Asosiy mavzular
4 mart 2021

“Prezidentning Andijonga kelishi”ga tunu kun tayyorgarlik

Andijon shahrining yillar davomida e'tiborsiz qolgan ko‘chalari obod qilina boshlandi. Chuqurlar yamalib, loy ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda. Eski kanalizatsiya quvurlari yangisiga almashtirilmoqda. 

Odamlar qayoqdan kun chiqqaniga hayron. Shu paytgacha biror rahbar bosh suqmagan chekka mahallalar, ichki ko‘chalarda obodonlashtirish va ta'mirlash ishlari ketmoqda. 

Aholi vakillarining aytishicha, mahalliy rahbarlarga insof kirishiga  O‘zbekiston prezidentining Andijonga tashrifi kutilayotgani sabab bo‘lgan. 

“Bir yil oldin ko‘chamiz kovlanib, quvurlar almashtirila boshlangan, keyin esa o‘sha holicha tashlab ketilgandi, – deydi shaharning Maydon bozor deb ataluvchi hududida yashovchi fuqaro Dilfuza Qosimova. – O‘ydim-chuqur, loy ko‘chalarda qish ichi rosa qiynaldik. 

Tabiiy gazimiz ham yo‘q. Ballonli gaz ikki oyda bir keladi. Bir haftadan beri esa yo‘l quruvchilar ko‘chamizda tunu kun ishlashmoqda. Shahar hokimligi vakillari kunda shu yerda. Gaz balloni bir hafta ichida 2 marta keldi. Mirziyoev tez-tez kelib tursa bo‘larkan”.  

Ayni kunlarda shahardagi Temirchilik, Sanoat ko‘chalari va Qo‘shariq dahasida yo‘lsozlar kecha-kunduz mehnat qilyapti. Yo‘l bo‘ylarida-ku, ish bir zum to‘xtagani yo‘q.

Davlat rahbari o‘tgan oyda Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashrif buyurgan, kutilmaganda yo‘nalishni o‘zgartirib, rejada belgilanmagan ko‘chalarga kirib borgan edi.

– Menimcha, hokimlikdagilar prezident Andijonga kelganida ham shunaqa qiladi, deb o‘ylashyapti. Shunga qo‘rqqanidan “orqalarini yopishyapti”, deydi Qo‘shariq dahasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Shukrillo  Ahmedov. 

Hozircha prezidentning viloyatga tashrifi sanasi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. Viloyat hokimligida ishlovchi manbaning ma'lum qilishicha, davlat rahbari katta ehtimol bilan mart oyining ikkinchi yarmida kelishi mumkin. 

Biroq uning kelishidan ko‘ra yana biror oy kelmay turishini xohlayotganlar juda ko‘p. Chunki bu xabarning o‘ziyoq aholining ko‘plab muammolari yechilishiga olib kelmoqda.

– Hokimlar muloyim tortib, murojaatchilarni qabul qila boshladi, banklarda kreditlar berilishi tezlashdi. Qaniydi prezident ana boraman, mana boraman, deb tashrif muddatini cho‘zib tursa. Bahonada hamma ko‘chalarimiz asfaltlanib, mahallalarimiz ancha obodlashib qoladi, – deydi aholi vakillaridan biri.

Tag‘in o‘qing
14 mart 2024
Rassom Tuz
6 oktyabr 2021
O‘zbekiston Rossiyadan 1 million gektar yerni ijaraga olishga harakat qilmoqda, bu 2,5 million tonna g‘alla olish imkonini yaratadi, deya ...
31 avgust 2018
Toshkentning Shayontovur tuman Ma'muriy sudi, 30 avgust kuni taniqli huquq himoyachisi, 67 yashar, A'zam Turg‘unovni «hokimiyatga bo‘ysunmaganlik»da ayblab bir ...
11 sentyabr 2018
Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimi, 42 yashar Baxtiyor Abdusamatov o‘z ish kabinetida 7 sentyabr kuni 400 ming AQSh dollari ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...