“Ijobiy” maqola yozishga ko‘nmagan polshalik jurnalistning akkreditatsiyasi uzaytirilmadi
1 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat ichida turib faoliyat yuritadigan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning akkreditatsiya muddatini uzaytirishni so‘rab bergan arizasini rad etdi.
Jurnalistning o‘z tvitterida yozishicha, o‘tgan yili berilgan akkreditatsiya muddatining uzaytirilmasligiga u bitta emas, bir necha nashrlarga maqola yozishi ko‘rsatilgan.
“Mening arizam 6 oy davomida ko‘rib chiqildi (qonun bo‘yicha 2 oy ko‘rib chiqilishi kerak edi). Yuqoridagi bahonani topish uchun ularga olti oy kerak bo‘ldi”, deb yozdi Pikulitska.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili akkreditatsiyadan o‘tganida TIV rahbariyati u bilan muntazam aloqada bo‘lishni Rustam ismli bir xodimiga topshirgan.
“Dastlab ancha foydasi tegib turuvdi. Ammo uning niyati boshqacha bo‘lib chiqdi. U hatto bir marta meni o‘pmoqchi bo‘ldi. Rad etishimga qaramay, uchrashish takliflarini qildi. Rad etgach, yigitim bor-yo‘qligini so‘ray boshladi. Men iloji boricha u bilan munosabatlarni keskinlashtirmaslikka intilardim. Chunki akkreditatsiyani kutayotgan edim”, deya eslaydi Pikulitska.
Jurnalist mulozimga muloyimlik bilan ishdan boshqa munosabatlar uni qiziqtirmasligini tushuntirishga urinadi. Niyati hosil bo‘lmagach, TIV xodimining unga bo‘lgan talablari ham o‘zgaradi.
“Shundan so‘ng bosimlar boshlandi. Avvaliga u mendan karantin haqida ijobiy maqolalar yozishimni nazokat bilan so‘radi. Uning fikricha, salbiy maqolalar juda ko‘paygan ekan”, deydi jurnalist.
Pikulitska bu talablarni rad etadi. Bu vaqtda u mamlakat tashqarisida bo‘lgan. Pandemiya bois chegaralar yopilgan. Biroq, jurnalistning aytishicha, charter reyslar bo‘lgan. Lekin vazirlik uning chipta olishiga ruxsat bermagan.
Avgust oyida tag‘in TIV xodimi paydo bo‘lib, yana ijobiy maqolalar yozish talabini qo‘yadi.
Bu pandemiyaning avj pallasida edi. Orada korruptsiya bilan bog‘liq mojarolar oshkor bo‘ldi. O‘zbekistonda yashovchilarning shusiz ham muammolari ko‘p edi. Millionlab muammolar qatorida Sardoba to‘g‘oni quladi. Minglab odamlar vaqtincha yashash joylariga ko‘chirilayotgan edi.
«Men undan shunday dahshatli voqealar bo‘layotgan paytda qanday ijobiy maqola yozishim mumkinligini so‘radim. U esa menga ob'ektiv jurnalist emasligimni pisanda qildi”, deydi jurnalist o‘z tvitterida.
Mulozimning nojoiz harakatlaridan zada bo‘lgan jurnalist ertasiga uning ustidan shikoyat yozadi. Biroq shikoyatiga rasmiy javob olmaydi. TIV xodimi esa aloqalarini to‘xtatadi va telegram messenjeridagi u bilan yozishmalarini o‘chirib tashlaydi. Keyin jurnalist akkreditatsiyani uzaytirish uchun ariza topshiradi.
“Javob faqat bugun keldi. Arizam rad etilishining rasmiy sababi shunchaki bahona ekaniga shubham yo‘q. Vaholangki, men O‘zbekistonda doimiy yashagan, ingliz tilida yozadidigan yagona xorijiy jurnalist edim. Aslida O‘zbekiston rasmiylari chet ellik jurnalistlarning muammolar haqida yozishlarini istashmaydi. Ular bizdan yo‘q yerdagi rivojlanish haqida maqolalar kutishadi”, yozdi Pikulitska.