Asosiy mavzular
31 may 2021

Firibgar o‘qituvchining yangi xurmacha qiliqlari aniqlandi

Xorazmning Xiva tumanida bir kambag‘al beva ayolning o‘g‘li nomiga olingan 30 million so‘m kreditni o‘zlashtirishda bosh rollardan birini o‘ynagan o‘qituvchining yangi qiliqlari oshkor bo‘lmoqda. 

“Eltuz”da mazkur kredit ishi bo‘yicha e'lon qilingan maqolada nomi keltirilgan huquq va tarbiya fanlari o‘qituvchisi Bekzod Bobojonov o‘zi ishlaydigan 18-maktabning 11-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizga g‘ayriaxloqiy xatti-harakatlar qilgani ma'lum bo‘ldi. 

Qizning bu borada maktab ma'muriyatiga 2021 yil fevral oyida yozgan shikoyat arizasi, arizaning maktab rahbariyati tomonidan muhokama etilganiga oid ma'lumotlar “Eltuz”da mavjud. 

Ularga ko‘ra, Bekzod Bobojonov o‘quvchi qizning telefonini olib qo‘yib, undagi shaxsiy SMS xabarlar bilan tanishgan. Keyin shu orqali qizni shantaj qilib, to‘shakka yotishni talab qilgan. Qiz rad javobini berganidan so‘ng bu SMSlarni tarqatib yuborish tahdidlari yangragan. 

E'tiborlisi, muhokama jarayonida o‘qituvchi 2018 yilda ham shu o‘quvchi qizga tegajoqlik qilgani, bu ma'lum bo‘lib qolgach, maktab rahbariyati tomonidan ogohlantirilgani o‘rtaga chiqqan.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘qituvchining xatti-harakatlarini muhokama qilgan maktab rahbariyati unga huquqiy baho berish uchun muhokama qarorini Xiva tumani xalq  ta'limi mudiri Xolmurod Qodirovga taqdim etgan. 

Qizig‘i, endilikda mudir Xolmurod Qodirov axloqsiz va firibgar o‘qituvchi Bekzod Bobojonovning himoyachisi ekani iddao qilinmoqda.

Buning ustiga, tumandagi maktablardan birining sobiq o‘qituvchisi tomonidan xalq ta'limi mudiri Xolmurod Qodirovning “korruptsion harakatlari”ga baho berishni so‘rab bosh vazir Abdulla Aripovga yozilgan maktubi mavjud.

Maktubda sobiq o‘qituvchi mudirni tanish-bilishchilik, mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish kabi jinoyatlarda ayblangan. 

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, beva ayolning o‘g‘li nomiga rasmiylashtirilib, so‘ng o‘zlashtirilgan kredit ishi bo‘yicha tergov boshlangan.   

“Bekzod Bobojonov firibgarlik qilib o‘zlashtirgan pul mablag‘i bo‘yicha ish tergovda emish, (bu ishga aloqador bo‘lgan) mahalla raisi qutulib qolgan deyishyapti”, dedi bu haqda “Eltuz”ga ma'lumot taqdim etgan manba. 

Eslatib o‘tamiz, “Eltuz” nashriga Xiva tumanining “Pirnaxos” mahallasidan maktub jo‘natgan Nigora Yusupova o‘g‘lining nomiga olinib, so‘ng o‘zlashtirilgan kredit bo‘yicha arzini hech kim tinglamayotgani, bu boradagi tergov ishlari atayin cho‘zib kelinayotganini aytgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoevdan yordam so‘rar ekan, ayol: “Bu firibgarlarga qonun bormi? Iltimos qilaman sizlardan, ulardan meni himoya qilib, haqiqatni ro‘yobga chiqarib beringlar”, deb zorlangandi. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 mart 2022
Xonanda va muxolifat faoli Jahongir Otajonovning Ozodlik radiosiga 18 mart kuni bergan intervyusi O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmatida katta xavotir ...
28 aprel 2017
Toshkent propiskasiga kirish uchun rasmiy ro‘yhatdagi hujjatlarni yig‘ishga vaqtincha poytaxtda bo‘lish muddati ham yetmasligi haqidagi maqolani chop etgan Kun.uz ...
6 noyabr 2017
O‘zbekiston Bosh prokuraturasidagi ishonchli manbaning bildirishicha, yaqinda Toshkent viloyati prokuraturasi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Yangiyo‘l tumanida yashovchi ...
6 iyul 2016
30 iyunda Surxandaryo viloyati Termiz tumanida mahalliy dehqon-fermerlar bilan uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Xorazm lazgisi yangraganda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...