiqadilar. Fayzulla Xo‘jaev Yosh buxoroliklar markaziy qo‘mitasi delegatsiyasiga bosh bo‘lib Toshkentga keladi.

Fayzulla Xo‘jaev bolsheviklardan Yosh buxoroliklarni qurol-yarog‘ va kerak bo‘lsa, qo‘shin bilan ta'minlashini so‘rab murojaat qiladi. Turkiston bolsheviklari rahbari, sovnarkom raisi Fyodor Ivarovich Kolesov (1891-1940) bilan amirga qarshi kurash bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Ammo bolsheviklar Yosh buxoroliklarga darrov yordam bermaydilar. Ular avval Qo‘qondagi Turkiston muxtoriyatini tor-mor qiladilar.

Endi Buxoro bilan shug‘ullansa ham bo‘lardi. Yangi Buxoro qo‘zg‘olon bazasi, ya'ni tayanch punkti qilib belgilanadi. Kolesov 1918 yilning mart oyi boshida Samarqandga kelib, kazaklar otryadlarini qayta shakllantiradi.

Shundan so‘ng Yangi Buxoroga kelib, Fayzulla Xo‘jaev boshchiligidagi Yosh buxoroliklar rahbarlari bilan uchrashadi. Kolesov qo‘zg‘olon uchun vaqt yetganini, besh kun ichida qo‘zg‘olonni boshlash kerakligini aytib, Samarqandga qaytib ketadi.

Bu xabar Fayzulla Xo‘jaev va, umuman, harakat a'zolarini esankiratib qo‘ygandi. Yosh buxoroliklar qurolli kurashga mutlaqo tayyor emasligi ko‘rinib qolgandi. Fayzulla Xo‘jaev shoshilinch Yangi Buxoroda inqilobiy qo‘mitani shakllantiradi. U o‘z mablag‘i va boshqa badavlat jadidlar mablag‘idan 200 dan oshiq kishini qurollantiradi.

Yosh buxoroliklar endi amirni batamom ag‘darib tashlash va Buxoroda sovet sotsialistik respublikasini tuzishni maqsad qilgandilar. Ammo Kolesov ham, Xo‘jaev ham mamlakatdagi umumiy vaziyatga etarli baho bermagandilar.

Rossiyaning o‘zida bolsheviklar ahvoli yaxshi emasdi. Oq gvardiyachilar harakati, turli aksilinqilobiy harakatlar bosh ko‘targandi. Kolesov ham, Fayzulla Xo‘jaev ham bir-birlariga ishonib qolgandilar.

Kolesov amirni Yosh buxoroliklar kuchi bilan ag‘darib tashlashga ishonib qolgan, Yosh buxoroliklar esa bolsheviklarning yirik kuchlariga umid bog‘lab o‘tirgandi.

Amirni Buxoroning ichki kuchlari bilan osongina yenga olishga ishongan Kolesov bor-yo‘g‘i mingtagina askar ajratadi, xolos. Operatsiyaga Samarqand, Kushka, Zakaspiy, Toshkent, Chorjo‘y va Kogon otryadlari, shuningdek, Amudaryo flotiliyasi matroslari jalb qilingandi. Shtab boshlig‘i qilib Amudaryo flotiliyasi rahbari, 1-rang kapitani Kishishev tayinlanadi.

Buxoro amiri Said Olimxonga o‘z hukumatini tarqatib, Yosh buxoroliklar ishtirokida yangi hukumatni shakllantirish, hukumat ijroiya qo‘mitasini Yosh buxoroliklardan tuzish talab qilingan ultimatum yuboriladi.

Bolsheviklar ham, Yosh buxoroliklar ham o‘z kuchlariga haddan ortiq ishonib yuborgandilar. Ular Said Olimxonning Peterburgda ofitserlar (kadetlar) maktabida o‘qiganini e'tiborga olmagan ko‘rinadi. Said Olimxon ularni tuzoqqa tushiradi.

U Yosh buxoroliklarning barcha talablariga osongina ko‘nadi va Buxoro xalqiga so‘z, jamiyat va kasb erkinligini berishga, Buxoro liberallariga ijroiya qo‘mitaga hokimiyat tizginini topshirishga, barcha islohotlar dasturlariga amal qilishga, ijroiya qo‘mita ko‘rsatmalariga asosan ish qilishga va'da beradi.

Amirning vakillari Kolesov bilan kapitulyatsiya shartlarini kelishib oladi. Buxoroga Turkiston sovet hukumati namoyandalari kirib boradilar. Bu 500 kishilik delegatsiyani 25 ta qizil askar qo‘riqlab keladi.

Ular shartnomaga asosan amirning qo‘shinlarini qurolsizlantirishi va hokimiyat vakolatlarini Yosh buxoroliklarga olib berishlari kerak edi. Sovetlarning qolgan qismlari Kogonga qaytadi. Ular bilan bir vaqtda amir ham Buxoroni tark etishi va amirlikning xohlagan joyiga ketishi mumkin edi.

Lekin amir qo‘qqisdan inqilobchilarga zarba beradi. Amir sarbozlari Buxoroga kirgan sovet delegatsiyasini qirib tashlaydi. Sarbozlar Kolesovning yordamchisi Arsen Tsaturovni chopib tashlaydilar. Bu qatliomdan qutulib, Kogonga qochib kelgan bir necha qizil askar dahshatli fojia haqida so‘zlab beradi.

Kolesov harbiy harakatlarni boshlamoqchi bo‘ladi, lekin amir sarbozlari Kogonga olib keluvchi barcha temir yo‘l aloqalarini uzib tashlagan edilar. Amirning rejasi ish bergandi. Kogonga yordamga kelayotgan Marv bolsheviklar otryadi Qorako‘lda, Toshkentdan kelayotgan qurol-aslaha esheloni Karmanada qolib ketgan edi.

Amir qo‘shini Kogonni o‘rab olib, Yosh buxoroliklar va Kolesov otryadlariga zarbalar bera boshlaydi. Sarosima boshlanadi. Butun Yosh buxoroliklar va oilalari vokzalga qochib keladilar. Poezd vagonlari tiqilib ketgan, hamma suvsizlikdan, tashnalikdan qiynalardi.

Fayzulla Xo‘jaev juda ko‘plab Yosh buxoroliklar kabi Buxorodan qochadi. Qo‘zg‘olon tor-mor etilgandi. Uni to‘liq mag‘lubiyatdan Toshkentdan yetib kelgan eserlar – Koluzaev, Petrenko, Stepanov boshchiligidagi otryadlar saqlab qoladilar. 1918 yil 25 mart kuni Qiziltepada Sovet Turkistoni va Buxoro amirligi o‘rtasida sulh tuziladi.

Amir Sovet Turkistoniga yetkazgan talafotlarini to‘liq qoplab berish, Buxoroda esa doimiy ravishda sovet konsuli ish olib borishi, shuningdek, o‘z armiyasi sonini 12 mingdan oshirmaslik talablarini bo‘yniga oladi.

Ammo amir bor alamini jadidlardan – Yosh buxoroliklardan oladi. Buxoroda qolgan Yosh buxoroliklar va ularning tarafdorlari qatliom qilinadi. Buxorodan 8000 kishi qochgandi, ular orasida Fayzulla Xo‘jaev, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy kabilar bor edi.

Samarqand va Toshkentga kelgan ko‘plab Yosh buxoroliklar kommunistik partiya saflariga kiradilar. Fayzulla Xo‘jaev esa Buxoro amiri tomonidan sirtdan o‘lim jazosiga hukm etilgandi. U Turkistonni tark etib, Moskvaga ketadi. Ammo yo‘lda ataman Dutov hukumati tomonidan to‘xtatib qolinib, hibsga olinadi va Orenburg qamoqxonasida o‘tiradi.

Fayzulla Xo‘jaevning diplomatik qobiliyati va badavlat oilada katta bo‘lgani uni saqlab qolgan edi. U dutovchilardan bir amallab qutulib Moskvaga ketadi.

1918-1919 yillarda Fayzulla Xo‘jaev RSFSR Tashqi ishlar nozirligida ishlaydi. 1919 yil oxirida Toshkentga qaytib keladi va Yosh buxoroliklar inqilobchilar byurosini tuzadi. “Uchqun” gazetasiga redaktorlik qiladi.

Buxoroda qolgan yashirin tashkilotlar bilan aloqa o‘rnatib, ularni inqilobiy adabiyotlar bilan ta'minlab turadi. 1920 yilda Chorjo‘y qo‘zg‘olonida qatnashadi.

Buxoro amiri taxtdan bu safar bolsheviklar tomonidan ag‘darib tashlanadi. 24 yoshli Fayzulla Xo‘jaev inqilobiy qo‘mitaga rais qilib saylangandi.

Keyin esa RKP (b) saflariga kiradi. Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumatiga boshliq bo‘ladi. 1920 yil sentyabrdan to 1924 yil dekabrgacha Buxoro Xalq Nozirlari kengashiga raislik qiladi. 1922 yildan VKP (b) MQning O‘rta Osiyo byurosi a'zosi.

O‘zbekiston SSR tashkil topgach, respublika revkomi raisi bo‘ladi. 1925 yilning 17 fevralidan O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi lavozimiga tayinlanadi. O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi (TsIK) prezidiumining a'zosi, 1925 yil 21 mayda SSSR MIQ uchinchi chaqirig‘ida SSSR Markaziy Ijroiya qo‘mitasi raislari qatoriga saylanadi.

Fayzulla Xo‘jaev judayam jasur inson bo‘lib, hatto Stalinning yuziga tik qarab, uni tanqid qila olgan. Bir safar Stalinga qarab: “Sizlar SSSRni mamlakatlar qamoqxonasiga aylantirdilaring, Moskvaga esa chetdan odam kelishga ham qo‘rqadi, chunki yo o‘ldirilib ketiladi, yoki qamoqqa olinadi”, deb ayta olgandi.

Balki shuning uchun ham Fayzulla Xo‘jaev 20-30-yillarda O‘zbekiston kommunistlari rahbari bo‘lishiga qaramay, yuqori partiya organlariga saylanmaydi, MQ a'zosi ham bo‘lmaydi.

Fayzulla Xo‘jaev kommunistik partiyaning yirik namoyondalari Buxarin va Rikovlar guruhi bilan yaqin edi. U kommunistik partiya a'zosi bo‘lsa-da, o‘zi doimo qalban jadidlar bilan birga edi. O‘zbekistonni, vatanni rivojlantirish kelajak istiqbollari uchun chin dildan qayg‘urgan haqiqiy vatanparvar edi.

193 yil 9 noyabrda SSSR VKP (b) MQ siyosiy byurosi qarori bilan Akmal Ikromov va Valerian Kuybishev bilan bir qatorda MQning siyosiy  komissiyasi tarkibiga kiritiladi.

Fayzulla Xo‘jaev bor ilmu shijoatini O‘zbekistonda iqtisodiy-ma'naviy yangilanish bo‘lishiga qaratadi. Aynan uning davrida mamlakatimizda Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon, Usmon Nosir va boshqa o‘nlab atoqli jadidlar faoliyat yuritadilar.

Fayzulla Xo‘jaev ularni har tomonlama qo‘llab turgan. Mana shuning o‘zi bu buyuk inson, buyuk siyosatchining barcha xatolari va ayblarini yuvib ketuvchi omil deb hisoblayman.

Ammo 37-yilning dahshatli qatag‘onlari yaqinlashib kelmoqda edi. O‘zbekiston SSR KP(b)ning 1937 yil 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan 7-s'ezdida Fayzulla Xo‘jaev egallab turgan barcha partiya va davlat lavozimlaridan ozod qilinadi. VKP (b) a'zoligidan chetlatiladi.

Oradan bir oy ham o‘tmasdan, 9 iyul kuni NKVD tomonidan Toshkentda hibsga olinadi. So‘roq payti NKVD jallodlari Fayzulla Xo‘jaevni vahshiylarcha qiynoqqa soladilar.

1938 yilda Moskvada Nikolay Buxarin, Aleksey Rikov va ko‘zga ko‘ringan boshqa partiya va davlat arboblaridan iborat guruh bilan birga sud qilinadi.

Fayzulla Xo‘jaev ham boshqalar kabi trotskiychilikda, sovet hukumatini ag‘darmoqchi bo‘lganlikda, Germaniya, Yaponiya, Polsha va AQSh razvedkasiga ishlaganlikda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

1938 yil mart oyida Kommunarka poligonida Fayzulla Xo‘jaev otib o‘ldirilgan. 1965 yilda to‘liq oqlandi. Buxoroda uning uy muzeyi tashkil qilinadi. Samarqanddagi respublika kasalxonasi hovlisiga haykali o‘rnatiladi, Samarqand, Buxoro, Vobkent va Toshkentdagi ko‘chalarga uning nomi beriladi.

Ammo mustaqillik yillarida negadir Fayzulla Xo‘jaevning nomini o‘chirishga va hozir ham eslanmaslikka harakatlar bo‘lmoqda. Tojik millatchilari doimo Fayzulla Xo‘jaevni Samarqand va Buxoroni O‘zbekiston hududiga o‘tkazib yuborganlikda ayblab keladilar. Uni bolsheviklarlarga sotilgan iblis sifatida ham ko‘rsatmoqchi bo‘ladilar.

Balki uning O‘zbekistonning davlat sifatidagi dastlabki rahbarlaridan bo‘lgani ko‘pchilikka yoqmas, bu yog‘ini endi tarix ko‘rsatadi. Nima bo‘lganda ham, Fayzulla Xo‘jaev baribir millatimizning buyuk o‘g‘lonlaridan, jadidlaridan biri bo‘lib qoladi.

Ixtiyor Esanov

Foydalanilgan adabiyotlar: Arapov A. V. “Biz tarixga kirmaymiz, Fayzulla Xo‘jaev siyosiy biografiyasi”, O‘zbekiston sovet katta entsiklopediyasi.

Tag‘in o‘qing
4 oktyabr 2016
SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining 1938 yil 4 oktyabrdan 16 oktyabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy maxbuslar ...
6 oktyabr 2024
Siyosiy terminologiyada cho‘loq o‘rdak (Lame duck) degan tushuncha bor. Bu lavozimdagi muddati oxiriga yetayotgan va qayta bu lavozimda qolishi ...
15 avgust 2023
O‘tgan shanba, 12 avgust kuni Toshkent shahar sud tibbiy eksperti Akrom Suleymanov hibsga olindi.Akrom Suleymanov bir shaxsning ishini bitirib ...
17 sentyabr 2023
Salom qadrli muxlislar. Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Toshkent, Andijon, Farg‘ona va Xorazm  viloyatlaridan kelgan. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...